Shoshib turibman. Ishxonaga kameralar qo‘yilgan. Kech qolmaslik uchun taksi ushlash kerak. Aksiga olib oxirgi vaqtda kirakashlar... xullas, tushundingiz. Betoqatligimning sababi shu.
Nihoyat bitta taksi razvedkachilarga o‘xshab zimdan alanglagancha to‘xtadi:
- Ho‘, ukam, qatga borasan?
- Falon joyga.
- Oting nima?
- Abdushukur.
- Qatta ishlaysan.
- Neftegazda.
- O‘ylaring qatta.
- Farg‘onada.
- O‘tir... Man amakingman. Doda deyvur. Otim Saidxoja. San jiyanimsan. Ikkalamiz Yunusobod mebel magazinga ketvommiz. Birov so‘rab qolsa...
U kompyuterdan chiqarilgan o‘zi haqda batafsil ma’lumot bor varaqni tutqazdi. Vu-uy, kuchugining ismidan tortib qaysi jamoaga muxlislik qilishigacha!
Yo‘lda bir kennoyi qo‘l ko‘tardi. Uyam taksi kutaverib xit bo‘lib ketibdi. Shunga qaramay anketaga batafsil javob berdi.
- Siz singlimsiz. Birato‘la jiyanizga parda tanlashgani ketvossiz. Mani ismim Saidxoja. Abdushukur, qolganini kenayingga tushuntir, varoqni ber.
- Qanaqasiga kennoyim bo‘ladilar sizga singil bo‘lsalar, menga amma bo‘lmaydilarmi, - e’tiroz bildirdim.
- No‘, buyog‘ini o‘zing to‘g‘irla.
Chinor salqinida turgan kampir xolaning oldida qiyyyq etib to‘xtadik. Nimalar deyapman, qishda chinor salqini bo‘ladimi?
- Assalomu alaykum o‘g‘lim. Otim Fazilatxon. Yoshim oltmish oltida. Qatiqli go‘jani yaxshi ko‘raman. Qorasaroyga boraman.
- Onam, onam, o‘tiring, onaginam, bardammisiz. Man bo‘lsa, palovni. Yuventusga bolelshikman. Abdushukur, opoqingni qo‘llaridan so‘mkani olmaysanmi?
- E, qanaqa odamsiz, sizning onangiz menga buvi!
- Onam, Yunusobod orqali sizni Qorasaroyga tashlayman. Mani otim Saidxoja.
Haydovchi tarjimai holi, qayerda yashashini batafsil boshqatdan tushuntirdi.
Yo‘lda bizga amakimning qaynsinglisi, qudasi, tog‘asining o‘g‘li hamroh bo‘lishdi.
- Qiyin bo‘p ketdi,-dedi haydovchi. –Otning kallasiday jarima qo‘yib qo‘ygan. To‘xtatib yo‘lovchi bilan sho‘pirdan melisa bilan serjanti alohida-alohida so‘raydi: “Oting nima?”, “Yoshing nechada?”, “Qayerda turasan?”, “Nechta bolang bor?”, “Bugun nima yeding?”.. gemorroy.. Olmazor yo‘lida turganlar qaysi ovqatni yaxshi ko‘rishini so‘raydi. Javoblar mos kelmasa, yigirma beshta minimalka yutuqqa chiqib turibdi-da.
- Siz ham bo‘sh kelmaysiz.
- Manam bo‘sh kelmayman. Iyya, bizni to‘xtatdimi?! Bu “tufli”ku. Esingda tut, man 43 razmer kiyaman.