2015 yilning 23 martida Singapurning birinchi bosh vaziri Li Kuan Yu 91 yoshida dunyodan o‘tgan edi.
Li Kuan Yu 1959 yildan 1990 yilgacha Singapur davlatining bosh vaziri lavozimida ishladi. U Singapur “iqtisodiy mo‘’jizasi”ning muallifi sanaladi.
“Iqtisodiy mo‘’jiza” fenomeni XX asrda dunyoning qator davlatlarida kuzatilgan. Bu fenomenni YaIM sur’atining tezlik bilan o‘sishi belgilaydi. Mazkur fenomenning o‘ziga xos xususiyati davlat tomonidan qator sohalarning izchil qo‘llab-quvvatlanishidir. Singapur misolida olsak, bu kichik davlatda yetakchi sohalar - kemasozlik, elektronika sanoati va neft qazib olish aynan shu davrda rivojlantirildi. Li Kuan Yuning boshqaruvi ostida Singapur butun dunyoda yuksak mavqega sazovor bo‘ldi.
Quyidagi o‘gitlarni Li Kuan Yuning fuqaroni 31 yillik boshqarish tajribasidan deb qabul qiling.
Menga bir necha martalab tuxumlar otishgan.
Men yutuq va inqirozlarni boshdan kechirdim. 35 yoshimdan boshlab faqat bu mamlakatni ishlashga qanday qilib undash haqida fikr yuritdim.
Men zo‘r huquqshunos bo‘lmoqchi edim. Britaniyaliklar boshqarayotgan mamlakatda huquqshunos bo‘lib yetishish uchun britan bo‘lishimga, Britaniya inglizchasini o‘rganishimga to‘g‘ri keldi; universitetlarda va eng yaxshi huquqshunoslik maktablarida tahsil oldim.
Agar singapurliklarni inglizcha o‘rganishga majburlasam, qarshilik ko‘rsatishgan bo‘lardi. Agar xitoy tilini o‘rganishga majburlasam ham ish pachavasi chiqardi. Ammo men inglizcha yoki o‘z ona tilini tanlash ixtiyorini har bir ota-onaga qoldirdim. Oradan o‘ttiz yil o‘tdi va ingliz tili Singapurda yetakchi tilga aylandi.
Hamma ingliz tilini o‘rganishi kerak, ona tili esa ikkinchi o‘rinda.
Gullab-yashnashni istasak, faqat o‘zimizgagina ishonishimiz lozim.
Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, ko‘z o‘ngimizdagi G‘arbdan o‘rnak olmaganimizda hech qachon olg‘a intilmasdik. Qoloq iqtisod va jamiyatligimizcha qolar edik. Ammo G‘arb andazasidan to‘la nusxa olmoqchi ham emasmiz.
Biz sotsial davlatga xos bo‘lgan uslublardan foydalanmadik, chunki sotsialistik baravarlashtirish natijasida ulug‘ Britaniya xalqi qanday qilib o‘rtamiyonalikka yuz tutganining guvohi bo‘ldik.
“Bir kishining bir ovozga ega” tizimini yagona to‘g‘ri yo‘l deb hisoblamayman. Shaxsan men qirqdan oshgan har bir oilali erkak ikki ovozga ega bo‘lsa, hammaga foyda, deyman. Chunki u ancha aql-idrok bilan bolalarini o‘ylab ovoz beradi. U o‘ttiz yashar yigitchaga qaraganda jiddiyroq saylovchi bo‘ladi.
Biz aholi juda zich joylashgan mamlakatdagi osmono‘par binolarda istiqomat qilamiz. Shuning uchun qo‘shnilarimizni hurmatlashga o‘rganishimiz lozim.
Bizning birorta tabiiy boyligimiz yo‘q, zaminning strategik ahamiyatli kichik bo‘lagida yashovchi odamlarimiz bor xolos.
Jazoning muqarrarligi korrupsiyani jilovlab turuvchi birinchi omildir. Ikkinchi omil – bozor darajasiga mos keluvchi maoshdir. Biz eng ko‘p maosh to‘lanadigan o‘n foiz kishilarning daromadiga diqqatimizni yo‘naltirganmiz. Modomiki, mansabdorlarimiz eng ko‘p haq olmas ekan, ularning hukumatga nima keragi bor?
O‘z do‘stlaringizdan uchtasini panjara ortiga o‘tqazishdan ishni boshlang. Nima uchunligini siz ham ular ham yaxshi bilasizlar.
Biz Playboyni 1960 yillardayoq taqiqlaganmiz, u vaqtlarda bu boshqa dunyo va boshqa mezonlar edi. Taqiq hozir ham amalda. Internet turganda Playboyni kim ham sotib olardi?
Singapurliklar o‘z yurtini Daniya yoki Yangi Zelandiya kabi risoladagidek davlat hisoblashi menga tinchlik bermaydi. Axir, biz o‘ta notinch mintaqada yashaymiz. Daniya yoki Shvetsiyaga o‘rtamiyona hukumat bo‘laveradi, Singapurga esa yo‘q.
Birgalikda ishlash uchun o‘zaro bir-birini yoqtirish shart emas.
Men hech qachon qog‘ozda yozilgani bo‘yicha o‘qimayman, hamisha tinglovchining ko‘ziga razm solaman. Agar birorta fikrni idrok etmaganini payqasam, boshqacha usulda takrorlayman. Lenin ham boshqa ulug‘ notiqlar ham shunday qilgan bo‘lishi kerak. Ulug‘ notiq emasman, ammo o‘rganmoqdaman.
Yana yuz yildan so‘ng Singapur mavjudligicha qoladimi-yo‘qmi aytolmayman. Hammasi davomchilarimning faoliyatiga bog‘liq.
Singapurliklar nolish bo‘yicha chempionlardir.