Bilasizmi?

Safar chamadoniga buyumlarni to‘g‘ri joylashtiramiz

Safar uchun chamadonni tayyorlar ekansiz, ko‘p holatlar — hech narsani unutmaslik, hamma buyumlarni sig‘dirish, kiyimlarni g‘ijim qilmaslikka e’tibor berishingiz zarur. Barcha kerakli narsalarni olish bilan birga, ortiqcha hech narsa olmaslik ham kerak. Shu va boshqa muhim masalalarni maqolada tahlil qilamiz.

Buyumlaringizni chamadonga joylashdan avval, barcha zarur narsalar ro‘yxatini tuzib chiqing. Hatto kerakli narsalarning barchasini ko‘rinadigan joyga — divan yoki karavot ustiga taxlab chiqing. Bu sizga ortiqcha yoki yetishmayotgan narsalarni aniqlash imkonini beradi.

Katta hajmli kiyimlarni (pidjak yoki sviter) chamadonning tag qismidan joylashtirgan ma’qul. Sochiq ham ularning yonidan joy egallaydi. Shundan so‘ng ko‘ylak, shim va yubkalarni joylaymiz.

Kiyimlar g‘ijim bo‘lmasligi uchun ularni aylantirib o‘rab qo‘ying. Muhimi, to‘q rangdagi liboslarni och ranglilariga yaqin joylashtirmaslik. Buning uchun paketlardan yoki maxsus organayzerlardan foydalanish mumkin.

Chamadonning eng yuqori qismiga eng aktual, manzilga yetishingiz bilan kerak bo‘ladigan buyumlarni joylang.

Oyoq kiyimlar uchun eng yaxshi joy — chamadon qopqog‘iga yaqinroq joydir. Ularning har birini alohida paketga soling.

Bo‘sh joylarga paypoq, ichki kiyimlar yoki telefon zaryadchigi kabi kichik buyumlarni qo‘yish mumkin, zinhor kosmetika vositalarini emas!

Tasodifan ochilib ketgan shampun chamadondagi barcha narsalarni, qolaversa, kayfiyatingizni rasvo qilishi mumkin. Kosmetika vositalarini plastik paket yoki maxsus qopchaga joylashni tavsiya etamiz.

Safar yoki sayohatdan qayta turib, yaqinlaringizga turli sovg‘a va esdaliklar olib kelishingiz haqida ham unutmang. Ular uchun ichiga ko‘proq narsa sig‘dirish mumkin bo‘lgan mato sumka oling. Uni kichik qilib taxlab, chamadonga solib qo‘yish mumkin.

Yaxshi hordiq hamrohingiz bo‘lsin!

Manba: Daryo.uz