Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonun nega kerak?
Qonun jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida qabul qilindi. Ushbu Qonun fuqarolarning sog‘lig‘ini chilim va elektron sigaretalar chekishning zararli ta’siridan, u bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan muhofaza qilishga, shuningdek jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy sharoitlarini yaratishga qaratilgan.
Qaysi hududlarda chilim va elektron sigaretalarni chekish mumkin emas?
"Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida"gi qonun bilan chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmaydigan hududlar ro‘yxati belgilandi. Unga ko‘ra,
– statsionar savdo ob’yektlarida, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;
– kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlarda;
– klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylarda;
– muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va ma’ruzaxonalarda;
– mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yo‘nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, shuningdek havo kemalarida;
– yer osti o‘tish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;
– aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;
– davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;
– sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida;
– ish joylari bo‘lgan xonalarda;
– ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklarida, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;
– xiyobonlarda, bog‘larda, ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida chekishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlarga kimlar mas’ul?
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning mansabdor shaxslari (ma’muriyati), shu jumladan o‘z tasarrufida (mulkida, egaligida, foydalanishida) hududlar, binolar (xonalar), inshootlar va jamoat joylarida joylashgan boshqa ob’yektlar, shuningdek ushbu Qonun 6-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisida ko‘rsatilgan transport vositalari bo‘lgan shaxslar jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslardir.
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklashga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar:
- jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarishi;
- chilim va elektron sigaretalar chekayotgan shaxslarni jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirishi, huquqbuzarlik davom ettirilgan taqdirda esa ichki ishlar organlariga xabar berishi;
- hammaga ko‘rinarli joyga, shu jumladan binolarga (xonalarga) kirish joylariga, transport vositalariga va boshqa ob’yektlarga jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantiruvchi lavhalarni joylashtirishi shart.
Qonun ijrosi qaysi organ nazoratida?
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni ichki ishlar organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradi.
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Qanday jazo ko‘riladi?
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 561-moddasiga asosan Jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, bundan tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar mustasno eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Biroq mazkur qonunda aynan ushbu jazo turi qo‘llanilishi qayd etilmagan.