Mana kuz ham oxirlab, viloyatlarning paxta rejalari bajarilishiga ozgina qoldi. Yaqin o‘tmishimizga qaytib tasvirlaydigan bo‘lsak, do‘ppi kiygan qorindor va shopmo‘ylov rais bobolar karnay-surnaylar sadosi ostida qo‘r to‘kib tantanavor mukofotlarni oladigan kunlar yaqin. Qisqasi, paxta plani tezroq to‘lsin, bu barchaning dilidagi gap.
Gapni paxtadan boshladik. Garchi yuksak minbarlardan “bizda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi. Falon kasb egalarining paxta terishi jinoyat. Undoq-bundoq”, deb jarangdor va’dalar berilishiga qaramasdan, ixtiyoriy-majburiy tarzda yuzlab korxona-tashkilotlar xizmatchilari paxtaga jo‘natildi. Shularning qatorida “O‘zbekneftgaz” xoldingiga bo‘ysunuvchi geofizika tashkilotining ishchi-xizmatchi xodimlari, mutaxassislari katta paxta xirmoniga hissa qo‘shdi.
Noyabr tugashiga sanoqli kunlar qolganiga qaramasdan “O‘zbekgeofizika” ishchi-xodimlari har kuni Uchko‘prik, Furqat tumanlarining dalalarida ko‘sak qidirib sarson. Aslini olganda, paxta terimi geofizika rahbariyati uchun ham g‘irt dahmaza. Hokimiyat majlisda “faloncha odam berasan”, deb talab qo‘yadi. “Faloncha odam” berganda esa bu neft-gaz qidiruv ishlarining sifatiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Axir, mutaxassis va ishchi kuchi bo‘lmasa, ish qayerdan yursin?
Aslida dalada teradigan biror narsa qolgani yo‘q, hisob. Buni muallif olgan rasmlardan ham ko‘rishingiz mumkin. Davlat tashkilotidan kelgan terimchini ko‘rgan fermerning ham peshonasi tirishadi, chunki tergani bir xalta (etak yo qop ham emas) ko‘sak, ammo qozon osib tushlik tayyorlash shart. O‘ziga qolsa, terimchilarni chaqirmaydi, ammo yuqoridan talab shunday.
Moddiy boylik yaratmaydigan kasb egalarini zarracha kamsitmagan holda geofiziklarning mehnati mahsulini baholashga harakat qilib ko‘raylik. Buning uchun geofiziklar tomonidan ochilgan uglevodorod konlarining hajmini bilish yetarlidir. Yaqinda Andijon viloyatida ochilgan gaz koni bir sutkada 600 ming kub metr gaz berish salohiyatiga ega deb baholandi. Gazning 1000 kub metrini davlatimiz 150 dollardan chetga sotganda ham bir sutkalik mahsulotdan 90 ming dollar daromad olish mumkin.
Majburan paxta dalasiga chiqarilib bir kunda 20-30 kg paxta tergan kadr davlatimizga qancha foyda keltirishi mumkin? Tashkilotda ishlaydiganlarning barini qo‘shganda ham kuniga 90 ming dollar keltirmasligi aniq.
(Qaytarib aytamanki, gap faqat moddiy boylik keltiruvchi kasb egalari haqida emas. Nafaqat, neftchi, balki yo‘lsoz, shifokor, bank xodimi, o‘qituvchi singari barcha kasb xodimlarining kuzda paxta dalasiga haydalishiga chek qo‘yilishi zarur, deb bilaman).
O‘zbekistonda kundan kun o‘zgarishlar borayotgan pallada davlat tashkilotlari xodimlari paxta terimiga chiqarilishiga chek qo‘yilishidan va har bir mutaxassis o‘z sohasida xizmat qilishidan umid qilib qolaman.
Sh. Islomov
Farg‘ona