Bilasizmi?

"Semirish" yaponlarga tahdid sola olmasligining 5 ta sababi

Garchi, baqaloq sumochilari bilan mashhur bo‘lsa ham, yaponlar jahon xalqlari orasida semizlikdan aziyat chekish darajasi bo‘yicha eng past ko‘rsatgichga ega. Bu yerda 30 yoshdan oshgan aholining 3 foizi ortiqcha vaznga ega. Yaqinda e’lon qilingan, semizlik darajasini ko‘rsatuvchi xaritaga muvofiq, o‘zbeklarning 15 foizi ortiqcha vaznga ega ekan. Rivojlangan mamlakatlarda bu raqam 35 foizgacha yetmoqda. Xo‘sh, bugun tobora semirib ketayogan dunyoda yaponlarning kelishganlik siri nimada? Ma’lumotlarga ko‘ra, baliq, sabzavot va dengiz mahsulotlari yaponlarning sevimli iste’mol mahsulotlari ekan. Quyida bu xalqning ovqatlanish madaniyati haqida ma’lumot beramiz.

Ovqat miqdori

Yaponlar boshqa xalqlardan farqli ravishda, ovqat mahali turli-tuman ovqatlardan bir bo‘lakdan tatib ko‘rishni xush ko‘rishadi. Bu xalqning har bir taomi bir tishlamli shaklga ega. Misol uchun, sushi, kichik sosiska, guruchli koptokchalar, hatto sabzavotlar ham shunday ko‘rinishga ega. Bu esa iste’mol jarayonida ovqatni sekin yeyish, uning ta’mini his qilish imkonini beradi. Yaponlarning taom idishlari ham kichkina bo‘ladi. Bento tarelkalari degan ixchamgina idishda katta-katta ko‘ringan ovqat bo‘laklarini yeyish chog‘ida odamda ko‘p taom iste’mol qilgandek tasavvur uyg‘onadi.

Mashq qilish

Yaponlar boshqa xalqlar kabi mashq zallariga oshiqishmaydi. Ular vedosiped haydab, ohista yugurib, sayohat qilib, zinalardan ko‘tarilib va boshqa yumushlarni bajarib, chigal yozadilar, ortiqcha kaloriyani yo‘qotadilar. Tongda uyg‘ongach, yaponlar kerishib, mashq qiladilar, nafas olish mashqlarini bajaradilar, ohista mashqlar bilan tanani uyg‘otadilar. Bu tanadagi qon aylanashi va hazm jarayonini yaxshilaydi.

Ovqatni pishirish texnikasi

Yaponlar ham boshqa ko‘plab osiyoliklar kabi quyuq-qaylali, yog‘li sho‘rvalar o‘rniga yengil bulonlarni afzal ko‘rishadi. Bu kabi taomlar kaloriyaga u qadar boy emas, ammo sog‘likka foyda. Baliq sho‘rva yapon oshxonasining muhim taomi. Vitaminga boy, shu bilan birga past kaloriyali qo‘ziqorin, laminariya dengiz o‘tidan ham muntazam foydalaniladi. Bug‘da pishirish, past olovda uzoq qaynatish, baland olovda tez qovurib olish usulida taom pishirish keng tarqalgan. Yaponlar sog‘likka foydali yog‘lardan foydalanishadi.

Boshqa taomlar

Yapon xalqining ko‘pchiligida ovqat yeyish tamoyili bor. Ular tanani avval unga kerak ovqat bilan to‘ydirib, keyin boshqa mahsulotlarga navbat berish kerak deb hisoblashishadi. Ya’ni, o‘zlariga yoqqan har narsani yeyishmaydi. Misol uchun, sabzavot va foydali taomlar avvl iste’mol qilinib, keyin boshqalari haqida o‘ylab ko‘riladi. Bu esa odamni ko‘p yeyishdan o‘zini tiyishiga xizmat qiladi. Taomni tayoqchalarda yeyish esa ortiqcha vazn yig‘maslikning yana bir muhim omili. Ular taomni sekin va obdon chaynalishiga xizmat qiladi. Yaponlar uchun ovqatlanish alohida marosim misol: bu jarayonda televizor ko‘rish, smartfondan foydalanish kabi chalg‘itadigan boshqa ishlarga o‘rin yo‘q.

Tanovulni nazorat qilish

Ovqatlanishning yaponcha uslubida bu jarayonni nazorat qila olish kerak. Misol uchun, unga ko‘ra, xo‘randaning “endi nima yesam ekan” deb dasturxonga qarashi aslida uning to‘yganligining nishonasidir. Shunday mahalda yaponlar taom tayoqchalarini dasturxonga qo‘yib, bir fursat kutadilar. Shundan so‘ng och yoki to‘q ekanliklari to‘g‘risida bir qarorga keladilar. Yaponlar kun davomida och qolsalar yengil tamaddi mahsulotlaridan iste’mol qilishadi.

Doimo sog‘-salomat bo‘ling va bu ma’lumotni do‘stingiz bilan ulashishni unutmang!