Yutuqni orzu qiluvchi va yutuqni qo‘lga kiritayotganlar o‘rtasidagi yagona farq – fe’l-atvordir. Hayotda muvaffaqiyatli insonlar fe’lida "bunga munosibman", "buni qila olaman" degan kayfiyat yuqori bo‘ladi. Mana shu xislat muvaffaqiyat uchun to‘lovdir.
Inson esa harakat qilsa, nomunosib fe’l-atvorini o‘zgartirishi mumkin. Aytishganidek, har qanday sharoitda odamga berilgan so‘nggi erkinlik – bu xulq-atvor tanlashdir.
Quyida munosib fe’l-atvorga ega bo‘lish uchun zarur 10 ta maslahatni e’tiboringizga havola qilamiz.
- Kuchsiz nuqtangizni aniqlang
Qila olishiga ishongan odam avval o‘z imkoniyatini, kuchli va kuchsiz jihatini aniqlab oladi. Ko‘pchilik harakat ham qilmasdan voz kechib qo‘ya qoladi va orzusini tushlarida ko‘rib yuradi. Liderlar oldilarida turgan to‘siqni yo‘q qilish uchun jon-jahdlari bilan harakat qiladilar.
Mahatma Gandi aytgani kabi, harakat doim ham baxtiyorlik olib kelmasligi mumkin. Ammo harakat qilmay turib baxtli bo‘la olmaymiz.
- Buqani shoxidan tuting
Ishni uddalashiga ishongan odam qo‘rqmas, jur’atli bo‘ladi. Ular yechim turgan manzilga tikkasiga borishadi. Ular aql-zakovatlari va diqqatlarini jamlab, qarshilarida turgan muammoni yer tishlatadilar. Ular kutib turmaydilar. Ular tashabbus ko‘rsatadilar
Unutmang, O‘ylarimiz harakatimizda ifoda topadi. Fe’l-atvorimiz dunyoqarashimizning ko‘zgusidir. Nimani o‘ylaganimiz unda namoyon bo‘ladi.
- Hasrat to‘la davralarga qo‘shilmang
Ishning kindigini sug‘urib oladi, degan iboraga monand bo‘ling. Buning uchun taningizda g‘ayratning koni bo‘lmish ijobiylik hukmron bo‘lsin. Ijobiy bo‘lish uchun esa doimo hasrat qiladigan, salbiy quvvatga ega, bekorchi odamlar suhbatidan yiroq bo‘ling.
Unutmang, dard va shodlik barcha yerda yonma-yon yashaydi. Hayotning 10 foizi nimanidir sodir bo‘lishi bo‘lsa, 90 foizi unga nisbatan munosabatimizdan iborat.
- Boshqalarni ham tushunishga harakat qiling
“Birovning tashvishini uning oyoq kiyimini kiysang bilasan” degan naql bor. Insonlarga yaxshilik qilmasdan turib, hayotda omadli bo‘lishning imkoni yo‘q. Kimgadir taalluqli qaror chiqarganda sa’y-harakatingizning unga ta’sirini ham inobatga oling.
Unutmang, buyuk adib Tolstoy aytgani kabi, yaxshilik qilganlargina bu hayotda baxtiyor yashay oladilar.
- His-tuyg‘ularingizni tarbiyalang
Inson tuyg‘ulari nimalarni xohlamaydi deysiz? Har ishni qoyilmaqom ado qiladigan insonlar hech qachon o‘z hislariga ko‘r-ko‘rona bo‘ysunmaydilar. Ular o‘z ishlarini sevadilar. Sababi muvaffaqiyatlilar o‘zlarini olg‘a boshlaydigan, yo‘llarini yoritadigan mash’alani qanday yoqishni, undan kuyib qolmaslikni yaxshi biladilar. Aslida hayotda mukofot aqlli, kuchli odamga emas, o‘z his-tuyg‘ulari bilan hisoblashadigan, ularni boshqara oladigan insonga beriladi.
Unutmang, hislari, ya’ni ichki dunyosi bo‘lmagan odam atrofidagilarning qulidir.
- Tasavvur chegarasini hatlab o‘ting
"Qila olaman" fe’liga ega insonlar tasavvurlari chegarasini hatlab o‘ta oladilar. Boshqalar ufqqacha ko‘rinib turgan sarhadni ko‘rsalar, ular quyosh ufq ortini ham yoritib turganini tasavvur qiladilar. Muvaffaqiyat egalari faqatgina yon-atrofidagi odamlarning fikr-mulohazalariga tayanib qolmaydilar.
Unutmang, siz kashf etmoqchi bo‘lgan barcha narsa avvalo tasavvuringizda yaraladi.
- Tashvishni bas qilib, harakatga o‘ting
Muvaffaqiyatli insonlar harakatda bo‘ladilar. Ular jismonan charchab, oyoqlari holdan toyganida qalblari, ong-shuurlari bilan harakatlanishni odat qiladilar. Boshqalar ikkilanib, xafa bo‘lib sudralib turganida ular tabassum va ishonch bilan dadil qadam tashlaydilar.
- Oqim bilan suzing
Oqimga qarshi suzganning taqdiri suvda yakun topadi. Muvaffaqiyat qozonish uchun kezi kelganda moslashish ham kerak bo‘ladi. Muvaffaqiyatli insonlar qarshilaridan chiqqan tog‘larga tirmashsalar, daryoni kema bo‘lib qarshi oladilar. Ular yomoniga tayyor turadilar, yaxshisidan umid qiladilar, boshga tushganini ko‘radilar.
- Oxirigacha kurashing
Yakuniga yetmagan harakatdan ko‘ra hali boshlanmagan orzu yaxshi. Boisi, ishni yakuniga yetkazmaslik insonning ojizligining belgisi. Ojizlik esa jur’atsizlikdan ham ayanchliroq. Mag‘lubiyatga berilgan munosib baho chala qolgan ishni muvaffaqiyatli yakunlashga yordam beradi.
Unutmang, hayotdagi yutuq erishilgan muvaffaqiyat bilan emas, boy berilgan imkoniyatlar bilan o‘lchanadi.
- Shukuhli onlarni tez-tez tasavvur qiling
Nima uchundir astoydil kurashar ekansiz, uning natijasini o‘ylab zavq oling, yuragingiz orziqib ketsin.
Muvaffaqiyatdan umidvor bo‘lib harakat qiling, har qanday vaziyatga ijobiy kayfiyatda, g‘olib bo‘lib nazar soling, muvaffaqiyatni tez-tez his qiling. Shunda ijobiy natijalardan hayratga tushasiz.
Doimo muvaffaqiyat sizni eshigingiz ostonasida poylab tursin!