Shavarsh Karapetyanni sobiq Sovet Ittifoqida yashaganlar sportchidan ham ko‘ra ko‘plab insonlarni qutqargan qahramon sifatida tanishadi.
U 1953 yilda Armanistonda tug‘ilgan. Suv ostida suzish bo‘yicha 11 karra jahon rekordchisi, 17 marta jahon chempioni, shuningdek, 13 marta Yevropaning, 7 marta SSRIning chempioni bo‘lgan. SSRIda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi. Ammo bugungi mavzumiz uning sportdagi faoliyati to‘g‘risida emas.
Suv ostidagi trolleybus ichidan...
1976 yilning 16 sentyabrida tong chog‘i Yerevanda trolleybus ko‘tarmadan og‘ib ketib, ko‘lga qulay boshladi. Yo‘lovchilar baxtiga suv ostida suzish bo‘yicha chempion Shavarsh Karapetyan atrofda ertalabki yugurish mashqini bajarayotgan edi.
Shavarsh yo‘lovchilarni qutqarish uchun darhol loyqa va sovuq suvga sho‘ng‘idi. Harorat 15 gradusdan pastroq. Ko‘lda sanoat chiqindilari oqib yurardi. U trolleybusdagi 92 yo‘lovchidan 37tasini suvdan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Eng oxiri suv ostida ko‘zi ilg‘amay tortib chiqqan narsasi charm o‘rindiq bo‘ldi. Buning uchun anchagacha o‘zini koyib yurgan.
Shavarshga bu qahramonligi qimmatga tushdi: ikki taraflama zotiljam bilan og‘rib kasalxonaga tushdi. Bundan tashqari, suv ostidagi trolleybus oynasi tanasini tilib yuborgani uchun qoniga mikrob tushgan edi.
Shunga qaramasdan Shavarsh sportga qaytishga kuch topdi. 1977 yilda o‘n birinchi - oxirgi jahon rekordini o‘rnatdi. Shu bilan sportdagi karerasi yakun topdi.
Aytishlariga ko‘ra, suzuvchi cho‘kayotgan trolleybusga duch kelib qolishi mutlaqo tasodif bo‘lgan – bu vaqtda Gannoverdagi jahon chempionatida qatnashishi kerak edi, ammo qatnashuviga taqiq qo‘yishgach, akasi Kamo va murabbiysi bilan erta tongda yugurgani chiqqan.
Halokatning sababini tirik qolgan yo‘lovchilardan biri aytib bergan. Ko‘rinishidan yaqinda qamoqdan chiqqan bir shaxs haydovchidan ko‘tarma ustida to‘xtashni talab qilgan. Keskin javobi uchun bezori haydovchining boshiga kattakon temir klyuch bilan tushirgan. Trolleybus boshqaruvini yo‘qotib ko‘lga ag‘anagan. Rasmiy versiyada esa haydovchi boshqaruvni yo‘qotgach, g‘ildirak to‘siqqa ilinib trolleybus suvga ag‘anagani yozilgan.
Jar yoqasidan
Ko‘ldagi fojeadan ikki yarim yil avval ham Shavarsh Karapetyan Yerevandan qaytayotib avtobusdagi yo‘lovchilar jonini saqlab qolgandi. Tepalikka o‘rlayotgan avtobus qandaydir nosozlik sabab to‘xtadi va haydovchi motorni o‘chirmay tushib kavlashtirishga tutindi. Avtobus ichidagi 30 yo‘lovchi bilan pastlikka jilib ketdi, yo‘l oxirida tik tog‘ darasi bor! Shavarsh haydovchi kabinasini ajratib turgan oynani sindirdi va qo‘l cho‘zib rulni burishga muvaffaq bo‘ldi. Suhbatlardan birida u, shunchaki haydovchiga hammadan yaqinroq o‘tirib qolganini, mashina haydashni esa yoshligidanoq o‘rganganini aytib berdi.
Alanga ichida
Bu gal ham avtobusdagi kabi Shavarsh yonayotgan dargohga barchadan yaqinroq edi.
1985 yilning 19 fevralida Yerevandagi sport-konsert majmuasiga o‘t ketdi. Shavarsh Karapetyan bu paytda sport karerasini tugatib, zavodda injener bo‘lib ishlardi. Ayni o‘sha kuni bashang kostyum va oq ko‘ylakda uydan chiqqan, chunki partiya MQda uchrashuv o‘tkazilar edi. U ikkilanib o‘tirmasdan o‘t o‘chiruvchilarga yordamga shoshildi. Yonayotgan inshoot ichkarisiga faqat bitta o‘t o‘chiruvchi va Shavarsh kira oldi. Ikkovlon yong‘in manbasini ichkaridan o‘chirishga muvaffaq bo‘ldi. Alanga bilan kurash yarim soat davom etdi, sobiq suzuvchining esa maxsus himoya kiyimi yo‘q edi. U yana shifoxonaga tushdi, badani kuygan, o‘pkasi qurumga to‘lgandi. Keyinchalik, sog‘ayishiga suzish yordam berganini so‘zlab bergan.
…Yana ikkita insonni o‘limdan saqlab qolgan
Shavarsh, aslida, o‘smirligidanoq bu “hunar”ni boshlagan. 1969 yilda suzish mashg‘ulotidan so‘ng 10 metrli sakrash minorasida toblanib yotardi. Birdan suv yuzida qimirlamay yuztuban yotgan odamga ko‘zi tushdi. U darhol minoradan sakrab kishini suvdan olib chiqdi. Shifokor o‘z vaqtida yetib keldi.
Karapetyan shifokor rolini ham bajarishiga to‘g‘ri kelgan. Kvartiradagi qo‘shnisining bir farzandi tutqanoq tufayli dunyodan o‘tgan, ikkinchisiga ham shu dard yopishgan edi. Farzandi tutqanoq tutgan mahali yuragi chidayolmagan ota behush yiqilgan. Sarosimadagi ona bo‘lsa qo‘shnisiga chopgan. “Eshikni dast ochganim zahoti erkak behush yotganiga ko‘zim tushdi. Bolaning tili orqaga ketib qolgan, nafas ololmasdi”, deydi sportchi. Yog‘och qoshiq bilan bolaning og‘zini yirib ochib tilini oldinga, bolani esa hayotga qaytara olgan.
Hozir Shavarsh Karapetyanning uch farzandi bor. Oilasi bilan Moskvada yashaydi
urfo.org sayti maqolasi asosida tayyorlandi