Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish oson yumush emas. Muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lish esa ikki barobar qiyindir, ehtimol. Quyida mohir va omadli tadbirkor bo‘lish uchun inson o‘zida qaysi xususiyatlarni tarbiyalashi lozimligi haqida hikoya qilamiz.
Mark Preston (Marc Preston)
Mohir seriyali tadbirkor, to‘rt kompaniyaning egasi. So‘nggi 20 yil ichida u o‘nlab serdaromad rejalarni amalga oshirdi. Bundan tashqari, dizayndan tortib dasturlash sohasigacha bo‘lgan yetti xil kompaniya yuzaga kelishiga hissa qo‘shdi. U muvaffaqiyatli tadbirkorlarga xos bo‘lgan besh xususiyatni tizib chiqdi.
Seriyali tadbirkor – bu bir turdagi biznesga asos solib, undan foyda ko‘rib, so‘ng biznesdan chiqib, sotib yuboradigan ishbilarmondir. Bunday tadbirkorlar bir g‘oya atrofida uymalanib qolishmaydi, butunlay yangi biznes-tamoyillar asosida faoliyat yuritishni afzal ko‘rishadi.
Chinakam tadbirkorlar kam uchraydi. Chunki ular hayotda ko‘p to‘siqlarga uchrashadi. Tadbirkorlikning og‘ir tomoni ham shunda.
Michigan va Stenford universiteti o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 70 foizdan ortiq tadbirkorlar ishi o‘ngidan kelmaganidan so‘ng qo‘lini yuvib qo‘ltiqqa urgan. Faqat 30 foiz tadbirkor to‘siqlarga qaramasdan olg‘a intilgan va o‘z rejalarini amalga oshirgan. Quyida seriyali tadbirkorlarga xos jihatlarni ko‘rib chiqamiz.
- Vaqtni tasarruf etish
Vaqt – oltin. Chunki uning o‘rnini hech narsa bosolmaydi, ortga qaytmaydi. Biznesmen bo‘laman degan kishi shu oddiy xulosaga ergashmasdan iloji yo‘q.
“Vaqtingizni qat’iy rejalashtirib oling. Xat-xabarlarni ko‘zdan kechirishga qancha vaqt sarflaysiz, loyihalarda ishtirok etishga-chi? Xatni autsorsga topshirib, loyihaga biror xodimingizni yuborsangiz bo‘ladimi? Doimo yodda tuting, seriyali tadbirkor muvaffaqiyatli karera qilishi uchun vaqtni rejalashtirish mahorati bo‘lishi kerak.”
Mark Preston
- G‘oyalar ko‘lamini oshirish va ularni hayotga tatbiq etish.
Seriyali tadbirkorning muhim xususiyatlaridan biri zamonaviy bozor sharoitida muayyan biznes loyihasini yo‘lga qo‘yish va kengaytirishdir. Tavakkalni bo‘yniga olmagan tadbirkor – tadbirkor emas. Biznesda “sinsa” o‘zini tiklashga kuch topib, navbatdagi g‘oyalarini amalga oshirishga kirishish xususiyati bo‘lishi lozim. Seriyali tadbirkor va oddiy biznesmenning asosiy farqi shunda.
- Strategik munosabatlar o‘rnatish
“Yolg‘iz otning changi chiqmas” maqoli aynan biznesmenlar uchun desa bo‘ladi. Shu sababdan seriyali tadbirkor atrofiga hamfikrlar, sheriklar va yordamchilar yig‘adi. Ayni vaqtda ular orasidagi o‘zaro munosabat mentorlik yoki usta-shogirdlik maqomida bo‘ladi.
“Omadi chopgan tadbirkorlar kichik loyihalarga bepul ko‘maklashishlari shart, deb hisoblayman. To‘plagan bilimingizni baham ko‘rib, kichiklarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ular nazdida dono va tajribali ustoz maqomiga erishishingiz mumkin. Kimdir katta tadbirkorga aylanishida, avvalo, o‘z hissang borligini his etish yoqimli tuyuladi. Seriyali tadbirkorning ajralmas xususiyatlaridan biri - ustozlik qilish.”
Mark Preston
- Bilimga intilish
Tug‘ma qiziquvchanlik va doimo o‘qish-o‘rganish ishtiyoqi seriyali tadbirkorni o‘rtamiyona rahbardan ajratib turadi. Seriyali tadbirkorda qandaydir ichki dvigatel bo‘lib hamisha harakatga undab turadi, oldiga savollar qo‘yib, yechishga majburlaydi, turli g‘oyalar chiqarib turadi.
“Men nafaqat gazeta va texnik ma’lumotnomalar, balki, butunlay boshqacha adabiyotlarni ham o‘qiyman va aynan shu tufayli avval e’tibor bermagan bog‘liqliklarni payqashni boshlayman. Qanchalik g‘alati eshitilmasin, ko‘plab g‘oyalarim tushimda ayon bo‘lgan. O‘rnimdan yangi reja va dunyoga yangicha nazar bilan uyg‘onganman. Muhimi – shu ruhiy lahzani o‘tkazib yubormaslikdir.”
Mark Preston
- O‘z vaqtida to‘xtata bilish qobiliyati.
Qat’iyatlilik va tirishqoqlik seriyali tadbirkorlarga sut bilan kirgan. Shunga qaramasdan, o‘z mag‘lubiyatini tan olish va kelajagi yo‘q rejalardan voz kechish kerak, deydi Preston.
“Masalaning mohiyati xatolikni tez payqashdadir... Ko‘plab tadbirkorlar o‘zini oqlamaydigan reja va loyihalarga qattiq yopishib olishadi, natijada kuch va mablag‘larini sovurishadi. O‘z vaqtida to‘xtash muhim. Ish ko‘ngildagidek yurishmayaptimi –qat’iyat bilan tez undan voz kechish kerak.”
Mark Preston
Prestonning seriyali tadbirkorlik falsafasiga nazar solsak, uning qiziqarli jihatlariga guvoh bo‘lamiz: u biznes-loyihalar tuzishga tamomila qarshi. Uning fikricha, loyiha noqulaylikka sabab bo‘ladi va haqiqiy biznesda kam naf keltiradi. “Qo‘lingizdagi kattakon Talmud ajoyib kitobligi shubhasiz, ammo dastlabki qiyinchiliklar bilan to‘qnashganingizda yordamlashishi qiyin”, deydi u.
lifehacker.ru sayti maqolasi asosida tayyorlandi