Saudiya Arabistonining Ajlan&Bros. Group kompaniyasi Andijon viloyati bilan tekstil hamda turizm sohasida hamkorlik o‘rnatadi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 11-12 iyun kunlari Ajlan&Bros. Group kompaniyasining rahbari Sheyx Al Muhammad Abdulaziz Al-Ajlan boshchiligidagi 26 kishidan iborat delegatsiyaning Andijon viloyatiga tashrifi amalga oshirildi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Egamberdiyev hamda Sheyx Al Muxammad Abdulaziz Al-Ajlan boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari hamda Andijon viloyati va “Ajlan&Bros Group” kompaniyasi o‘rtasida tekstil hamda turizm (mehmonxona xizmati) sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, viloyat hokimligi, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda “Ajlan&Bros Group” kompaniyasi vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda mehmonlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar (soliq, bojxona, elektr-energiya, gaz suv) atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng delegatsiya mehmonxona tashkil etish uchun taklif etilgan Andijon shahridagi sobiq “Navro‘z” o‘yingohi va qurilishi tugallanmagan “Sarbon” mehmonxonalari bilan tanishtirildi.
Shundan so‘ng shayx boshchiligidagi delegatsiya Jalaquduq tumanidagi zavod qurilishi va paxta yetishtirish uchun taklif qilingan joylar bilan tanishtirildi. Shu bilan birga mehmonlar Xo‘jaobod tumanidagi “Fayz M” va “Nil Granit” korxonalari, Asaka tumanidagi “Sabo hamkor” MChJ tomonidan meva-sabzavotlar yetishtirish bo‘yicha gidroponika usulida tashkil etilgan issiqxonalarga tashrif buyurdi.