Bilasizmi?

Ruslan Nuriddinov Braziliyadagi g‘alabasidan so‘ng soqolini qirib tashladi

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi, Braziliyada rekord o‘rnatgan olimpiya oltini sohibi Ruslan Nuriddinov qilichbozlik bo‘yicha Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ilgar Mamedovning o‘ziga xos da’vatini qo‘llab-quvvatladi va ajoyib, qalin soqolini qirtishlab tashladi, deb xabar qilmoqda Sputniknews-uz.com.

Afsuski, sportchining o‘zi yangi imij borasida izoh berganicha yo‘q.

Ammo muxlislari Ruslanni soqol bilan ko‘rishga o‘rganib qolishgan. Soqol sportchi uchun o‘ziga xos tumor vazifasini o‘tagan, shuning uchun u Olimpiada bahslari oldidan soqolini olmagan, deb fikr bildirayotganlar ham topilmoqda.

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi ilk marotaba yangi imijda Milliy Olimpiya qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan videomurojaatda namoyon bo‘ldi.

"Men o‘z g‘alabamni xalqimga, O‘zbekistonimga bag‘ishlayman, hammangizni sevaman, menga muxlislik qilganlaringiz uchun, qo‘llab-quvvatlaganlaringiz uchun minnatdorman. Qo‘llab-quvvatlaganlaringiz sezilib turdi, sportchi hayotida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsa ham aslida shu. Xalq mehridan ortig‘i bo‘lmaydi. Men barchangizni sevaman, men o‘z xalqimni sevaman, O‘zbekistonni sevaman. Oltin medalni Mustaqilligimizning 25 yilligiga bag‘ishlayman", — deya ta’kidlagan Nuriddinov.

Eslatib o‘tamiz, Ruslan Nuriddinov vazni 105 kilogrammgacha bo‘lgan erkaklar o‘rtasida o‘tkazilgan og‘ir atletika musobaqalarida ikkita urinishda 225 va 230 kg shtangani ko‘tarib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. So‘nggi urinishda olimpiya rekordi hisoblangan 237 kg toshga buyurtma berildi va rekord o‘rnatildi.