Bundan 2 hafta oldin saytimiz o‘quvchilarining talablariga binoan smartfon tanlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan detallar haqida ma’lumot berib borishni boshlagan edik. O‘ylaymizki, bunday ma’lumotlar sizga ham hamyonbop, ham yaxshi texnik parametrlarga ega smartfonni tanlashda yordam beradi. Ruknning birinchi maqolasi smartfon protsessorlariga bag‘ishlangan edi. Bu galgi mavzu esa barchani qiziqtiradigan displey matritsalari haqida bo‘ladi.
Mavzuni boshlashdan oldin displey matritsasi bilan ekran aniqlik formati orasidagi farqni yana bir takrorlab o‘tishni lozim bildik. Demak, ekran aniqlik formati deganda, muayyan ekranda mavjud piksellar miqdori tushuniladi. Bu borada yaqin orada saytimizga batafsil maqola joylagan edik. Displey matritsasi esa ekran apparat qismining aynan qanday texnologiya asosida yaratilganini bildiradi. Soddaroq qilib gapiradigan bo‘lsak, agar ekran matritsasi yaxshi material va kuchli texnologiyalardan tayyorlanmasa, unda piksellar ko‘p joylangan taqdirda ham displeyning namoyish sifati kutilganidek yuqori bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun smartfon xarid qilayotganda unga qaysi texnologiyadagi ekran matritsasi o‘rnatilganini bilish talab etiladi.
Keng qo‘llaniladigan displey matritsalari:
LCD – bunday turdagi displeylar suyuq kristallardan tashkil topgan bo‘lib, orqa tarafdan zaruriy yorug‘lik bilan yoritiladi. Natijada ekrandagi kontent namoyish etiladi. LCD texnologiyasi ko‘p miqdorda energiya sarflamagi bois ayni paytda smartfon ishlab chiqarish sanoatida keng tarzda qo‘llanib kelinmoqda. Shu bilan birga, bunday matritsadagi ekranlarda orqa yorug‘lik mavjud bo‘lgani sababli, ular quyosh nurlari ostida ham yaxshi ko‘rsatish qobiliyatiga egadirlar. Biroq shunga qaramay, LCD texnologiyasida konrast xususiyati yaxshi emas (qora rang kuchli tashqi yorug‘lik ta’sirida kulrang bo‘lib ko‘rinishi mumkin).
LCD texnologiyasining TFT va IPS kabi matritsalari jahondagi aksariyat mobil qurilmalarga o‘rnatiladi.
TFT – ingichka qoplamli tranzistorli matritsa bo‘lib, LCD texnologiyasining ilg‘or versiyalaridan biri hisoblanadi. Bunda har bir piksel alohida tarzda tranzistorga ulangan bo‘ladi va mustaqil ishlashi bilan farqlanadi (faol matritsali texnologiya).
LCD TFT matritsa
IPS (In-Plane Switching) – TFT LCD texnologiyasining takomillashgan versiyasi. Mazkur matritsada kristallar turlicha usulda elektrlashshadi va kristal yo‘nalishi aylanish xususiyatiga ega bo‘ladi. Shuning uchun IPS ekranlardagi kontent turli burchaklar ostida ham sifatli namoyish etiladi. Ko‘rish burchagi, kontrast mutanosibligi va rang ko‘lami ham yomon emas. Bundan tashqari, yorqinlik darajasi bo‘yicha IPS texnologiyasi ilg‘or ko‘rsatkichlarni qayd qilgan.
LG G5 ekrani IPS LCD texnologiyasi asosida tayyorlangan
AMOLED (Active Matrix Organic Light-Emitting Diode) bunday turdagi ekran matritsasi faol organik nur chiqaruvchi diodlardan tarkib topadi. Biroz murakkab tuyulsa-da, aslida ushbu matritsa OLED va TFT texnologiyalariga ancha yaqin shaklga ega. Orqa tomondan yoritiladigan LCD texnologiyasidan farqli ravishda, OLED displeyning piksellari alohida elektrlanmaguncha doimo nofaol holatda bo‘ladi. Shu tufayli AMOLED displeylar LCD ekranlarga solishtirganda yuqori kontrastga ega (ranglari tabiiy palitraga yaqin bo‘ladi), biroq nisbatan ko‘proq energiya sarflaydi. Bundan tashqari, AMOLED ekranlarni ishlab chiqarish ham bir muncha ko‘proq mablag‘ talab etadi.
AMOLED ekranli Huawei Mate 9 Porsche Design
AMOLED displeylar garchi yaxshi kontrast ko‘rsatkichi va yangilash chastotasiga ega bo‘lsa-da, piksellar organik bo‘lgani sababli ular LCD ekranlarga qaraganda tezroq “o‘lishi” mumkin. Ammo AMOLED ekranlar orqa fon yorug‘ligini talab qilmagani uchun (bu ham yana bir qatlam aslida) yanada yupqa smartfonlar ishlab chiqarish imkoniyatini beradi.
AMOLED va Super AMOLED orasida nima farq bor?
Super AMOLED texnologiyasi Samsung kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Ushbu texnologiya AMOLED‘dan farqli ravishda sensor qatlamini matritsaning o‘ziga integratsiyalash orqali uning qalinligini qisqartirishga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, uning AMOLED matritsalarga qaraganda quyosh nurlari ostida namoyish sifati bir muncha yuqori, energiya iste’moli ham kamroq. Odatda, Super AMOLED texnologiyasida ekranlar faqat Samsung tomonidan tayyorlangan qurilmalarga o‘rnatiladi.
Super AMOLED ekranli Samsung Galaxy S7 edge va Samsung Galaxy Note 5
Retina
Ushbu termin Apple tomonidan yaratilgan marketing atamasi bo‘lib, odam ko‘zining muayyan masofada ekrandagi piksellarni payqamasligi uchun zaruriy piksellar nisbatini bildiradi. Aslida esa u ham IPS LCD texnologiyasida tayyorlanadi. Retina‘dagi piksellar soni ekran diagonali va aniqlik formatiga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Apple Retine tushunchasini 3,5 dyuymli va dyuymdagi piksel sig‘imi 330 bo‘lgan iPhone 4 orqali ommalashtirishga erishdi.
IPS LCD displeyli Apple iPhone 6 va 6 Plus
Xulosa: qaysi ekran matritsasi yaxshi?
Displey matritsalarini o‘zaro solishtirganda raqamlar va texnik parametrlar, albatta, muhim. Biroq smartfondan foydalanish vaqtida matritsalarning bir tekisda ishlashi ahamiyatli. Displey matritsalarini muhit va smartfondan foydalanish odatiga qarab tanlagan ma’qul. O‘zbekiston sharoitida AMOLED va Super AMOLED ekranli smartfonlardan foydalanish katta samara berishi mumkin. Axir, bizda yil bo‘yi quyoshli kunlar miqdori boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘proq, shunday ekan kuchli yoritilgan sharoitda ham ekrandagi kontentni sifatli namoyish etadigan ekran matritsalarini tanlash maqsadga muvofiq. Biroq, bir tomodan, ularning narxi ham yuqori bo‘lishini unutmaslik lozim.
LCD displeylarda yorqinlikni baland holatda uzoq vaqt ushlash batareya sarfini oshirmaydi. Bunga sabab orqa fondagi nurlarning faol bo‘lishidir. Agar smartfondan yopiq binoda va qorong‘i paytda ko‘p foydalanilsa, LCD displeyli smartfonlarni xarid qilishingiz mumkin. Ularning narxi AMOLED ekranli modellarga qaraganda bir qadar arzonroq bo‘ladi.