Bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi odamlar orasida quvvatbaxsh (energetik) ichimliklar ichish odat tusiga kirdi. Tetiklantiruvchi bunday ichimliklar avvallari yoshlar orasida urf bo‘lgan bo‘lsa, hozir qariyb barcha odamlarning qo‘lida ularni uchratish mumkin. Hatto bunga mukkasidan ketgan, kuniga bir necha banka ichadigan odamlar ham kam emas. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: uni haddan ortiq miqdorda ichishning foydasi ko‘pmi yoki zarari?
Albatta, ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarining xavfsiz ekani haqida gapirishlari tabiiy xol. Aslida ham shundaymi? Buni tekshirib ko‘rish uchun ichimlikning tarkibiga nazar solinsa, kifoya.
Aytish kerakki, ikki turdagi ichimliklar mavjud. Birinchisining tarkibi kofeindan iborat bo‘lib, u ishga ko‘milgan odamlar, doim kech qoluvchi talabalar uchun bo‘lsa, ikkinchisi uglevod va vitaminlarga boy ichimlik. U sport zallariga qatnovchilar uchun mo‘ljallangan.
Kofein miya faoliyatini kuchaytiradi va yurakning chidamliligini oshiradi. Biroq charchoq nimaligini sezmaslik uchun organizm kamida 3 ta idishdagi quvvatbaxsh ichimlik ichishni talab qiladi. Kuchli stimulyatorli bu turdagi ichimliklarni ko‘p miqdorda ichish esa, o‘z navbatida, zarar sanaladi.
Ichimlik tarkibida, shuningdek, guaran ham mavjud bo‘lib, kuchli jismoniy zo‘riqish chog‘ida og‘riqlarni kamaytiradi, jigarni tozalaydi, aterosklerozning oldini oladi. Qolaversa, bu turdagi ichimliklarda jenshen mavjud va u charchoq va tushkunlikni kamaytiradi, butun organizmning ishlashga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi.
Bundan tashqari ichimliklar tarkibida taurin, karnitin, matein va melatonin kabi komponentlar ham bor. Birinchisi yurakning ishchanligini oshiradi, xolesterinni ozaytiradi, quvvat beradi. Ikkinchisi inson organizmi to‘qimalaridagi yog‘li kislotalar parchalanishi va moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Matein ochlikka qarshi kurashadi. Boshqacha aytganda, to‘q tutadi. Melatonin insonning kunlik ritmini mo‘’tadillashtiradi.
Xo‘sh, quvvatbaxsh ichimliklarning qanday plyus va minus tomonlari bor.
Plyus jihati 1. Kayfiyatni ko‘taradi.
2. Aqliy faoliyatni kuchaytiradi
Manfiy jihati 1. Ichishni nazorat qilish. Kuniga 2 bankadan ortiq ichish mumkin emas. Aks holda, arterial bosim va qondagi qand miqdorini oshiradi, depressiya va asabiylikni keltirib chiqarish ehtimoli yuqori.
2.Gipertonik va gipotonik kasaliga chalinganlar quvvatbaxsh ichimlik ichishi tavsiya qilinmaydi.
3. Kofein, ya’ni quvvatbaxsh modda asab tizimining buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
4. Glyukoza va kofein aralashmasining, ayniqsa, yosh organizm uchun zarari ko‘proq.
5. Shunday turdagi ichimliklarning doimiy ravishda ichilishi yurak urushining me’yorini buzadi.
6. Sport ishqibozlari uchun ham mashg‘ulotlardan so‘ng quvvatbaxsh ichimliklarni ichmaganlari ma’qul. Ular organizmdagi suyuqlikni chiqarib yuboradi.
Xulosa
Ko‘pincha quvvatbaxsh ichimliklar inson organizmiga quvvat beradi, deyishadi. Aslida esa u organizmning ichki quvvat manbasini ochib yuboradi. Tana ichimlikning emas, balki o‘zining energiya zaxirasidan foydalanadi. Shuni unutmaslik kerakki, bugungi kuchli ishchanlik ishtiyoqi organizmga ertangi uyqusizlik, charchoq va depressiyani chaqirishi mumkin. Shunday ekan, quvvatbaxsh ichimliklarga ko‘p ham ruju qo‘ymang. Hamma narsaning ham me’yori bor. Xalqimiz bu borada topib aytgan: “Asalning ham ozi shirin”.
Internet materiallari asosida tayyorlandi.