Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy banki boshqaruvining “Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi, deb yozadi Kun.uz.
Nizomga ko‘ra, qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olinadi.
Eng kam ish haqi miqdori qonun hujjatlariga muvofiq inkasso topshiriqnomasi yuborilgan sanada shu oy uchun belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. Agar eng kam ish haqi miqdori o‘zgargan taqdirda, o‘zgargan miqdordan kelib chiqib qayta hisob-kitob qilinadi.
Bank plastik kartalardan jismoniy shaxslarning mol-mulk, yer soliqlari va daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblangan soliq hamda tadbirkorlik maqomini yo‘qotgan va bankda hisobvaraq ochmagan yoki bank hisobvaraqlari yopilgan yakka tartibdagi tadbirkor-jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha soliq qarzi so‘zsiz undiriladi.
Jismoniy shaxslarning plastik kartalaridagi quyidagi pul mablag‘lariga nisbatan undiruv qaratilmaydi:
mayib bo‘lganlik yoki sog‘liqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik, shuningdek boquvchisining vafot etganligi sababli to‘lab berilgan zarar summalari;
xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida mayib bo‘lgan (yaralangan, shikastlangan, kontuziyaga uchragan) shaxslarga va mazkur shaxslar halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda ularning oila a’zolariga to‘langan summalar;
bola tug‘ilganligi munosabati bilan to‘langan summalar;
aliment majburiyatlari bo‘yicha to‘langan summalar;
mehnat sharoiti noqulay va o‘ziga xos bo‘lgan ishlar uchun to‘langan summalar, shuningdek radiatsiya ta’siriga uchragan shaxslarga va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda to‘langan summalar;
homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha to‘langan nafaqa summalari;
dafn etish marosimi uchun berilgan nafaqa summalar;
qisman haq to‘lanadigan ta’til davrida bolani parvarishlash uchun to‘langan summalar;
bola tug‘ilishi, qarindoshlar vafot etishi, nikoh tuzish munosabati bilan korxona, muassasa yoki tashkilot tomonidan to‘langan summalar;
xizmat safari, boshqa joyga ishga o‘tkazilganligi, qabul qilinganligi yoki yuborilganligi munosabati bilan to‘langan summalar;
mehnatga oid munosabatlar bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi tariqasida to‘langan summalar;
yoshga doir pensiya, bolalikdan nogironlik, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolar nafaqa summalari.
Jismoniy shaxsning davlat soliq xizmati organiga plastik karta raqamini ko‘rsatgan holda arizasi asosida o‘zining yoki arizasida ko‘rsatilgan jismoniy shaxs(lar)ning soliq qarzi yoki joriy to‘lovlari hisobiga undirib olinishi mumkin.
Bunda, arizada qayd qilingan summada va muddatlarda plastik kartasidagi pul mablag‘lari manbalaridan qat’iy nazar undirib olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash muddati tugaganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmay soliq qarzi mavjud bo‘lgan jismoniy shaxslar, ularning shaxsiy identifikatsion raqamlari, pasport ma’lumotlari, hududiy davlat soliq xizmati organi nomi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar nomi, soliq qarzi miqdori to‘g‘risidagi axborotlarni himoyalangan aloqa kanali orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga elektron shaklda taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki olingan elektron ma’lumotlar asosida real vaqt rejimida jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsion raqamlari bo‘yicha nomiga ochilgan plastik kartalarni aniqlaydi hamda bank kartasi hisobvarag‘iga oid ma’lumotlarni shakllantirib, bir ish kunidan kechiktirmay Davlat soliq qo‘mitasiga elektron shaklda taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi olingan ma’lumotlar asosida uch ish kunidan kechiktirmay soliq qarzini jismoniy shaxsning plastik kartasidan undirish yuzasidan elektron inkasso topshiriqnomasini belgilangan tartibda shakllantiradi va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga yuboradi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilib olinishi bilan jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatayotgan bank(larga)ka elektron inkasso topshiriqnomalarini ijro uchun yuboradi.
Xizmat ko‘rsatuvchi bank(lar) jismoniy shaxslarning plastik kartalarining ishlatilishiga o‘n ish kuni muddatga cheklov o‘rnatadi va bu haqda plastik kartalar ulangan uyali aloqa telefon raqamlariga SMS-xabar jo‘natiladi.
SMS-xabarda soliq to‘lovchining ismi, otasining ismi, shaxsiy identifikatsion raqami, davlat soliq xizmati organining nomi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar turi, cheklov o‘rnatilgan summa va plastik kartalari, cheklov o‘rnatilish sabablari ko‘rsatilishi hamda soliq qarzining o‘n ish kuni davomida bartaraf etilishi, aks holda ushbu muddat tugagandan so‘ng uning roziligisiz so‘zsiz undirilishi to‘g‘risida ogohlantirilishi lozim.
SMS-xabar jo‘natish xarajatlari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshirilib, keyinchalik Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
Inkasso topshiriqnomalarida ko‘rsatilgan summa doirasida plastik kartalardagi pul mablag‘lardan kelib chiqib, bir yoki bir nechta, shu jumladan xorijiy valyutadagi plastik kartalarga to‘liq yoki qisman cheklov o‘rnatilishi mumkin.
Cheklov o‘rnatilgan pul mablag‘larining plastik kartalar egalari tomonidan ishlatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan cheklovga nisbatan oshiqcha pul mablag‘lari summasi mustasno.
Ogohlantirish davrida cheklovlar va inkasso topshiriqnomalari ijrosi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
soliq qarzi summasi cheklov o‘rnatilgan plastik kartalardan to‘liq to‘langan taqdirda – avtomatik ravishda, xizmat ko‘rsatuvchi bank(lar) tomonidan;
soliq qarzi boshqa manbalardan to‘liq to‘langan yoki bartaraf etilgan hollarda real vaqt rejimida davlat soliq xizmati organi tomonidan.
Ogohlantirish muddati tugagandan keyin keyingi ish kunidan kechiktirmay jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko‘rsatayotgan bank(lar) tomonidan cheklov o‘rnatilgan pul mablag‘lari tegishli davlat soliq xizmati organining soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha soliq qarzini uzishga yo‘naltiradi va bu haqda plastik karta ulangan uyali aloqa telefon raqamlarga SMS-xabar jo‘natiladi.
Bank plastik kartalaridan to‘lovlarni amalga oshirish inkasso topshiriqnomalari kelib tushish sanasiga qarab kalendar navbat asosida hisobdan chiqariladi.
Qisman qoplangan hollarda, qoplanmagan summa doirasida cheklov o‘rnatiladi va u oydan-oyga o‘tgan taqdirda, soliq qarzi miqdoridan kelib chiqib, eng kam ish haqining ikki baravari miqdorigacha oshirilishi mumkin.
Bir oyda eng kam ish haqining ikki baravaridan oshgan summada inkasso topshiriqnomalari qo‘yilishiga va cheklov o‘rnatilishiga hamda undirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy shaxs nomiga yangi plastik karta ochilganda tijorat banki tomonidan shaxsiy identifikatsion raqam bo‘yicha mazkur jismoniy shaxsda inkasso topshiriqnomasi mavjudligini (kelganligini) tekshiradi. Agar plastik karta ochilgan sanadan bir oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan inkasso topshiriqnomasi yuborilgan bo‘lsa, inkasso topshiriqnomasi ijro uchun qabul qilinadi va plastik karta blokirovka qilinadi.
Jismoniy shaxsning soliq qarzini yoki joriy yil uchun hisoblangan soliq to‘lovlari uchun plastik kartasidan undirish to‘g‘risida arizasi mavjud bo‘lgan hollarda ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan uch ish kunidan kechiktirmay davlat soliq xizmati organi arizada ko‘rsatilgan summada va muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga elektron inkasso topshiriqnomasi yuboradi. Elektron inkasso topshiriqnomasi mazmunida ariza muallifi ismi, sharifi va sanasi ko‘rsatilishi va mazkur plastik kartaga aynan shu soliq qarzi uchun oldingi qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalari ijrosi davlat soliq xizmati organlari tomonidan bekor qilinishi lozim.
O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan davlat soliq xizmati elektron inkasso topshiriqnomasi kelib tushgan vaqtdan boshlab ijroga qaratiladi va plastik karta ulangan uyali aloqa telefon raqamlarga SMS-xabar jo‘natiladi.
Plastik kartalardan soliq qarzini so‘zsiz undirish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan naqd pulsiz hisob-kitoblar tartibiga asosan amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslarning soliq qarzi plastik kartalardan so‘zsiz undirilishi yoki arizasiga asosan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi mumkinligi haqida davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy shaxslarga yuboriladigan to‘lov xabarnomalarida ko‘rsatilishi shart.