Metan ballonni almashtirish kerak. Hali muddatini ado etmadi, ammo kapron ballon bo‘lgandan keyin portlashi mumkin, yorilishi mumkin, debdilar.. Hay, davlat bir narsani bilmasa, chiqarmas.
Shahrimizning “ximik mosti” deb aytiluvchi chekkasidagi ko‘prik ostida joylashgan avtomobillarga gaz ballon o‘rnatish markaziga bordim. Maqsadni tushuntirdim. Shunday-shunday, saksontalik temir ballon o‘rnatiladi. Baraka topishsin, darrov hisoblab chiqarishdi: 1420 ming bo‘larkan.
- Menda plastik.
- Plastikka sakkiz foizimiz bor, aka.
Bu yana ustiga 113 ming minadi, degani.
- Ja sakkiz foiz demang, yo‘rig‘li qilib bersinlar.
- Ilojimiz yo‘q.
Tamom. Iloji yo‘q, bo‘lsa, yo‘q-da. Boshqasi bor-ku. Boshqasiga bordik. Chinor tagiga yaqin joyda “Lada” deb nomlanuvchi avtomobillarga xizmat ko‘rsatish majmuasiga. Dardimizni aytish bilanoq, savdo boshlanib ketdi. Hamma joyda bo‘lgani kabi bu yerda ham plastik deb atalmish, naqd pulning o‘gay bolasiga sakkiz foizlik “chegirma” bor ekan. Aytgancha, bu yerda “most tagi”dan ko‘ra biroz qimmatroq ekan. Jinday savdolashib, bu yerdan ham surdik. Ustiga bir-ikki so‘m qo‘shib berishimiz ma’qul kelmadi. Yoki aytilgan X summani to‘lang, “plastikli boy”lardan bo‘lsangiz X summa plyus sakkiz foizli bonus.
Eh, tirikchilik.
Qog‘oz pul va virtual pulning qog‘ozdagina tengligi xususida mulohaza yuritib kelayotib Qo‘qon darvoza avtoshohbekatiga kelib qoldim. Bu yerda ham avtomobillarga gaz ballon o‘rnatishlarini reklama qilib yozib qo‘yishibdi, baraka topishsin ilohim.
Telefon qildim. Maydalashib o‘tirmasdan, o‘n foizli qo‘shimchasini aytib qo‘ya qolishdi. Men ham maydalashib o‘tirmasdan, juda oz qo‘shib berishimni bildirdim. Ha, aytgancha, bunisi plastikda biru oltiga yaqinlashib qolarkan. Umuman olganda “most tagi”dagilar insof bilan aytibdi.
Endi lirik chekinish qilamiz.
Eshitishimizga qaraganda plastik kartadagi pul naqd pulga teng sanalardi. Bu gaplar qonun bilan mustahkamlab qo‘yilganini ham qayerdadir o‘qigandik, shu sababli lex.uz saytiga havola keltirib o‘tirmadik.
Ming va million afsuslar, gigabayt va terabaytlab nadomatlar bo‘lsinki, plastik kartada maosh oluvchilarga ola-kula qarash davom etmoqda. Albatta, sotuvchilarni tushunamiz, xizmat ko‘rsatuvchini ham. Pulni bankdan naqdlashtirish qiyin.
O‘zimning qanchalab sotuvchi do‘stlarim bor, dardlarini eshitganman.
Ammo, hech bo‘lmasa, Hojiboy Tojiboyevni eslaylik: “Qimmat olgan bo‘lsang, xaridorga nima? U arzon olishi kerak”. Ha-ya, agar qo‘shimcha “bonus” sifatida to‘layotgan foizim sotuvchiga (xizmat ko‘rsatuvchiga) tegmayotgan ekan, kimga tegyapti? Ming yillikning masalasini hal qilgan qarshilik matematik Shokir Davlatovdan so‘raymi buni?
Qassobga borsang, plastik kartaga sersuyagidan solib bersa, magazinda sotuvchining qosh-qovog‘iga qarasang. Dehqon bozoridagi olmafurushga terminal qo‘ysa, qurtliqisidan berarmikan...
Aytaversa, gap ko‘p.
Plastik kartadan foydalanishga o‘tganimizga sakkiz-o‘n yil bo‘ldi. Vaziyat yaxshilanishidan umidvorman. Haliyam. Maqolaning peshonasini yarqiratish uchun qonunlar va Prezident fikrlaridan, diniy matnlardan iqtibos keltirib o‘tirmadim. Umuman olganda, maqola emas bu. Siz va biz har kuni guvoh bo‘layotgan hol.
Shukurjon Islomov, bloger
21 aprel, Qo‘qon shahri