Bilasizmi?

Singapur “otasi” Li Kuan Yu tajribasi va o‘gitlari (2-qism)

Barcha dinlarni siyosatdan nari tutmoq darkor.

Rossiyada har yili tug‘ilayotganlardan vafot etayotganlar soni ko‘proq, chunki odamlarning kelajakka ishonchi yo‘q. Amerikaliklarni qarang, ular nekbindirlar, ammo turmushing og‘irlashsa, neft narxi oshishi bilan bir muddat yaxshilansa, kelajakka boshqacha ko‘z bilan qaraysan.

Kim ruslar buyuk millat sifatida e’tiborini yo‘qotdi, deb hisoblasa, ularning kosmos va atom sohasida ishlovchi olimlari, grossmeysterlari, olimpiada chempionlarini eslasin. Kommunistik tizimdan farqli ravishda ruslar tarix chiqindixonasidan joy oladigan odamlar emas.

Demokratiya masalasida amerikaliklar bilan o‘rtamizda bahs kechgan. Ular, “Qanaqasiga Singapur hukumati hech o‘zgarmasligi mumkin?”-deya so‘rashgan. Men ularga “Ammo barcha saylovlarda men yutib chiqaman”,-deb javob berganman. Ular, “sizlar o‘zgarishingiz shart, shundagina demokratiyaga erishasiz”, deyishgan. Men ularga “Demokratiya Amerikangizda bo‘laqolsin. Bizni tinch qo‘ying”,-dedim.

[caption id="attachment_4097" align="aligncenter" width="600"]Сингапур манзараси Singapur manzarasi[/caption]

Freedom House va Amnesty International reytinglarida biz ro‘yxatning ostidamiz. Bizda o‘lim jazosi mavjud. Agar oliy jazoni qo‘llamaganimizda biz dunyo narkotik savdosining markazi bo‘lardik va jamiyatimiz bo‘ylab narkotika keng tarqalgan bo‘lardi.

Xitoydagi rejim boshqa ehtimoliy muqobil hukumatlardan ko‘ra barqarorroqdir. Keling, Tyananmen maydonidagi talabalar o‘z hukumatlarini tashkil etishganida nima bo‘lishini tasavvur qilaylik. O‘sha talabalar Fransiyaga va Amerikaga borib ham hanuz o‘zaro tortishishdan bo‘shamayotibdi. Ularning boshqaruvi ostida hozirgi Xitoy qanaqa bo‘lardi? Sovet Ittifoqidan ham battarroq bo‘lardi. Xitoy – ulkan mamlakat, uni kuchli markaziy hokimiyat boshqarishi kerak.

Kichik mamlakatlar orasidagi urush ularning o‘zini vayron qiladi. Katta mamlakatlar to‘qnashsa, butun dunyo bir necha martalab vayron bo‘ladi.

Men ko‘plab inqirozlarni boshdan o‘tkazdim. O‘nglanishimga nimadir ko‘mak bergan bo‘lishi kerak.

87 yoshga yetganingda o‘zingni juda baxtiyor seza boshlaysan. Tobora quvvatim ketayotganligini his qilyapman va yildan yilga o‘zgarib borayotganimni ko‘ryapman.

Deyarli har kuni meditatsiya qilaman. Meditatsiya vaqtida eng nozik ish fikrni maymun bananga intilgani singari chalg‘itmasdan idrokni jamlab turishdir.

Endi restoranlarga borolmayman, chunki shunchalik ko‘p odam men bilan ko‘rishishni xohlagani tufayli ovqatlanolmayman. Agar boradigan bo‘lsam, xilvat restoranga do‘stlarim bilan astagina sezdirmay kiraman.

Mening rafiqam ko‘p marta og‘ir betob bo‘ldi va ikki yildan beri karavotga mixlangan. U tildan qolgan, ammo hushi joyida. Har oqshom u bilan gaplashaman, u meni tushunadi. U uxlamasdan meni kutib yotadi. Unga kunni qanday o‘tkazganimni so‘zlab beraman. U yoqtirishini aytgan Shekspirning sonetlaridan, “Antalogiya va poeziya”dan asarlar o‘qib beraman. Ikki yilu to‘rt oy o‘tdi, bu mening umrimning bir bo‘lagiga aylandi.

O‘zimni yo‘qotib qo‘ymasligim kerak. Hayot davom etadi. Biz 61 yil umrguzaronlik qildik. Ertami-kechmi hammasi poyoniga yetadi. Qaysimiz birinchi ketamiz – bilmayman. Unga uzoqroq muddat birga bo‘lishimiz uchun qo‘limdan kelgancha harakat qilishimni aytdim. U mening gapimni tushundi.

Xitoylarning yaxshi matali bor: “Tobutining ustidan mix qoqilgunicha odamni muhokama qilmang”. Hayotim so‘ngiga yetguncha bema’ni xatti-harakatlar qilishga ulguraman.

Hayotim davomida dahshatli ishlar qilishimga to‘g‘ri kelgan, odamlarni tergovsiz qamoqqa jo‘natganman.

Hamma qilgan ishlarim to‘g‘ri, deb aytolmayman, ammo barchasi ezgu maqsadda amalga oshirilgan.

Agar faoliyatimni susaytirsam va hordiq chiqarsam, o‘z holatimni tezda yo‘qotib qo‘yaman. Mening hayotim – kundalik chorlovlarga munosabatdir. Agar birdaniga undan voz kechib, golf o‘ynasam, roman o‘qisam hamda quyoshning botishini kuzatadigan bo‘lsam, darrov qartayib qolaman.

Arshi a’loda rafiqamni uchratamanmi-yo‘qmi gumon, ammo mehr-muhabbatimiz tufayli xokimiz bir joyda bo‘lishini istaymiz.

Hammasi bo‘lib o‘tganidan keyin anglaysan va dono bo‘lasan. Buni hayot deydilar.

Agar birinchi o‘rin uchun kurashmasang, o‘ninchi o‘ringa ham erisha olmaysan.

esquire.ru sayti asosida tayyorlandi