Bilasizmi?

Rossiya yil oxirigacha O‘zbekistonga neftni to‘liq hajmda yetkazib beradi

Rossiya 2018 yil oxiriga qadar O‘zbekiston rejalashtirilgan neft hajmini eksport qiladi. Bu transport tizimining o‘tkazish imkoniyati bilan bog‘liq muammolarga qaramasdan yuz beradi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Odil Temirov ma’lum qildi.

«Yetkazib berish ishlari davom etyapti. Biz 700 ming tonna neft va neft mahsulotlarini import qildik. Neft xomashyosini import qilish rejasiga amal qilmoqdamiz. Yil oxirigacha biz o‘z oldimizga qo‘ygan vazifalar bor, ular bajariladi», - dedi Temirov. Rais o‘rinbosari Rossiya yil oxirigacha yetkazib berishi mumkin bo‘lgan xomashyoni aniq hajmlarini ma’lum qilmadi.

Avvalroq, Rossiya energetika vaziri sobiq o‘rinbosari Kirill Molodsov «Gazprom neft» kelgusi yilda O‘zbekistonga 1 million tonna neft yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganib chiqayotgani, biroq barchasi transport tizimining samaradorligiga bog‘liq ekani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonga neft yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo bitim muhokamasi ham oxirgi bosqichda turibdi. Temirov muzokaralar jarayoni haqida hech qanday izoh bermadi.

Rossiya Federatsiyasi Yoqilg‘i-energetika kompleksining Markaziy dispetcherlik idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekistonga Rossiya neftining eksporti 68,2 ming tonnani, 2018 yil yanvar-aprel oylarida - 36 ming tonnani tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonga 500 ming tonna Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.