Salomatlik

Stressni yengib, yurakka yordam berishning ommabop 4 usuli

Ish hajmining haddan tashqari ko‘pligi va miyaning holdan toyishi, kundalik tashvish va kutilmagan qayg‘u, voqea ta’sirida muntazam stress holatida bo‘lish kayfiyat, uyqu, ishtahaga, shuningdek yurak faoliyatiga jiddiy zarar yetkazadi.

Bu tanadagi kimyoviy yoki ruhiy o‘zgarishlar bilan sodir bo‘lishi mumkin. Stress jarayonida har bir organizmda tushkunlik ta’sirini yengishga qaratilgan biokimyoviy va fiziologik o‘zgarishlar kuzatiladi. Stressni yengish odamning jismoniy quvvati va ruhiy holatiga bog‘liq. Tushkunlik doimo yurakni mo‘ljalga oladi.

Buyuk Britaniyaning Brigham va Ayollar shifoxonasi professorlarining izlanishlari shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda kuzatilayotgan yurak xuruji bilan bog‘liq o‘limlarda ham ichki tushkunlikning omili yuqorilashib bormoqda.

Quyida sizga tushkunlikdan o‘zingizni himoya qilishga yordam beradigan tavsiyalarni beramiz.

ижобийлик

Ijobiy kayfiyatini yo‘qotmang.

Stressning organizmga ijobiy yoki salbiy ta’sir etishi odamning voqeaga nisbatan munosabatiga bog‘liq. Nima bo‘lganda ham, kuling, tabassum qiling. Ma’lum bo‘lishicha, kuladigan insonlar tanasida tushkunlik garmonlari kam bo‘ladi.

Kulgu qon tomirlardagi yallig‘lanishning oldini olib, yaxshi xolesterin ishlab chiqarilishini ta’minlaydi.

Nerv sistemasi yuqori rivojlangan odamda his-tuyg‘u ko‘pincha stressor vazifasini o‘taydi. Turli ko‘rinishdagi stresslar, psixologik vaziyatlar insonda hayot sinovlariga, turli qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun ruhlantiruvchi kuch paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.

stress

Meditatsiya bilan shug‘ullanish.

Meditatsiya, bu – ruhiy osudalik, tan va ongni tashqi ta’sirlardan himoya qilish san’ati demakdir. Idrokning ichga yo‘naltirilishi, bir fursat tin olib, chuqur-chuqur nafas olish yuqori qon bosimi va boshqa yurak xastaliklariga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf qiladi.

Tushkunlik insonni yanada qat’iy va kuchli shaxsga aylanishiga imkon beradi. Shuning uchun ham ma’lum bir darajadagi stresslarsiz faol hayot kechirib bo‘lmaydi.

Shuningdek, yoga, ibodat qilish ham tanaga quvvat berib, insonni tushkunlikdan himoya qilar ekan.

sport

Jismoniy faollikni oshiring.

Inson faol bo‘lganida, deylik yayov yursa yoki sevimli sport mashg‘uloti bilan shug‘ullansa, uning tanasida kayfiyatni ko‘tarishga xizmat qiladigan endorfin moddasi ishlab chiqariladi. Jismoniy faollik nafaqat tushkunlikni yengadi, balki u qon bosimini me’yorida bo‘lishini, yurak mushaklarini baquvvat bo‘lishini, tana vaznining muvofiqligini ta’minlaydi.

Ong-shuurni tashqi ta’sirlardan uzib qo‘ying.

Bugun sayyoramiz gardishini soniyalar ichida aylanib chiqayotgan turli bo‘lar-bo‘lmas xabarlar, mobil qurilmagan kelib tushayotgan vahimasi xatlar ham tushkunlikning bosh sababchilari. Ular bilinar-bilinmas o‘quvchisini stress botqog‘iga tortadi.

Hadeb mudhish yangiliklar girdobida bo‘lishdan tiyiling, vaqti-vaqti bilan shuuringizni ulardan to‘sib qo‘ying.

Harvard universiteti ruhshunoslarning fikricha, issiq dush qabul qilish, musiqa tinglash, vaqtni sevimli mashg‘ulotga sarflash insonni tushkunlikdan himoya qilar ekan.

Eslatma: Stress terminini kanadalik patolog Gans Sele ta’riflab, 1936 yilda ilk bor fanda ham bu so‘zdan foydalangan. Olim stressga olib keluvchi turli sabab hamda omillarni stressorlar deb, ularning ta’siri natijasida organizmda ro‘y beradigan o‘zgarishlarni moslashish sindromi deb atadi.

Hozircha surunkali tushkunlikning yurakka ta’siri chuqur o‘rganilmagan. Ko‘pchilik tibbiyot olimlarining fikricha, kuchli stress yurakda yallig‘lanishni keltirib chiqaradi. Hozircha bu ilmiy qarash tibbiyotda isbotini topmagan.  Olimlar buni tushkunlikdagi odamning nosog‘lom ovqatlanishi, ichkilik va tamaki mahsulotlariga ruju qo‘yishi bilan ham izohlashmoqda.

Turli tadqiqotlarda ma’lum bo‘lishicha tajovuzkor, asabiy, bezovta, sabrsiz, jizzaki hamda tajang odamlar boshqalarga nisbatan ko‘proq yurak xuruji hodisalariga yo‘liqishadi. Olimlar stress darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, qonda uchraydigan qizil tanachalarning ijobiy ta’siri shunchalik zaiflashib ketishini e’tirof etishdi.

Doimo sog‘-salomat bo‘ling!