Shirintomoqlikni nikotinga qaramlikka qiyoslash mumkin. Shirinliklardan tiyilish oson ish emas. Shunday qilib, shakardan voz kechsak nima ro‘y beradi?
Tabiat in’omini suiiste’mol qilib
Neyrobiologiyada yeguliklarni “tabiat in’omi” deyiladi. Biz tur sifatida hayot kechirishimiz uchun ovqatlanganimizda, jinsiy aloqada, boshqalarga ko‘maklashganimizda huzur-halovat his etamiz va bu xatti-harakatni takrorlashni istaymiz.
Mazali tort bo‘lagidan tatib ko‘rgach, miyamizda taassurot qoladi va “Bu tort juda shirin. Eslab qol va yana yegin” deb undaydi.
Albatta, hamma yeguliklarni ham sevib tanovul qilmaymiz. Ko‘pchilik nordon va achchiq yegulikdan ko‘ra shirinlikni xush ko‘radi. Buning asl sababi shirin mahsulotlar organizmimizga uglevod yetkazib berishidir. Teri kiyimlarga o‘ralib yurgan ajdodlarimiz meva-cheva terayotib sodda mulohaza yuritishgan: “nordonmi – hali pishib yetilmagan”, “achchiqmi – ehtiyot bo‘l, zaharli”.
Meva-chevalar o‘z yo‘liga, zamon o‘tgan sari taom, noz-ne’matlarimiz o‘zgara bordi. Bir-ikki asr ilgari bizning ota-bobolarimiz obaki, gulqand, xo‘rozqand, rohatijon, sovunak holva, nisholda singari shirinliklarni yeb maza qilishgan bo‘lsa, hozir magazin peshtaxtalaridagi rang-barang shirinliklarning soni boru sanog‘i yo‘q.
O‘n yil oldin olimlar o‘rtacha amerikalik kuniga 22 choy qoshiq shakar iste’mol qilishini hisoblashdi. Bu qo‘shimcha 350 kaloriya deganidir. Buyuk Britaniyalik ayollar esa haftasiga 238 choy qoshiq shakar yerkan. Hozircha, bizga tegishli ma’lumotlar yo‘q, ammo kuniga 22 choy qoshiq bo‘lmasa-da, 5-10 choy qoshiqni tashkil etib qolar.
Qancha ko‘p bo‘lsa...
Yuqorida shakarni nikotinga qiyosladik. Haqiqatan, u iste’mol qiladigan mahsulotlarimizning katta qismi tarkibida mavjud bo‘lib, sezdirmagan holda bizni o‘ziga “bog‘lab” olayotir. Shakar yopishqog‘iga yopishib bormoqdamiz.
Shakarni muntazam iste’mol qilish dofamin gormoni davomli ajralib chiqishiga olib keladi va miyaning lazzat oluvchi uchastkalari qo‘zg‘alishni boshlaydi. Vaqt o‘tgan sari xuddi shu ta’sir takrorlanishi uchun organizm ko‘proq shirinlik talab qila boshlaydi, chunki ozi kifoya qilmaydi.
Shakarga qaramlikdan tez qutulsa bo‘ladimi?
Shakardan darhol voz kechmang. Yaxshisi buni asta-sekinlik bilan amalga oshiring. Masalan, bugun choyga ikki qoshiq shakar solsangiz, ertaga bittaga tushiring. Bunga organizmingiz moslasha boradi.
Shirin ichimliklardan nari yuring. Gazli suv va paketdagi sharbatlar, odatda, chanqovni qoldirmaydi, tarkibida esa shakar ko‘p.
Yemayman, deya so‘z bergan shokoladingizni yeb qo‘ysangiz, o‘zingizni “jazo”lang, ya’ni jismoniy mashq qiling. Bu ham miya faoliyatini yaxshilaydi.
Umuman, kam yeyishga o‘ting. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, uzoq muddat saqlanishi uchun umuman shirin bo‘lmagan mahsulotlarga ham shakar qo‘shilaveradi.
Shakarni fruktozaga almashtiring. Fruktoza – shakarning tabiiy o‘rinbosari bo‘lib, barcha mevalar va sabzavotlar, asal tarkibida uchraydi. Shuning uchun yozda shirinlikni xohlasangiz, bahuzur meva-chevalardan to‘yguncha yeng, qishda esa quritilgan meva yoki asal hamrohingiz bo‘lsin.
lifehacker.ru maqolasi asosida tayyorlandi