Bilasizmi?

Suqrotning ma’lum va mashhur dono fikrlaridan bir chimdim

Suqrot (mil.avv. 470 – 399) mumtoz Yunon faylasufi, mantiq va falsafa fani asoschilaridan biri. Suqrot Platon va Ksenofont kabi yirik olim va mualliflarning ustozi. U Afinada tavallud topgan.

Suqrotning hayoti va g‘oyatda go‘zal fikrlari ilm-fanga uning o‘quvchisi Platonning xotiralari orqali ma’lum bo‘lgan.

Platonning ma’lum qilishicha, kalta, pakana bo‘yli, yirik va yapaloq burun, bo‘rtib chiqqan ko‘zli Suqrot notiqligi, dono va munozaralardagi mulohazakorligi bilan barchani o‘ziga maftun qila olgan.

Suqrot miloddan avvalgi 399 yilda Yunonistondagi siyosiy vaziyat tufayli o‘limga hukm qilinadi va u zahar ichib, hayotdan ko‘z yumadi.

Mashhur fikrlari: 

Ko‘p hollarda kuchli ehtiyoj cheksiz nafratning sababchisi bo‘ladi.

***

Bizga tuhfa qilingan ikki ko‘z, ikki quloq va bir tildan ko‘rinib turibdiki, ko‘proq ko‘rish, ko‘proq tinglash va kamroq gapirish joizdir.

***

Bilim – bu hayotdagi yagona ezgulik, va nodonlik esa – birdan bir iblisdir.

***

Oqko‘ngil odam keksaymaydi, u doimo bola kabi beg‘ubor bo‘ladi.

***

Nima bo‘lganda ham uylan. Agar yaxshi xotin tushsa, baxtiyor bo‘lasan. Yomon xotin tushsa, faylasuf bo‘lasan. Bu esa har bir erkak uchun zarur fazilat.

***

Bir narsani, ya’ni hech narsani bilmasligimni bilganim uchun meni eng dono odam, deb hisoblashsa kerak.

***

Mol-davlatini munosib sarflashni bilmasa, badavlatning boyligi maqtovga loyiq emas.

***

Yolg‘on so‘zlar iblis bo‘lmasalar ham, ular qalbni iblislarcha jarohatlaydilar.

***

Kamiga qanoat qilgan odam – eng davlatmand odam. Qanoat – bu insonlarga Xudoga yaqinlashishlari uchun berilgan eng qimmat hadya.

***

Go‘zallik – bir fursat umr ko‘ruvchi zolimlik.

***

Hayotning nihoyasi – Xudo kabi mangu bo‘lishdir: Xudoga erishgan qalb esa Unga  o‘xshab boradi.

***

Hurmat bor joyda qo‘rquv ham bo‘ladi. Ammo, qo‘rquv hurmat bo‘lmagan joyda ham bo‘ladi.

***

Bolalikda kamtar, o‘spirinlikda mo‘’tadil, keksayganingda mulohazakor bo‘l.

***

Muhabbat ibtidosi qanchalar otashin bo‘lsa, u shu qadar muzlab nihoya topadi.

***

Hammaning ham ruhi abadiy. Ammo, to‘g‘ri yashagan odamning ruhi abadiy va ilohiydir.

***

Qanday bo‘lishni istasang, shunday bo‘l. Bu – muvaffaqiyatga erishishning yagona sharti.

***

Hayrat – donolikning ibtidosi.

***

Boshqalar qoldirgan bilimlarni mutolaa qilish – ular mashaqqat bilan erishgan natijaga osonlik bilan ega bo‘lishni anglatadi.

Ingliz tilidan Shuhrat Sattorov tarjimasi.