Bilasizmi?

Qarzni to‘g‘ri rasmiylashtiramiz: chuv tushmaslikning yo‘llari

Yuridik jihatdan buni qanday rasmiylashtirish to‘g‘ri bo‘ladi – bu savolga O‘zbekiston Hakamlik sudlari uyushmasi sudyasi Azamat Hatamov so‘zlab berdi.

Pul berarkansiz, kimga va qanday maqsadlar uchun qarz berayotganingizni o‘ylab olishingiz kerak. U ishonchli odam bo‘lsa ham, ehtiyotkorlik ortiqchalik qilmaydi – qarz majburiyatini yuridik rasmiylashtirish kerak, buning uchun qarz shartnomasi tuziladi.

“Yaqin kishisidan tilxat olish? Bu qanday gap!?”– qarindoshingiz yoki do‘stingiz shunday fikrga borishi tabiiy. Biroq, agar u inson haqiqatan qarzni qaytarishni istayotgan bo‘lsa, tilxat yozib berish unga mutlaqo og‘ir tushmaydi. Bu hujjat qarzdorga u zimmasiga yuridik majburiyatlar olganligini eslatib turadi.

Tilxatmi yoki qarz shartnomasi?

Agar qarz summasi eng kam ish haqining o‘n barobaridan kam bo‘lsa, jismoniy shaxslar o‘rtasidagi qarz shartnomasini oddiy yozma shaklda (tilxat ko‘rinishida) tuzish tavsiya etiladi. Bu holatda notarial tasdiqlash va guvohlarning mavjud bo‘lishi talab etilmaydi.

Bundan katta summalarda yuristlar qarz shartnomasini tuzishni tavsiya etadilar, unda tomonlar kelishuvining barcha jihatlari ko‘rsatib o‘tilishi kerak. Shuningdek, hujjatni notarial idorada rasmiylashtirish lozim – bu ikkala tomon uchun ham chiqimli bo‘lishini yodda tuting. Shu sababli, aksariyat hollarda, kreditorlar guvohlar ishtirokida tilxat yozdirib olish bilan kifoyalanadilar. Mazkur hujjat notariusda imzolangan shartnoma bilan barobar kuchga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 737–743- moddalarida qisman qarz rasmiylashtirilishidagi fuqarolik huquqlari tushuntiriladi va ulardan hamma boxabar bo‘lishi lozim.

Pul mablag‘larini taqdim etish to‘g‘risidagi shartnoma o‘z ichiga quyidagilarni olishi kerak:

– tilxatning huquqiy nomlanishi (pul mablag‘larini (g‘arazli yoki beg‘araz asosda) qaytarish sharti bilan olish tilxati);

– qarzdor FIO va pasport ma’lumotlari;

– raqamli va yozma shaklda qarz summasi;

– qaytarish shart-sharoitlari (foiz miqdori yoki uning mavjud emasligi);

– qarzni qaytarish muddati va pullarni qarz beruvchiga berish usuli;

– sana, ikki tomon imzosi va guvohlar imzosi.

Shartnoma ikki nusxada tuziladi – ikki tomonga bittadan.

80 foiz holatlarda odamlar qarz majburiyatlari to‘g‘risidagi hujjat tuzishda xatoga yo‘l qo‘yadilar. Yuqorida keltirilgan bandlardan birining mavjud emasligi yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar sud jarayonida qarz beruvchi uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, yaxshisi, barcha ma’lumotlarni yaxshilab tekshirish lozim. Qarz oluvchi pul olingani haqidagi tilxatni o‘z qo‘li bilan yozishi lozim: kelgusida bu qarzdorning o‘z imzosidan tonishining oldini oladi. Zarur hollarda hujjat ekspertizaga berilishi mumkin.

Agar siz hujjat tuzilishining to‘g‘riligiga shubhalansangiz, yuristga murojaat qiling yoki advokat bilan maslahatlashing. To‘g‘ri tuzilgan shartnoma (yoki tilxat) sud muhokamasida yutib chiqish uchun yetarli asos bo‘ladi.

Pulni tayinli insonga qarz berayotganingizga ishonch hosil qilish uchun kichik surishtiruv o‘tkazing va quyidagi jihatlarga e’tibor bering:

– pul nima uchun kerakligi;

– qarz oluvchining moliyaviy va ijtimoiy holati;

– qarz oluvchining ish joyi;

– tilxat muddati tugagach, xatarni taxminiy baholash.

Muddat tugadi, puldan esa darak yo‘q

Agar qarzdor pulni qaytarishdan bosh tortayotgan bo‘lsa, birinchi navbatda uchastka noziri va mahalla qo‘mitasini xabardor qilish kerak. Agar bu ikki instansiya qarzdorni insofga chaqira olmasa, siz hech ikkilanmay sudga murojaat qilishingiz mumkin. Qonunga ko‘ra, siz muddat tugagan sananing ertasigayoq, qardzorni ogohlantirib o‘tirmay, sudga murojaat qilish huquqiga egasiz.

Da’vo arizasi namunasi:

O‘zR JK 327- moddasiga ko‘ra, birovning pul mablag‘laridan foydalanganligi uchun qarzdor O‘zR MB qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqib foizlar to‘lashi kerak, u hozirda yillik 14%ni tashkil qilmoqda. Masalan, agar qarz summasi 10 mln so‘m bo‘lsa, yillik 14% hisobidan bir kun uchun foiz 3835 so‘mga teng bo‘ladi. Agar muddat tugaganidan, aytaylik, 180 kun o‘tib ketsa, foizlar summasi 690 410 so‘mni tashkil qiladi.

Foizlardan tashqari, to‘lov cho‘zilgani uchun jarima belgilanishi ham mumkin. Jarima summasini tilxatda ko‘rsatish lozim.

Yuridik shaxs bo‘lsachi?

Agar yuridik shaxs noinsoflik qilayotgan bo‘lsa, albatta yurist bilan maslahatlashing. Har bir shartnomada bahsli masalalar qanday hal etilishi yozib qo‘yilgan band (tushunchalar) bo‘ladi. Yuridik shaxs bilan shartnoma tuzishda, unda hakamlik yoki boshqa sudlarni ko‘rsatib o‘tish lozim.

Tilxat bo‘lmasachi?

Bu holda ham pullarni qaytarib olish mumkin, biroq bunda barcha nozik jihatlarni hisobga olish kerak. Birinchi navbatda advokatga murojaat qilish kerak. Bu holatlarda qanday nozik nuqtalar bo‘ladi? Qalloblar – har kimdan qarz olib, hech kimga bermay yeb ketadigan odamlar ham uchraydi. Shuningdek, hali bu borada pixini yormagan kishilar ham bor. Bunday holatda qarz qaytarilmasa, huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishga majbur bo‘lishingizni aytib ogohlantirib qo‘ying.

Sudda ish berishi mumkin bo‘lgan yana bir fakt – shohidlarning mavjudligi. Sudda ikki tomonga mojaroni tinchlik yo‘li bilan hal etish taklif etiladi, lekin, agar qarzdor gapga ko‘masa, ish bo‘yicha O‘zR JK 168–169- moddalari bo‘yicha qalloblik yuzasidan jinoiy jarayon qo‘zg‘ashlari ham mumkin.

Shuni yodda tutish kerakki, qarz shartnomasini noto‘g‘ri tuzish aksariyat holatlarda fuqarolik-huquqiy bahslarga olib keladi. Qarz majburiyatlari bo‘yicha 90% vaziyatda hakamlik, fuqarolik va xo‘jalik ishlari sudlarida pulini qaytarish istagida bo‘lgan tomon qarz shartnomasini tuzishda yuridik xatoliklarga yo‘l qo‘ygan yoki qarzdor bilan mutlaqo hech qanday hujjat imzolamagan bo‘lib chiqadi.

quotes_mini90% vaziyatda da’vogar qarz shartnomasini tuzishda yuridik xatoliklarga yo‘l qo‘ygan yoki qarzdor bilan mutlaqo hech qanday hujjat imzolamagan bo‘lib chiqadi.

 

Shunday ham bo‘ladiki, qarzdor qarzidan to‘liq qutilgan bo‘ladi, lekin qarz beruvchi go‘yoki qarz qaytarilmaganligi haqida sudga da’vo bilan chiqadi. Qarzdor ham hazir bo‘lishi kerak: qarzni bo‘lib-bo‘lib to‘laganda har gal qaytarilgan pul summasi ko‘rsatilgan tilxat olish lozim. Aks holda, qarzni to‘lab ham, vijdonsiz kreditordan qutulib bo‘lmay qoladi.

Qarz to‘lovi bilan go‘zal. Tilxat esa, bu to‘lovni yuridik jihatdan mustahkamlaydi. Shu sababli, kimga qarz berishingizdan qat’iy nazar, ehtiyot-shart o‘zingizni himoyalang va qarz bitimini tasdiqlovchi hujjatni rasmiylashtirib qo‘ying.

Manba: Kommersant.uz