Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarining boks bo‘yicha -49 kilogramm vazn toifasida chempionga aylangan Hasanboy Do‘smatov texnikasi eng yuqori bo‘lgan bokschiga beriladigan Vel Barker Kubogi sohibiga aylandi, deb xabar bermoqda Darakchi.uz.
Hamyurtimiz Vel Barker Kubogini qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik bokschi bo‘ldi. Vel Barker Kubogi 1920 yilda Xalqaro yarimprofessional boks assotsiatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, 1936 yildan buyon Olimpiada o‘yinlarida texnikasi eng yuqori bo‘lgan bokschiga beriladigan mukofot sanaladi.
Eslatib o‘tamiz, Hasanboy Do‘smatov chempionlik sari uning yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lgan meksikalik Xoselito Velaskes, qozog‘istonlik Birjan Jakipov, AQSh vakili Niko Ernandes va kolumbiyalik Yuberxen Martinesni mag‘lubiyatga uchratdi.
O‘zbekiston boks terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, mazkur sport yo‘nalishida Kuba, Qozog‘iston, Fransiya, Rossiya va AQSh singari mamlakatlarini ortda qoldirib, birinchi pog‘onani egalladi.
Umumiy hisobda esa mamlakatimiz delegatsiyasi 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 bronza medallari bilan 207 davlat orasida 21-o‘rinni zabt etdi. Bu MDH mamlakatlari orasida ikkinchi, O‘rta Osiyoda esa birinchi natijadir.