Ilmiy kuzatuv va xulosalar inson o‘zining qon guruhidan kelib chiqib, taomnomasiga kerakli mahsulot va taomlarni kiritishi zarurligini ko‘rsatmoqda. Bu nafaqat kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini oladi, shu bilan birga ortiqcha vaznning yo‘qolishi, tana uchun kerak bo‘lgan vaznga ega bo‘lishimiz uchun ham ayni muddao.
Buni ilmiy yoki tibbiy asosda izohlaydigan bo‘lsak, gap shundaki, oziq-ovqatlarning kimyoviy tarkibi qondagi moddalar bilan reaksiyaga kirishadi. Mahsulotlar tarkibidagi oqsilning bir turi bo‘lgan lektin moddasi bunda muhim rol o‘ynaydi. Agar mahsulot tarkibi qon tarkibiga nomuvofiq kelsa, inson tanasidagi immunitet tizimini kuchsizlantirishga urinuvchi genlar oqsilga qarshi kurashadi. Oqibati ozuqaning yaxshi hazm bo‘lmasligi, vitaminlarning qonga so‘rilmasligi hamda vaznning ortib ketishiga olib keladi.
Misol uchun, noto‘g‘ri mahsulotlarni tanlash tanadagi vaznni nazorat qiluvchi, oqsil moddasi tomonidan ishlab chiqariluvchi leptin oqsilining 95 foizini tanadan chiqarib yuborilishiga sabab bo‘ladi. Leptinning bor-yo‘g‘i 5 foizi qon tarkibida qoladi va ortiqcha yog‘larga qarshi kurashadi. Shunday ekan, quyidagi maslahatga amal qilish salomatligingiz uchun xizmat qilishi mumkin.
“O” turidagi qon guruhi
Bunday guruhga mansub qon egalari uchun ko‘proq oqsil kerak bo‘ladi va ularning go‘sht va baliq mahsulotlarini iste’mol qilishlari maqsadga muvofiq. Ammo oqsilga juda boy bo‘lgan loviya, fasol kabi dukkaklilardan tiyilish lozim. Ular meva hamda sabzavotlarni xush ko‘rib yeyishlari mumkin. Bu turdagi qon guruhiga ega bo‘lganlar ortiqcha vaznlariga qarshi kurashayotgan bo‘lishsa, loviya, yasmiq doni, makkajo‘xori, bug‘doy o‘simligi donlarini hamda brokolli va karam singari krestogullilar oilasiga mansub sabzavotlarni kamroq yeyishlari kerka.
“A” turidagi qon guruhi
Bu turdagi qon egalari taomnomlariga sabzavotli ovqat va salatlarni qo‘rqmasdan kiritishsa bo‘ladi. Mevalar ham ular uchun juda foydali. Bu qon guruhi juda bag‘rikeng, ya’ni u injiq emas. “A” turidagi qon egalari salomatlik uchun xavfli bo‘lmagan barcha ozuqa mahsulotlarini iste’mol qilishlari mumkin. Agar ular yana ham kelishgan va ixcham bo‘lishni istasalar, loviya, bug‘doy hamda go‘sht mahsulotlarini kamroq iste’mol qilganlari ma’qul.
“B” turidagi qon guruhi
Bu qon guruhi ham barcha turdagi tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan chiqisha oladi. Agar me’yorni unutib qo‘ymasak, albatta. Bu turdagi qon tarkibi go‘sht, sut mahsulotlari, tuxum, meva, sabzavotlar, don-dunlarni yaxshi qabul qiladi. Ammo tovuq go‘shtini ko‘p iste’mol qilishdan tiyiling. Agar ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan bo‘lsangiz, no‘xat, jo‘xori, bug‘doy mahsulotlarini onda-sonda iste’mol qiling.
“AB” turidagi qon guruhi
Bu qon turi ham ko‘pchilik mahsulotlar tarkibidagi darmondorilarni qiynalmasdan qarshi oladi. Ayniqsa, bu qon guruhi mavjud va ozishni istagan kishilar uchun mevalar juda foydali. Shuningdek, taomnomaga sut mahsulotlarini ham ko‘proq qo‘shish kerak. Ammo go‘sht, makkajo‘xori va loviya me’yoridagi vaznga ega bo‘lishni istaydigan kishilarga tavsiya qilinmaydi.
Ba’zida o‘zimiz yaxshi ko‘radigan ovqatlarni ko‘proq yeb qo‘yishdan qo‘rqamiz. Bizga yoqsa ham, tanamizga bu yoqmaydi va bizni azoblashidan cho‘chiymiz. Buning asosiy sababi esa, ehtimol yuqoridagi ilmiy qarash bilan bog‘liq. Nima bo‘lganda ham, har taomning me’yori bo‘lgani yaxshi.
Doimo sog‘-salomat bo‘ling!