Bilasizmi?

Qozog‘iston kuzda O‘zbekistonga benzin eksport qilishni boshlaydi

Qozog‘iston Respublikasi ushbu yilning kuz mavsumidan boshlab Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga benzin yetkazib berishni boshlaydi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.

Neft mahsulotlarini qayta ishlash, transportirovka qilish va marketingi bilan shug‘ullanadigan "Kazmunaygaz" kompaniyasi vakili Daniyar Tiyesov xabariga ko‘ra, yil oxiriga qadar Qozog‘iston 400 ming tonna benzin eksport qilishni rejalashtirgan.

Tiyesov aytishiga qaraganda, bugungi kunda Qozog‘istonda ortiqcha miqdorda benzin to‘planib qolgan va uning hajmi kun sayin oshib bormoqda. Ushbu yilning kuziga qadar Qozog‘iston hukumati barcha hamkor mamlakatlar bilan kerakli hujjatlarni imzolashni niyat qilgan.

Kelasi yilda Qozog‘iston Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berilayotgan benzin hajmini 1-1,2 mln tonnaga yetkazishni rejalashtirgan.