Tailandning Bangkok shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan “Qirol kubogi-2017” xalqaro turnirining final janglari o‘z yakuniga yetdi. Bu haqda Qalampir.uz nashri xabar beradi.
Mazkur final janglarini O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar kengashi qaroriga ko‘ra, tajribali bokschilarimizdan Hasanboy Do‘stmatov va Shahram G‘iyosov o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, Isroil Madrimov va Elnur Abduraimov finalda o‘z omadlarini sinab ko‘rishdi.
64 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Elnur Abduraimov mezbonlar vakili Vuttichai Masuk bilan kuch sinashib, imkoniyatni boy berib qo‘ydi va musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.
75 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan va “Uzbek Tigers” tarkibidagi janglarda muxlislar olqishiga sazovor bo‘lib kelayotgan Isroil Madrimov kubalik Osley Iglesias Estrada ustidan g‘alaba qozonib, terma jamoamizning yagona oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘z ishtiroklarini yarim finalda to‘xtatgan Jasurbek Latipov, Shahobiddin Zoirov, Murodjon Ahmadaliyev bronza medal bilan kifoyalanishgan edi.