Bilasizmi?

Sigaret hididan qanday qutulsa bo‘ladi?

Kashandalarning oxir-oqibat chekishni tashlashga undovchi sabablardan biri og‘iz-burni, qo‘li va sochlaridan anqiydigan badbo‘y tutun hididir. Siz chekishni tashlashning uddasidan chiqolmayotgan bo‘lsangiz, bizning maslahatlarimiz hech bo‘lmasa tamaki hididan o‘zingiz va yaqinlaringizning xalos bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Og‘izdan keladigan tamaki hidini yo‘qotamiz

  1. Hamisha yoningizda tish cho‘tka va pastasini olib yuring, zarur vaqtda tishni tozalashga erinmang. Hech bo‘lmasa og‘zingizni chayqab turing.
  2. Eng ommalashgan va oddiy usul xushbo‘y saqich chaynashdir. Ammo yalpizlisi kerak emas, chunki tamaki isini yo‘qotishga ojiz. Siz uchun eng ma’quli mevali saqichlardir.
  3. “Antipolitsay” xo‘rozqand-konfetlaridan so‘ring.
  4. Bir bo‘lak limon, apelsin, greypfrut, ko‘k olma yoki sabzi yeng.
  5. Ko‘k yoki qora choyning achchig‘idan simiring yoki kofe ham bo‘ladi.
  6. Yanchilmagan kofe donalarini chaynang.
  7. Qalampirmunchoq yoki lavr yaprog‘ini chaynang. Foydasi zo‘r, ammo ta’mi yoqimsiz, qolaversa, topish qiyin, shu sababli kofe ma’qul.
  8. Zanjabil ham tamaki isini yo‘qotadi. Zanjabildan choy damlab iching yoki shakar qo‘shilganidan bir bo‘lagini chaynang.

Darvoqe, turli musaffolashtiruvchi sepgichlarning (sprey) uzoq muddatli ta’siri yo‘q.

Qo‘limizdan tamaki isini yo‘qotamiz

  1. Mushtuk ishlating. G‘alati ko‘rinsa ham barmoqlaringizni sasishdan asraydi.
  2. Sovuq suvda qo‘lingizni sovunlab yuving.
  3. Nam salfetka bilan qo‘lingizni arting. Albatta, ular chala quruq emas yangi va isi o‘tkir bo‘lsin. Biroz qurib qolgan salfetka bilan kiyimni artsa bo‘ladi.
  4. Qo‘lga surtiladigan antiseptik gel yordamga keladi. Biroq u qo‘l terisini quritib qo‘yishi mumkinligini esda tuting.
  5. Kashandalar uchun maxsus kremlar mavjud, biroq savdodan topish oson emas.
  6. Qo‘lingizga apelsin yoki limon po‘chog‘ini ishqang.
  7. Kofeqaynatgichdan olingan quyqum bilan qo‘lingizni yuving.

Sochimizdan tamaki isini yo‘qotamiz

Bizda asosan erkaklar sigaret chekadi. Biroq kashanda ayollar ham gohida uchrab turadi. Erkaklarning sochi, odatda, kalta olinganligi sababli tamaki isi o‘rnashmasa-da, ayollarning uzun sochlariga o‘rnashib qoladi.

  1. Agar sochingiz uzunroq bo‘lsa tamaki tutuni o‘rnashmasligi uchun chekishdan oldin turmaklab, bosh kiyim kiyib oling.
  2. Kosmetik vositalar orasida soch uchun vual paydo bo‘lganiga ko‘p bo‘lmadi. Uning tarkibida spirt yo‘q, ammo soch uchun foydali ko‘plab moddalar mavjud. Vualni ertalab quruq yoki nam sochga yaxshilab surtiladi va u sochga yot hidlar o‘rnashishiga to‘sqinlik qiladi.
  3. Sigaret hidini oddiy xushbo‘ylashtiruvchi suv (tualetnaya voda) bilan bo‘g‘ish mumkin. Sochingizga seping va silliqlab tarang. Faqat me’yoridan ortiq sepmang, chunki xushbo‘y isning ortiqchasi ham atrofingizdagilarning me’dasiga tegadi.
  4. Agar vaqtingiz juda oz bo‘lsa, quruq shampundan foydalaning.

Maslahatlarimiz so‘ngida yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz: tavsiyalarning hech biri sizni tamakining badbo‘y isidan yuz foiz himoyalamaydi. Sigaret isi xushbo‘y atirlaru shampun, kofe va shirin saqichlar hidi orasidan anqib qolishi ehtimoli baland. Shuning uchun chekishdan xalos bo‘lishning quyidagi samarali usulini o‘zingizda sinab ko‘ring va sog‘lom hayot sari kattakon qadam qo‘ying.

lifehacker.ru sayti asosida tayyorlandi