"Men biznes dunyosida muvaffaqiyatning cho‘qqisini zabt etdim...
Boshqalar nazdida mening hayotim go‘yoki munosib umrning yorqin namunasidek. Baxtga qarshi, ishdan tashqari men o‘tkazgan baxtli daqiqalar u qadar ham ko‘p emas. Oxir-oqibat esa, boylik men odatlangan turmush tarzining shunchaki dalili yoki natijasi bo‘lib chiqdi.
Hozir, shu holda – kasalmand bo‘lib shifoxona karavotida cho‘zilgancha o‘tgan umrimni o‘ylab, o‘zim bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlayapman. Va shuni tushundimki, men to‘plagan mol-dunyo, boylik hamda shon-shuhrat qarshimda savlat to‘kib turgan o‘limim oldida o‘z qadr-qimmatini yo‘qotdi.
Zulmatga qarab turib insonni yashashga undaydigan yashil nurlarga termulaman, ko‘cha-ko‘ydan taralayotgan texnikaga to‘la shaharning g‘o‘ng‘illagan ovozini tinglayman. Shu lahzalarda, umrim poyonida Yaratganning nafasi va menga tobora yaqinlashayotgan o‘lim isini his qilaman.
Men bugun shu haqiqatni angladimki, umrining oxiriga qadar yetgulik mol-davlatga ega inson o‘z hayotini boylikdan tashqarida bo‘lgan maqsadlar izidan borib, ularga sarflamog‘i lozim ekan.
Qolaversa, yana bir muhim jihat shundaki, yoshlik chog‘larida ehtimol o‘zaro aloqalar, san’atga oshufatlik, orzular ortidan chopish o‘z yo‘ligadir. Ammo hadeb boylik ortidan beto‘xtov quvish kun kelib insonning qaddini xuddi meniki kabi bukchaytirib qo‘yar ekan.
Yaratgan ko‘nglimizdagi hislar, tuyg‘ularni boylik bizga in’om etishi mumkin bo‘lgan puch xayollarni tasavvur qilish uchun emas, u bizning qalbimizga hislar urug‘ini muhabbatning jozibasini his qilishimiz uchun qadaydi.
Men umrim bo‘yi to‘plagan davlatimni o‘zim bilan olib keta olmayman.
Men o‘zim bilan olib ketishim mumkin bo‘lgan yagona narsa, bu – muhabbat menga hadya qilgan go‘zal xotiralardir.
Muhabbat – bu senga ergashishi, hamroh va do‘st bo‘lishi, senga chinakam kuch-qudrat berishi hamda yo‘llaringni yoritishi mumkin bo‘lgan haqiqiy boylik ekan.
Muhabbat minglab chaqirim yo‘l bosib kelishi mumkin. Uning chek-chegarasi yo‘q. U bilan birga samolarda kez, yerda kez. U sarhadsiz. Boisi uning bosh manzili yurak va uning taqdiri sening qo‘lingda.
Dunyodagi eng qimmat karavot kimniki? Boynikimi? Yo‘q. Bu – kasalmandning karavoti ...
Sen kimnidir haydovchilikka yollashing, o‘zing uchun kimnidir ishlatishing, uning orqasidan davlat topishing mumkin. Biroq kimningdir sening o‘rninga shifoxonaga yotishiga, sening o‘rninga kasallik bilan kurashishiga erisha olmaysan.
Moddiy boyliklarni topsa bo‘ladi, yaratsa yoki tiklasa bo‘ladi. Ammo, bu dunyoda yo‘qolsa topilmaydigan moddiylik ham bor. Bu – inson va uning hayoti.
Kasalmand inson jarrohlik stolida yotar mahalida u hali o‘qib tugatmagan bir kitob borligini anglab yetadi. Bu - "Sog‘lom hayot kitobi".
Hayotning qaysi pallasida bo‘lmaylik, biz hali hayotga tegishli bo‘lamiz va kunimiz haqidagi xulosa deraza pardasi tushgach chiqariladi.
Oilangizga muhabbat in’om qiling, turmush o‘rtog‘ingizni asrang, do‘stlaringizga sadoqatli bo‘ling.
O‘z sog‘ligingizga e’tiborli bo‘ling va o‘zingizga ham g‘amxo‘rlik qiling. Boshqalarni mehr-muhabbat bilan himoya qiling.”
O‘lim to‘g‘risida ...
“Garchi, bizga o‘limidan so‘ng inson ruhi samoga ko‘tariladi, deb o‘rgatilgan bo‘lsa ham, hatto osmonda bo‘lib qolishni istagan odam ham o‘lishni xohlamaydi.
Bir yilcha aval menga saraton kasalligi tashxisi qo‘yilgan edi.
O‘sha kuni ertalabki 7:30 da yaqqol ko‘rinib turgan oshqozon osti o‘simtasining suratini qabul qilib oldim. Men o‘sha fursatga qadar oshqozon o‘simtasi haqida eshitmagan ekanman. Shifokorlar bu deyarli davolab bo‘lmas kasallik ekanini, mening esa nari borsa 3 oydan 6 oygacha umrim qolganini aytishdi.
Shifokorim menga uyga borib, qolgan umrimni chala qolgan ishlarni tartibga keltirishga sarflashim kerakligini aytdi. Bu ularning tilida o‘limga tayyorlanishim kerakligini anglatar ekan.
Bu yana shuni bildirar ediki, men bu xabarni oila a’zolarimga, yaqinlarimga aytishim uchun kamida keyingi 10 yil davomida tayyorlanishim kerak bo‘lardi. Qolaversa, bu yangilikni ularga shunday yetkazishim lozim ediki, iloji boricha bu xabar oila a’zolarimga yomon ta’sir qilmasligi maqsadga muvofiq edi.
Men bu tashxis bilan bir kun yashadim. Kechga tomon menda muolaja ishlari boshlandi – oshqozonimdan bir nechta saraton to‘qimalarini olib tekshirishdi. Men bu paytda behush yotar edim.
O‘sha yerda bo‘lgan rafiqamning aytishicha, doktorlar oshqozonimdan olingan to‘qimalarni tekshirgach, bunaqasi ularning tajribasida juda kam uchrashi va bu kabi holatda jarrohlik operatsiyasi zarurligini ta’kidlashgan.
Menda jarrohlik amaliyotini o‘tkazishdi. Men bir oz o‘zimga keldim. Men hech qachon o‘lim bilan bunchalik yuzma-yuz bo‘lmagan edim. Umid qilamanki, keyingi 10 yillikda ham bunday bo‘lmaydi.
Bu voqealarni boshidan o‘tkazgan inson sifatida shuni aniq aytishim mumkinki, hech kim o‘lishni istamaydi. Hatto osmonda bo‘lishni istaganlar ham!
Lekin o‘lim haq – hech kim undan qochib qutula olmagan va shunday ham bo‘lishi ham kerak. Chunki o‘lim hayotning muntazam harakatlanishining bosh omili. Yangilari paydo bo‘lishi uchun ham, u eskilarini oladi. Siz hozir yoshsiz, lekin qachondir qisqa muddatda siz ham qariysiz.
Bunday so‘zlarim uchun kechirim so‘rayman, lekin bu – haqiqat.
Sizning ham Yerdagi vaqtingiz chegaralangan, shu bois uni birovning hayotida yashashga sarflamang. Birovlarning fikrlari bilan umr kechirmang. Ularning fikrlaridan taralayotgan shovqinga sizning ichingizdagi ovozni to‘sib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymang.
Eng muhimi, yuragingiz va ichki tuyg‘ularingizga ergashishdan qo‘rqmang. Ular siz aslida kim bo‘lishga urinayotganingizni, nimani istashingizni aniq bilishadi. Hayotda qolgan barchasi ikkinchi darajalidir!”