Bilasizmi?

Shavkat Mirziyoyev Yoshlar ittifoqidagi kampaniyabozlik, yaroqsiz ish uslubini jiddiy tanqid qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar ittifoqi yoshlar bilan bevosita ishlashi, muammoga jiddiy qarash va yechim topishi kerakligini ta’kidladi.

Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigidan quyidagilar o‘rin oldi. - Afsuski, yoshlarimiz hayotidagi katta-kichik har bir muammoga jiddiy qarab, aniq amaliy yechim topish, yoshlar bilan bevosita ishlash, doimiy muloqot qilish o‘rniga dabdabali tadbirlar o‘tkazish, kampaniyabozlikka berilishdek yaroqsiz ish usulidan hali ham butunlay qutulganimiz yo‘q.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, biz barchamiz endigina bir yillik shakllanish yo‘lini bosib o‘tgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tezroq ulg‘ayishi, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy tizimida, yoshlarimiz hayotida o‘zining mustahkam va munosib o‘rnini topishini istaymiz va buning uchun zarur amaliy yordam berishga tayyormiz.

Balki bugungi quvonchli ayyomda bunday noxush holatlarni eslash joiz emasdir. Lekin biz o‘z faoliyatimizni tanqidiy baholab, muammolarimizni o‘zimiz bartaraf etmasak, hech kim chetdan kelib ularni biz uchun hal qilib bermaydi.

Yoshlarimizning hayotiy muammolariga yanada ko‘proq e’tibor qaratish, ularga mos bo‘lgan zamonaviy ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ezgu intilish va tashabbuslari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodimizning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash bundan buyon ham barcha darajadagi davlat idoralarining eng asosiy, hal qiluvchi vazifasi bo‘lib qoladi.

Yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun Yoshlar tadbirkorligi hududlari, Toshkent shahrida Yoshlar innovatsion texnoparkini tashkil etish, shuningdek, Fanlar akademiyasiga qarashli ilmiy laboratoriyalar va markazlar negizida yosh olimlarning ilmiy tadqiqotlarini yo‘lga qo‘yish kabi ishlarni sizlarning faol ishtirokingiz bilan yaqin kelajakda amalga oshiramiz.