Bilasizmi?

Stiv Jobs: “Hayotni xafa bo‘lib tark etish yaramaydi.”

Stiv Jobs tarixga atoqli ijodkor tadbirkor sifatida o‘z nomini muhrlagan inson. Personal kompyuter, noutbuk va boshqa aqlli gadjetlarga oid salmoqli g‘oyalar muallifi. U zamonamizning eng qimmatli Apple korporatsiyasiga asos solgan.

Stiv Jobs – axborot texnologiyalari yangiliklarining qahramoni, tom ma’noda texnologiya sanoati qirollaridan biri edi. 56 yillik hayoti mobaynida Stiv “uddaburon korchalon”, kompyuter va qo‘l telefonlarining “mahoratli dizayner”, “tengsiz ixtirochi”, “kelajak kishisi”, “raqamli inqilob otasi” kabi yuksak sifatlar bilan e’tirof etildi.

Uzoq vaqt davom etgan oshqozon osti bezi saratoni kasalligiga qarshi kurash Stivdagi yaratuvchanlik g‘oyalariga to‘sqinlik qila olmadi. “Har tun uyquga ketish oldidan yashagan kunimni o‘ylab, qilgan biror foydali ishimdan kayfiyatim chog‘ bo‘lsa, menga shuning o‘zi kifoya,” der edi u.

Bola boshdan

...O‘yinqaroq boladagi yaratuvchanlik qobiliyatini sezgan o‘qituvchisi – Hill xonim uni to‘g‘ri yo‘naltirishning yangicha usulini topadi. Stiv yaxshi o‘qib, a’lo baho olganda Hill xonim uni shirinliklar bilan siylaydi. Bu rag‘bat tez orada o‘z samarasini bera boshlaydi. Stiv namunali o‘quvchilardan biriga aylanadi.

1972 yil maktab guvohnomasini qo‘liga olgan Stiv kollejda o‘qish uchun Kaliforniyadan Oregon shtatiga yo‘l oldi. Rid kolleji shtatdagi eng qimmat ta’lim dargohlaridan biri bo‘lgani bois, ota-onasining sharoitini to‘g‘ri tushungan Stiv yarim yildan so‘ng o‘z xohishi bilan o‘qishdan ketdi va shu yerda bo‘sh ichimlik idishlarini yig‘ib kun kechira boshladi.

Otasi Paul Jobs mexanik-quruvchi bo‘lgan. Oilaviy garajda mexanika va elektronika bo‘yicha otasi bergan ilk saboqlar Stivda bu sohaga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirdi. Keyinchalik bu garaj Stiv Jobs nomini dunyoga tanitgan ixtirolar «mezbon»iga aylandi.

Jobslarning sobiq qo‘shnisi muhandis Larri Leng bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlar Stivdagi texnika va axborot texnologiyalariga bo‘lgan iqtidorning yuzaga chiqishiga turtki bo‘ldi. «Hewlett-Packard» (NR nomi bilan dunyoga mashhur) ilmiy-tadqiqot klubiga qilgan tashrifi mobaynida Stiv birinchi marta 9100A kompyuterini ko‘rdi. Ayni shu damlarda u o‘zining sobiq sinfdoshi Bill Fernandes va iqtidorli Stiven Voznyak bilan yangi tadqiqotlar ustida bosh qotirishardi. Bu uchovlonning kompyuter texnologiyalari sohasidagi izlanishlari tez orada o‘zining samarasini ko‘rsata boshladi.

Muvaffaqiyat pillapoyalari

1974 yili u Kaliforniyadagi video o‘yin va kompyuter ishlab chiqarish bilan shu Qullanuvchi «Atari Inc.» kompaniyasiga texnik xodim sifatida qabul qilindi. Kompaniya asoschisi Stiv haqida fikr bildirar ekan “tushunish qiyin, ammo kerakli inson”, deya ta’riflagandi. Shu yilning o‘rtalarida Hindistonga uyushtirilgan sayohat uning dunyoqarashining boyishiga xizmat qildi. Kollejdagi uchrashuvlar, qadimiy go‘shalarga tashrif Stivning qalbida yangicha olam yaratdi. Bu uning nafaqat yangicha hayot tarzidan, balki yangi rejalaridan ham darak berib turardi.

«Atari Inc.» uning loyihalaridan juda katta daromad ko‘ra boshlaydi. Kompaniya shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘lamagach, Stiv u yerdan ketadi va eski tanishi Voznyak bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari olamida yangi “magnatlik”ka asos soladi. Telefon tarmog‘ini rivojlantirishga xizmat qiluvchi, hamkorlikda yaratilgan “blue box” (ko‘k quti) uskunasi ularning ilk muvaffaqiyati bo‘ldi.

1982 yili Apple tomonidan jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan navbatdagi Macintosh “Time” jurnalining “Yil kompyuteri” degan e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Axborot almashinuv vositalarining kundan-kunga qulay va ixcham turlarini yaratayotgani, ulkan kompyuterlarni kichkina, ammo kuchli mexanizmlarga aylantirayotgani uchun Stiv “ixchamlilik ustasi” deya nom qozondi.

1985 yili Prezident Ronald Reygan Stiv Jobsni Inovatsion texnologiyalar sohasidagi ishlari uchun Milliy Orden bilan taqdirladi. Bu rag‘bat kashfiyotchining keyingi faoliyati uchun chinakam poydevor bo‘ldi. Kun kelib u odamlar uchun shunday texnologik qulayliklarni kashf qildiki, ularsiz insonlar o‘zlarini bugungidek xotirjam his qilmagan bo‘lar edilar. Mana shunday kashfiyotlardan biri, bunda 100 millionlab kishilarning yaqin hamrohiga aylanib ulgurgan – «iPad» planshet kompyuteri hisoblanadi.

Stiv Jobsning “Men o‘zim bemalol ko‘tarib yura olmaydigan, 20 daqiqa ichida foydalanuvchisiga o‘zi to‘g‘risida barcha narsani o‘rgatolmaydigan kompyuterga ishonmayman,”  degan so‘zi ko‘pchilikni hayratlantirgani tabiiy. Biroq «Apple» tomonidan 2010 yilning 3 aprelida qo‘l telefoniga xos operatsion tizimda ishlaydigan «iPad» – navbatdagi planshet kompyuterining e’lon qilinishi, hattoki, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislarining ham aqlini shoshirib qo‘ydi. Unda tasvir yozish, suratga olish, musiqa tinglash, internetdan foydalanish kabi o‘nlab imkoniyatlar mujassam edi.

Umr — ertak...

Stiv Jobsga xodimlari tomonidan “qattiqqo‘l” laqabi berilgan. Ofisda u bilan birga liftga chiqishga haddi siqqan yoki boshqa markadagi mineral suv olib kelgan xodimni ishdan bo‘shatgani “Apple” kompaniyasidagi qonun-qoidalarning naqadar qat’iy ekanini ko‘rsatadi. Kompaniya xodimlari ish jarayonini nafaqat jurnalistlar, balki o‘z turmush o‘rtoqlaridan ham sir tutishgan. Shu bois “Apple” uyushtirgan har bir taqdimot ommaviy axborot vositalarining qiziqarli va betakror yangiliklari qatoridan o‘rin olgan. Stiv Jobsning yana bir xususiyati – uning vegeterian (sabzavot va mevalarni xush ko‘ruvchi)ligi edi. Uning mevalarni, ayniqsa, olmani yaxshi ko‘rishi kompaniya nomidan ham ko‘rinib turibdi.

Uni qiynagan bedavo kasallikning azobli xurujiga qaramasdan, Stiv hech qachon tushkunlikka tushmadi. “Men 23 yoshimda bir million, 24 yoshimda o‘n, 25 yoshimda yuz million sohibi edim. Biroq bu men uchun ahamiyatsiz bo‘lgan. Boisi hech qachon pul uchun harakat qilmaganman. Hayotda eng muhimi – o‘zingga, yuraging va sezgilaringga ishonish uchun kuch topa olish. Hayotni xafa bo‘lib tark etish yaramaydi,” deb yozadi u.

2011 yil 5 oktyabr. Shu kuni «Apple», «Microsoft», «Walt Disney World» hamda «Disneyland» kabi yirik kompaniyalarning bosh idoralari oldida hilpirab turgan bayroqlar tushirildi. Chunki shu kuni mazkur kompaniyalarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan inson, “raqamli inqilob otasi” – Stiv Jobs vafot etdi.

“Stiv Jobsning o‘limi to‘g‘risida e’lon qilar ekanmiz, bu og‘ir judolikdan biz ham chuqur qayg‘udamiz. Uning yorqin iste’dodi, kuchli istagi va hadsiz g‘ayrati turmush tarzimizning yuksalishiga xizmat qilguvchi behisob yangiliklar manbai edi. Uning iqtidori dunyoni misli ko‘rilmagan darajada yaxshi tomonga o‘zgartirdi. Stiv Jobs o‘z muhabbatini rafiqasi Loren xonim va oilasiga bag‘ishladi. Biz ularga va uning beqiyos iste’dodidan ta’sirlangan barchaga chuqur hamdardlik izhor etamiz.” 

Hurmat bilan, Apple kompaniyasi xodimlari

Umr ertakka o‘xshaydi: uzunligi bilan emas, mazmuni bilan o‘lchanadi. Bir qaraganda u juda qisqa, lekin qadrlansa, huzur bilan yashash uchun yetarli fursat. Mulohaza, bilim, mehnat, xohish va iroda – bu fazilatlar qo‘nim topgan har bir ko‘ngil borki, hayotdagi burchini, zimmasiga yuklatilgan vazifani va bu yo‘lda vaqt eng qimmat sarmoya ekanini, shu bilan birga, do‘stlikni anglab yetadi. Mana shu anglash esa insonlar turmush tarzining yuksalishiga xizmat qiluvchi yangiliklarning tug‘ilishiga turtki bo‘ladi.