Sarguzasht kinolarda superjosuslar obrazi barchamizni ekran qarshisiga mixlaydi. Qahramonning hamisha g‘olib chiqishi, har sohani mukammal bilishi, chapdast va baquvvatligiga havas qilamiz.
Hayotda ham hamisha g‘olib chiqish uchun nega ulardan o‘rganmaymiz? Biz quyida superjosuslar mahoratining qaysi qirralarini o‘rganishingiz lozimligiga to‘xtalamiz.
Superjosus chet tillarini suvday biladi
Dushmanning ichiga kirib zimdan faoliyat yuritish, uni tanib qolmasliklari uchun superqahramon chet tilini puxta bilishi shart. Chet tilini yaxshi bilish hali hech kimga ziyon keltirmagan. Nega kinoqahramondan o‘rnak olmaslik kerak? Eng muhimi ishtiyoq va boshlashdir.
Tamoman begona tilni o‘rganmoqchisiz, ammo nimadan boshlashni bilmayapsizmi? Yaxshisi, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan qo‘llanmani olib o‘qing. Unda hammasi sodda rasmlar va oddiy so‘zlar vositasida tushuntirilgan. Shunday qilib o‘rganayotgan tilingizdagi eng asosiy so‘zlar va jo‘n qoidalarni bilib olasiz.
Smartfoningizga til o‘rgatuvchi ilovalarni yuklab oling. Rasmlar va interaktiv dasturlar orqali chet tilini tezroq o‘rganasiz.
Mashg‘ulotlar boshidanoq talaffuzga astoydil e’tibor bering. Kerak bo‘lsa, multimedia vositalaridan yoki repetitor xizmatidan foydalaning. Grammatika va leksikani mustaqil o‘rgansa bo‘ladi, ammo talaffuzni mustaqil o‘rganish qiyin.
Faqat darsliklar bilan cheklanib qolmang. Xorijliklar chapani muomalasini chet tili darslarida o‘rgatishmaydi. Agar safarga borish rejangiz bo‘lmasa, ajnabiy forumlarga kirib turing, ijtimoiy tarmoqlarning xorijliklar to‘planadigan sahifalarida ular bilan muloqot qilishga urining. Chet tilida o‘zingizni qiziqtirgan ma’lumotni o‘qishga harakat qiling. Tagmatnli (subtitr) filmlar va kompyuter o‘yinlari ham bu borada ko‘makchingiz bo‘la oladi.
Har kuni kamida 10 daqiqa vaqtni til o‘rganishga ajratmog‘ingiz lozim. Endi superjosusni o‘rningizga qo‘yib ko‘ring-chi, temir irodali qahramon mashg‘ulotdan erinishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Mashg‘ulotni boshlang.
Superjosus qoyillatib mushtlashadi
Superjosus qatnashgan filmlar mushtlashish sahnalarisiz o‘tmaydi. Uning xatti-harakatlarini ko‘ring: chaqqon, baquvvat, chayir va qo‘rqmas. Karate, qo‘l jangi, boks, dzyudo va taekvondo usullarini bilan urusha oladi. Ammo bu jang uslublarining qaysi biri sizga to‘g‘ri keladi?
Ishtiyoqingizga qarang. Balki, superqahramon kabi yengil harakatlanishni istarsiz? Ehtimol, musobaqada zafar quchib sovrinni ko‘tarib turishni xohlaysiz. Balki, umuman jangovar sport sizni qiziqtirmas, uning o‘rniga mushaklaringizni shishirish bilan shug‘ullanmoqchidirsiz? Yoki qorong‘u ko‘chada dadil odimlab, uchragan yo‘lto‘sarga munosib javob bera oladigan supermenga aylanmoqchimisiz?
Qaddi-qomatingizni hisobga oling. Nozik, yengil gavdangiz bilan boks va kurashga bormang. Sizga ushu, gimnastika va karate mosroqdir. Yirik gavdali kishilar esa taekvondo kabi zarbli kurashish usuli bilan shug‘ullanganlari ma’qul.
Hamyon bilan hisoblashing. Ayrim sport to‘garaklari narxi baland. Faqat murabbiyga emas, maxsus kiyim va sport anjomlari uchun ham mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keladi. Siz shaharlararo musobaqa g‘olibi bo‘lmoqchimisiz? Unda safar, mehmonxona xarajatlarini alohida ajratib qo‘ying.
Sport mashg‘ulotlariga qatnashishni boshlashdan oldin har birini tomosha qiling. Qaysi biriga ko‘nglingiz chopsa, mashqni boshlasangiz bo‘ladi.
Agar biror sport turida omadingiz kelmasa, yo‘nalishni o‘zgartirib ko‘ring. Boshqa sport turida tez muvaffaqiyat qozonsangiz, ajab emas. Darvoqe, yana bir gap. Superqahramon ishtirokidagi jangari filmlar quvish sahnalarisiz kechmaydi. Shunday ekan yugurish bilan jiddiy shug‘ullanishingiz shart. Yugurish tanani chiniqtirish bilan birga, jangovar sport turlarida ham qo‘l keladi. Chopishni boshlang.
Superjosus kompyuter dahosi
Eng xufyona tashkilotga qarashli eng maxfiy kompyuterning eng murakkab dasturi parolini superqahramondan boshqa yana kim sanoqli daqiqada buzib kira olardi?
Albatta, hayotda bunday bo‘lishi qiyin. Ammo sizning kompyuter savodxonligingiz boshqalarnikidan bir pog‘ona yuqori bo‘lishi kerak. Shunday qilib, birinchi punktda o‘rganayotgan tillaringiz ro‘yxatiga ikkitagina dasturlash tilini ham qo‘shing. Yo‘l-yo‘lakay kompyuterning ikir-chikirlarini ham o‘rganib boring.
Kompyuterdagi muammolarni o‘zingiz yechishni o‘rganing. Avvalo, tizimni yuklashdan boshlang, tarmoqni sozlang, turli qurilmalar ulashni o‘rganing. O‘zingizga ishonchingiz ortgach, apparatni kavlashtirishingiz mumkin. Ustachilikka ishtiyoqingizni oshirish uchun oldingizda buzuq kompyuteringiz emas, qandaydir maxfiy tizim turganini tasavvur qiling. Bu maxfiy tizimni yorib kirish – vazifangizdir.
Dastur muammosini yechishga kirishganda hamisha bekap tayyorlang va muhim ma’lumotlardan nusxa olib qo‘ying.
Agar kompyuter degan matahni mutlaqo tushunmasangiz, til o‘rganishga qo‘llagan uslubni ishga soling. Ya’ni bolalar kitobchalari mutolaasidan boshlang. Dasturlashni o‘rganish uchun o‘yinlar bor. Apparatning ichidagi ashqol-dashqollarga qiziqsangiz ishni Arduinodan boshlang. O‘zbek tilida kompyuter ilmi bo‘yicha ma’lumot kamligi uchun sarosimaga tushmang. Bunga ijodiy yondashish uchun ma’lumotni chet tilida qidiring – yo‘l-yo‘lakay tilni ham o‘rganib borasiz.
Texnologiyalarni o‘rganishning o‘ziga xosligi shundaki, hech qaysi qo‘llanma va darslik o‘z qo‘lingiz bilan sinab ko‘rgan tajribachalik dars bermaydi. Kompyuter ustalarining forumida tajriba o‘tab, mahoratingizni oshirsangiz bo‘ladi.
Superjosus hamma bilan til topisha oladi
Superqahramon olomon ichida ko‘z ochib yumguncha g‘oyib bo‘lishi mumkin, shu bilan birga kishilarning e’tiborini o‘ziga qaratishni ham puxta biladi. Axir, busiz ma’lumot yig‘ib bo‘lmaydi, istarali, dilkash va ko‘rkam kishi odamlar bilan tez til topishadi.
Suhbatdoshni e’tirof etishni o‘rganing. To‘g‘ridan to‘g‘ri xushomadgo‘ylikka o‘tish kerak emas. Yaxshisi, suhbatni “falon ashyoning zo‘ridan tanlabsiz, zar qadriga zargar yetadi deb shuni aytsalar kerak”, deb boshlasangiz, suhbatdoshingiz bu mavzuda o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Faqat o‘zingizni qiziqtirgan mavzuda emas, uni qiziqtirgan mavzuda ham so‘rab turing. “Ishlar qalay?” – degan savolning uzun javobiga ham tayyor turing. Unga dilidagini ochib-sochishga imkon berganingiz sari ishonchini qozona borasiz.
Go‘yoki, u sizdan aqlliroq ekanligini namoyish etuvchi vaziyatlarni yarating (kim aqlli superqahramonligi ma’lum, ammo bu sir). Ataylab xatolar sodir qiling va u sizni to‘g‘rilab qo‘ysin. Uning haqligini e’tirof etishdan charchamang va u to‘ringizga tushadi-qoladi.
Hattoki, tana holatingiz kishilarni jalb etishda ahamiyatlidir. Yuz qiyofangiz va tana harakatlari muhim, albatta. Ammo birinchi o‘rinda tik qad-qomat va osoyishta chehra o‘ziga ishonganlik alomatidir
Superjosus hamisha sog‘lom
Superjosus o‘tda yonmaydi suvda cho‘kmaydi. Qahratonda suvdan suzib o‘tadi, jazirama cho‘ldan sog‘-salomat chiqadi. Tuyani uchirgudek shamol unga ta’sir qilmaydi. Qor ostida uxlaydi, samolyot g‘ildiragiga ilashib boshqa shaharga uchadi. Jeyms Bond tumovga chalinib, jinoyatchilar bilan hisob-kitobni bir kunga kechiktirishini tasavvur qila olasizmi? Shvarsnegger qo‘li og‘rib urushmay qo‘yishini-chi? Siz jangarilar to‘dasi bilan yakkakurash olib borishingiz shart emas, jaziramada Sahroi Kabirdan o‘tmaysiz, ammo kutilmagan noxushliklarga, boringki, shamollab qolishga tayyor turishingiz kerak.
Tanangizni chiniqtiring. Sportdan tashqari sovuq havoga ko‘nikmani shakllantirish kerak. Har kuni sovuq suvda cho‘milib, suv haroratini tobora kamaytirib borish tanangizni sovuqqa qarshi toblaydi. Bora-bora muzni teshib cho‘miluvchilar safiga qo‘shilishingiz mumkin.
Nega armiyada askar xohlasa ham shamollamaydi? Chunki u doim faol harakatda. Mashqlardan ortib kasal bo‘lishga vaqt topolmaydi.
Shekspir fikrini bir oz o‘zgartirsak, hayot ham kinoday gap. Unda superqahramonga aylanishingizda muvaffaqiyat tilaymiz
lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi