Do‘stona aloqalarning hayotimizda ahamiyati kattadir. Do‘stlarimiz davrasini ikkinchi oilamizga qiyoslashimiz mumkin. Shuning uchun do‘st topish va hamisha munosabatni uzmaslik katta ahamiyatga ega.
Do‘stona munosabatlarda hurmat ikki tomonlama bo‘lishi kerak. Sodiq va ajralmas do‘st topishning 10 asosiy tamoyilini keltiramiz.
Yangi tanish bilan samimiy muloqotda bo‘ling
Esda tuting: yo‘lingizda uchragan har bir odam alohida olamdir. Uning o‘ziga xosligi sizning o‘zingizga xosligingizdan hech kam emas. Shuning uchun yangi tanish bilan sira yuzaki muomalaga kirishmaslik kerak.
Tinglashni o‘rganing
Do‘stingiz ko‘p hollarda sizga dardini yorsa, muammolarini doston qilsa, unga sizning maslahatingiz kerak bo‘lmasligi mumkin. Darhol unga nasihat qilishga, hukm chiqarishga va uni tanqid qilishga tutinmang, balki unga quloq soling. Kim biladi deysiz, balki u tinglashingizni istayotgandir.
Berganingizni olasiz
O‘zingiz do‘stingizga bera olmagan narsani undan kutmang. Har qanday munosabatlar tenglik asosida quriladi. Undan e’tibor kutyapsizmi? Unga e’tiborli bo‘ling. Yordam kutyapsizmi? Vaziyat taqozo etishi bilan yordamga shoshiling.
Yaqinlaringizni qo‘llab-quvvatlang
Zarur paytda do‘stingizga madad uchun aytilgan arzimas maqtov ham dunyoga tatigulik natija beradi. Unga so‘z orqali madad berib qadr-qiymatini ko‘tarasiz.
Perfeksionist bo‘lmang
Xom sut emgan insonda fazilat va kamchiliklar jamlangan. Faqat o‘z kamchiliklaringizni emas, boshqalarnikini ham to‘g‘ri qabul qilishni o‘rganing. Axir, bu uning xulq-atvorining bir bo‘lagi, usiz boshqa kishiga aylanib qoladi.
O‘z holiga qo‘ying
Qanchalik noxush tuyulmasin, kim bilandir chiqisha olmasligingiz, dunyoqarashlar mutanosib kelmasligi mumkin. Buni to‘g‘ri qabul qilmoq va munosabatlarga nuqta qo‘ymoq darkor. Usiz hayotingiz poyoniga yetib qolmaydi, balki umr sahifangizda uning ishtiroki tugaydi.
Kechirib, yo‘lda davom eting
Yurakda alamzadalik tuyg‘usi bilan yashash og‘ir. Ular sizni zaharlamasdan chetga uloqtirish lozim. 90 foiz kasalliklar va kasallikni chuqurlashtiruvchi sabablar ruhiyatdandir. Bu haqda mulohaza yuriting, sizga ozor yetkazganlarni kechiring. Eng avvalo, o‘z salomatligingiz uchun.
Soniga emas sifatga qarang
Juda oddiy savolni o‘zingizga bering: eng qadrdon do‘stingiz kim? Mingta do‘stning har biri bilan qadrdon bo‘lishingiz mumkin emas, ammo barmoq bilan sanarli sodiq do‘stlar topsa bo‘ladi. Ular kimligini aniqlashingiz qoldi.
Unga gapni aylantirmang
Do‘stingiz bilan muloqotda samimiy bo‘ling. O‘z fikringizni aniq-ravshan bayon qiling. Agar to‘pori va qo‘pollashayotgan bo‘lsangiz, gap ohangini bir oz yumshatish kerak, ammo sira aldamang.
O‘zingizni esdan chiqarmang
Do‘stona aloqaning eng chigal va muhim jihatlaridan biri ham o‘ziga munosabatdir. Do‘st va yaqinlaringizni qanchalik hurmatlamang, o‘zingizni hurmat qilganchalik hurmatlay olmaysiz. Shuning uchun, avvalo, o‘z qadringizni biling, shundagina o‘zgalarni qadrlay olasiz.
Quyida esa do‘stlik haqida latifani o‘qing. Albatta, maqolamizda unday do‘stlar nazarda tutilmagan ;)
Ikki do‘st ulfatchilik qilmoqda.
- Qadrdon do‘stim! Mening ikkita mashinam bo‘lganda bittasini senga sovg‘a qilardim!
Ulfatchilik yarmida.
- O-o, aziz do‘stim! Agar ikkita uyim bo‘lganda bittasini senga tortiq qilmasam, odam emasman!
Yana olishibdi.
- Mening qimmatli og‘aynim. Agar ikkita...
Shunda sherigi:
- Agar ikkita televizoring bo‘lganda bittasini menga berarmiding?
- Eh, do‘stim, bilasanku, atigi ikkitagina televizorim bor..
fit4brain.com sayti asosida tayyorlandi