"Rosatom" davlat korporatsiyasi tomonidan shu yilda O‘zbekistonga Fanlar akademiyasi yadro fizikasi institutining tadqiqot VVR-SM reaktori uchun birinchi yadroviy yonilg‘i partiyasi yetkazib beriladi.
Bu borada kelishuv o‘tgan yilning noyabr oyida erishilgandi. O‘sha vaqtda tomonlar ushbu reaktor uchun yonilg‘i ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashgan.
“O‘zbekiston Fanlar akademiyasi yadro fizikasi institutida 1959 yildan beri VVR-SM tadqiqot reaktori ishlamoqda. Reaktorni eksluatatsiya qilish boshlangandan beri Rossiyada ishlab chiqarilgan yadroviy yonilg‘i bilan ta’minlangan. Shu yilda yadroviy yonilg‘ining birinchi partiyasi 56 TVS hajmda yetkazib berish kutilmoqda”, — deb ta’kidlandi “Rosatom” kommunikatsiya departamentida.
Shuningdek, o‘tgan yilning noyabr oyida “Rosatom” va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan. Ushbu hujjat mutaxassislarni tayyorlash, yadroviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik qilishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Rosatom" davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi. Uchrashuvda o‘tgan yili imzolangan Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim doirasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘shma dastur va loyihalar doirasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
“O‘zbekiston prezidenti Rossiyada o‘zbekistonlik mutaxassislarini ko‘proq tayyorlash bo‘yicha aniq vazifa qo‘ydi. Shuningdek, kelgusida respublikada zarur shart-sharoitlarni yaratish uchun barcha ishlarni qilish kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shu bois biz O‘zbekistonda yadro tadqiqot milliy universitetining (MIFI) filialini ochish masalasini jiddiy muhokama qildik. Bundan tashqari, “Rosatom” texnik akademiyasida o‘zbekistonlik mutaxassislarini tayyorlash va ularni davlat korporatsiya ob’yektlarida amaliyot o‘tishini tashkil qilish masalasini batafsil muhokama qildik”, — deya o‘z fikrini bildirdi Aleksey Lixachyov.
Kompaniyaning O‘zbekistondagi bosh loyihasi Navoiy viloyatida ikkita zamonaviy blokdan iborat bo‘lgan ("3+" VVER-1200) atom elektrostansiyasini qurilishi bo‘ladi. Qurilish loyihasi taxminan 13 milliard dollarga baholanmoqda, ulardan 11,3 milliard dollar mablag‘ Rossiya davlat eksport krediti sifatida taqdim etildi.