Bilasizmi?

Richard Girning qalb hayqirig‘i: "Bu yerdan hech kim tirik chiqib ketmagan!"  

Richard Gir millionlab muxlislar nigohidagi aktyor. Bu iste’dodli san’atkorni yer yuzining har nuqtsida tomosha qilishadi va u ortiqcha reklamaga ham muhtoj emas.

Richard Gir tomonidan yaqindagina Feysbuk tarmog‘ida e’lon qilingan fikrlar jamoatchilikning kuchli tuyg‘ularini junbishga keltirdi. Uning mazkur yozuvlari yuz minglab insonlar tomonidan qayta ulashilgan. Ahamiyatli jihati, ularning ko‘pchiligi o‘zini aktyorga muxlis hisoblamagan foydalanuvchilardir.

Sizga Richard Girning bu qalb tug‘yonlari jamlangan maktubni o‘qishni tavsiya qilamiz. Undagi har bir so‘z, fikr samimiyat bilan aytilgan, ularda teran ma’no zohir.

"Do‘stlarimdan birining onasi butun umr sog‘lom turmush tarziga amal qilgan. U doimo tabiiy va to‘g‘ri ovqatlanish tarafdori bo‘lgan, og‘ir yoki hazmi qiyin, notanish mahsulotlardan o‘zini tiygan, tamaki chekmagan va spirtli mahsulotlar ichmagan. Onaxon muntazam ravishda harakatda bo‘lib, jismoniy mashg‘ulotlarni kanda qilmagan, hatto salomatligidan qayg‘urib biror marotaba ham ko‘chaga quyoshdan himoya qiluvchi yog‘ upa surmasdan chiqmagan. U har doimo diyetolog hamda fizioterapevt ko‘rigidan o‘tib, ularning ko‘rsatmasiga quloq tutgan. Aytish mumkinki, bu ayol o‘z salomatligidan qattiq qayg‘uradi.

Ayni paytda do‘stimning volidasi 76 yoshda va yaqinda unga teri hamda ilik saratoni xastaliklari tashxisi qo‘yildi. Shuningdek, bu keksa ayolda suyak to‘qimalari xastaligining og‘ir ko‘rinishi aniqlangan.

Do‘stimning otasi, ya’ni bu xasta ayolning turmush o‘rtog‘i hech qachon o‘z salomatligi haqida qayg‘urgan odam emas. U hech qachon sport bilan ham shug‘ullanmagan, taom masalasida ham muayyan qonun-qoidalari bo‘lmagan, kezi kelganda tuzlangan yoki dudlangan yog‘li go‘shtga ham moy surib yeb ketavergan. O‘rni kelganda bu odam alkogol ham ichgan, ko‘chib, yorilib ketgan teri bilan ham plyajda oftobda toblanishdan qaytmagan.

Aytish mumkinki, do‘stimning dadasi bir umr shifokorlarning ko‘rsatmalarini uch pulga olmasdan, o‘zi xohlagancha, o‘ziga yoqqanicha yashagan odam. Hozir bu amaki 81 yoshda va do‘xtirlarning aytishicha, uning salomatligi hatto yoshlarning hasadini qo‘zg‘atadigan darajada bekami-ko‘st.

Qanchalik urinmang, tanangizdagi zahardan omon qolish imkonsiz. Ertami, kechmi u sizni o‘z qurboniga aylantiradi. Do‘stimning ajal ostonasida turgan onaizori aytgani kabi, hayoti vaqt-soati kelib poyoniga yetishini anglab yetgan har kim hadeb shifokor chizib bergan doirada yurmasdan, o‘z huzur-halovati uchun ham yashashga harakat qilar ekan.

Bu – hayot va oramizdan hech kim undan omon chiqib ketgan emas! Shunday ekan, doim ham salomatlikni deb o‘zingga ikkinchi darajali narsadek munosabatda bo‘lma. Modomiki hali vaqt bor ekan, hayotdan lazzatlanib yashash mumkin. Aks holda, ertaga juda kech bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun qalbingiz tusaganini qiling: ko‘nglingiz tortsa – tanovul qiling, quyoshda toblaning, ba’zida yalqovga aylaning. O‘rni kelganida tashvishlardan nari bo‘lib, o‘zingizga erk bering. Qanchalar telba bo‘lsangiz ham, o‘zingizda bo‘ling. O‘zingizni chegaralab qo‘ymang, hammamizning yerdagi vaqtimiz shundoq ham o‘z chegarasiga ega."

Aktyorning ta’sirlanib yozgan chuqur mulohazasi sizni ham o‘ylantirib qo‘ygan bo‘lsa ajab emas. Hayot ne’matlari tatib ko‘rish uchun in’om etilgan. Nima bo‘lganda ham, ota-bobolarimiz aytishganidek, aql va idrok doirasida qilingan ish xayrlik bo‘ladi.

Doimo sog‘-salomat bo‘ling!