Bilasizmi?

Sulton Sulaymonning harami

1494 yilda Usmoniylar saltanatining o‘ninchi podshohi sulton Sulaymon I Qonuniy tavallud topgan. Turklarning mashhur “Muhtasham yuz yil” seriali sulton Sulaymon hayoti asosida suratga olingani sizga ma’lum. Serial katta qiziqish bilan kutib olindi. Aksar tomoshabinlar film lavhalarini hayajon bilan tomosha qilgan bo‘lsa, faktlardan chekingan joylariga tarixchilar e’tiroz  bildirdi. Sulaymon Qonuniy asli qanday shaxs bo‘lgandi?

[caption id="attachment_6406" align="aligncenter" width="700"]Франциск I ва султон Сулаймон Fransisk I va sulton Sulaymon[/caption]

Serialni ayollar, xususan, uyda o‘tiradigan ayollar ishtiyoq bilan tomosha qilishi ko‘pchiligimizga ayon. “Muhtasham yuz yil” seriali ham bundan mustasno emas, u, asosan, xotin-qizlar tomosha qilishiga mo‘ljallab ishlangan. Shuning uchun syujet chizig‘ida sulton va haram ahli orasidagi munosabatlar joylashadi. Usmoniylar sulolasidan Murod V avlodi Usmon Salohiddin film voqealariga e’tiroz bildiradi. “U 46 yil hukmronlik qilgan. Harbiy yurishlar chog‘i jami 50 ming kmga yaqin yo‘l bosgan. Bu yo‘lni “Mersedes”da emas, ot ustida bosib o‘tgan. Bunga uzoq vaqt ketadi. Shu tufayli sulton hamisha haramida bo‘lishining imkoni yo‘q”

Avvalboshdanoq, bu serial tarixiy-hujjatli film emasligi ma’lum edi. Shu sababli badiiylashtirilgan joylari ko‘p uchraydi. Serial maslahatchisi bo‘lmish tarix fanlari doktori Erxon Afyonchu “Biz talay manbalarni titkilab chiqdik. Usmoniylar saltanatiga tashrif buyurgan Venetsiya, nemis, fransuz elchilarining xotiralarini o‘girdik. “Muhtasham yuz yil”dagi voqealar va shaxslar tarixiy manbalardan olingan. Ammo sultonning shaxsiy hayoti to‘g‘risida ma’lumot yetishmaganligi tufayli o‘zimizdan qo‘shishimizga to‘g‘ri keldi”, deb izohladi.

Sulton Sulaymonni bejizga Qonuniy atashmagan. Rossiya tarixida Pyotr Birinchining ahamiyati qanchalik bo‘lsa, Turkiya tarixida Sulaymon Qonuniy shunday rol o‘ynaydi. Sulaymon ko‘plab zamonaviy islohotlar o‘tkazgan. Uning boshqaruvida saltanat sarhadlari kengaygan.

[caption id="attachment_6407" align="aligncenter" width="700"]Султон Трансилвания ҳукмдорини қабул қилмоқда. Қадимги миниатюра Sulton Transilvaniya hukmdorini qabul qilmoqda. Qadimgi miniatyura[/caption]

Serialda o‘rta asr odatlari yumshatib aks ettirilgan, jamiyat dunyoviyroq va muloyimroq tasvirlangan. Tarixiy manbalarga ko‘ra Sulaymon qattiqqo‘l va shafqatsiz hukmdor bo‘lgan. Uning g‘azabidan na qarindoshlari va na a’yonlari qochib qutulgan. Shu bilan birga poraxo‘r va mansabini suiiste’mol qilgan amaldorlarni sulton ayovsiz jazolagan.

Kinoqahramonlar tarixiy qiyofalaridan ko‘ra jozibaliroq namoyon bo‘lgan. Sulton Sulaymonning meros qolgan suratlarini tomosha qilsak, uzunchoq yuzli yevropacha qiyofani ko‘ramiz. Uni Xolid Erganch gavdalantirganidek ko‘rkam yuzli deb bo‘lmaydi. Yevropada Roksolana nomi bilan mashhur bo‘lgan malika Xurram Sulton haqida ham shu fikrni keltirish mumkin. Filmdagi shohona liboslar Usmoniylar emas, ko‘proq Yevropacha uslubda tikilgan. Bunday yoqasi chuqur o‘yilgan ko‘ylaklar Sulaymon Qonuniy davriga yot.

Xurram va sultonning yana bir rafiqasi Mohidavron orasidagi fitnalar filmda batafsil tasvirlagan. Agar Mohidavronning o‘g‘li Mustafo taxtga o‘tirganda Xurramning farzandlarini yo‘q qilgan bo‘lar edi. Xurram bu vaziyatda tezkorlik qiladi va Mustafoni o‘ldirish rejasini amalga oshiradi.

Tarixchilardan yana biri sulton harami tarixiylikdan yiroqligiga e’tibor qaratadi: “Serialda Sulaymonning kanizaklari va rafiqalari emin-erkin yurishi hayratga soladi. Haram bog‘ida faqat bichilgan qullar xizmat qilishi mumkin bo‘lgan. Buning ustiga, serialda sulton harami faqatgina hukmdorning rafiqalari, farzandlari, kanizaklari va xizmatkorlar yashagan dargoh emas, aslzoda qizlar tarbiya maskani ekanligiga urg‘u berilmagan. Unda tarbiyachilar haram ahliga musiqa, raqs va she’riyatdan saboq bergan. Shuning uchun ham ko‘plab qizlar sulton haramiga tushishni orzu qilganiga ajablanmasa bo‘ladi.”

kulturologia.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi