Do‘st tanlash misoli tarvuz tanlashdek: yaxshisini topguncha 100 tasini chertib ko‘rishga to‘g‘ri keladi, degan naql bor. Ammo, quyidagi maqola sizni tarvuz tanlashda ham adashmasligingizga yordam beradi.
Tarvuz – yozning eng sevimli poliz ekinlaridan biri. Ayniqsa, yozning issiq kunlarida yengil va mazali tamaddi uchun tarvuzdan bo‘lak foydali mahsulot topish mushkul. Kaloriya miqdori kam holda, tarvuz o‘z tarkibida bir qancha darmondori, tanadagi zaharlarga qarshi kurashuvchi amino kislotalarni jam qilgan.
Tarvuz tanlash sirlari:
Tarvuz po‘stlog‘i: Tarvuz tanlayotganingizda uning po‘stlog‘i qattiq, rangi tiniq, yarqiroq va silliq bo‘lishiga ahamiyat bering. Yaxshi pishgan, shirin tarvuzning po‘stini osongina tirnoq bilan tirnash mumkin.
Chertib ko‘ring: Urib ko‘rsangiz, pishgan tarvuzdan jarangdor ovoz chiqadi.
Quruq band: Tarvuzning «dumcha»si, ya’ni bandi quruqshab turgan bo‘lsa, bu uning pishganini bildiradi.
Vazn: Katta ko‘ringani bilan yengil tuyilgan tarvuzni tanlash kerak. Bu uning sersuv ekanidan darak beradi.
Sariq dog‘: Tarvuzning yerda turgan qismidagi dog‘i sarg‘ish yoki to‘q sariq rangda bo‘lishi kerak. Imkon qadar sariq dog‘i juda katta bo‘lgan tarvuzni tanlamang. Siz tanlagan tarvuzda umuman sariq dog‘ bo‘lmasa yanada yaxshi. Bu dog‘ tarvuzning quyosh nuridan bebahra qolgan qismidir. Ya’ni, fermer tarvuzni o‘z vaqtida kerakli tomonga dumalatmagan.
Tarvuzni siqib ko‘rish: Pishgan tarvuzni ikki kaft orasida siqib ko‘rish mumkin, agar siqishning imkoni bo‘lmasa, demak xom.
Tarvuzning shifobaxshligi
Tarvuzda ko‘p miqdorda folat kislotasi mavjud bo‘lib, u qon yaratishda ishtirok etadi. Tarvuz jigarni tozalashda eng foydali mahsulotlar sirasiga kiradi. Shuningdek, u ko‘rish qobiliyatini, qon bosimini yaxshilaydi.
Fakt
Ha, aytgancha, O‘zbekistonda eng katta tarvuz 2015 yilda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida yashovchi fermerlar tomonidan yetishtirilgan. Bu tarvuz 23 kilogramm tosh bosgan.
Samarqandlik jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev bozorda mahsulot xarid qilib yurganda shu katta tarvuzni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan.
"Sotuvchilarning aytishicha, tarvuz Samarqand tumanining Rustam-qishlog‘ida yetishtirilgan”, deb aytdi jurnalist.
Jahonda esa eng ulkan tarvuzni Turkiya fermerlari yetishtirganlar. Ularning tarvuzi 58 kg vaznga ega bo‘lgan.