O‘zbekistonlik bokschi Shoxjahon Ergashev (8−0−0, 8 KO) 15 fevral kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan professional boks kechasida navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Farg‘onalik 25 yoshli bokschi gruziyalik Ruben Movsesyanga (23−16−1, 18 KO) qarshi ringga ko‘tarildi. Shoxjahon jangning birinchi soniyalaridanoq ustunlikni qo‘lga olib, raqibiga ketma-ket zarbalarni berdi. Natijada hakam birinchi raundning ikkinchi daqiqasida jangni to‘xtatib, texnik nokaut qayd etdi, deb yozmoqda Gazeta.uz.
«Bu yil AQShda chiqishlarni boshlashni rejalashtirayapman. Dunyoning eng kuchli 10 bokschisi ro‘yxatiga kirishni istayman. Ma’lumki, boks bo‘yicha O‘zbekiston termasi Olimpiadadagi g‘alabalardan so‘ng dunyoning eng kuchli boks jamoasiga aylandi. Ushbu maqomni professional ringda ham tasdiqlashni xohlayman», — dedi nokauter.
Shoxjahon Ergashev 2003 yildan buyon boks bilan shug‘ullanmoqda. To‘rt karra O‘zbekiston chempioni. Havaskor boksdagi 216 jangdan 202 tasida g‘olib bo‘ldi.