O‘zbekistonda o‘quv dasturlari ishlab chiqish jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bu muammolarga byurokratlarning ishga xalaqit berishi, maktab va universitet o‘qituvchilari/domlalarining bu ishga jalb qilinmaganligi va hokazolar kiradi. O‘quv dasturlarini ishlab chiqish idoralarida ishlaydigan ekspertlar maktab darsliklarining zamondan eskirib qolgan qismlarini qayta ko‘rib chiqishda akademik resurslardan risoladagiday foydalana olmayaptilar. Aslida ular professional maslahat so‘rashlari va aminmanki, ekspertlar O‘zbekistonda o‘quv dasturlari ehtiyojlarini qondiruvchi innovatsion yechimlar bera olishlari mumkin.
O‘quv dasturi nima ekaniligi haqida savol paydo bo‘lishi mumkin. Aytish joizki, ta’lim haqida so‘z yuritilganda, aqlga keladigan eng muhim fikr o‘quv dasturi haqida bo‘ladi. O‘quv dasturi maktab/universitet ma’muriyatlarining talabalarga beradigan ta’lim va hayot ko‘nikmalariga yo‘ldir.
Shunga qaramay, bizning holatimizda, bu fikr o‘ta noto‘g‘ri tushuniladi va shu sababdan maktablar/universitetlarda talabalar chuqur ta’lim olish imkoniyatidan mahrum. 2003 yil men Shvetsiya universitetida Siyosiy fanlar bo‘yicha magistrlik bo‘limini tugatdim. Hatto o‘sha davrlardayoq men tahsil olgan universitetda Bolonya jarayoni va kreditlar tizimi joriy qilinayotgan edi. Biroq, aminmanki, O‘zbekistondagi universitetlarda hali hanuz, men 1999 yilda tugatgan bakalavr dasturiga o‘xshash eski o‘quv dasturidan foydalanib kelinmoqda. Ba’zan talabalar bir semestrda 8-11 fanni o‘rganishga majbur qilinishadi. Bizga qomusiy bilimlarni yaxshi biladigan, ammo amaliy ko‘nikmalari bo‘lmagan talabalar kerakmi yoki olgan barcha bilimlarini voqelikda qo‘llashga o‘rgatilgan va jamiyatimizdagi barcha muammolarga yechim topa oladigan talabalar kerakmi? Nega endi talabalarimiz miyasini millionlab qo‘llab bo‘lmaydigan va nazariy faktlar bilan to‘ldirishimiz shart ekan? Universitetlarimizda yillar davomida o‘quv dasturi o‘zgartirilmagan. An’anaviy ta’lim davriga nuqta qo‘yishimiz va yangi tadqiqot va rivojlanish davriga o‘tishimiz lozim. 5 iyunda qabul qilingan “Ta’lim haqida” qonun mamlakatimiz prezidenti O‘zbekistonga ko‘proq chet ellik ekspert-olimlarni jalb qilish va xalqaro universitetlarning bo‘limlarini ochishga e’tibor berayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Va ushbu qonunda prezidentimiz yetakchi universitetlarga o‘quv dasturlarini o‘zlari tuzishga yo‘l ochib berdi, biroq, fikrimcha, bu “ichki doiradagi” odamlar g‘oyalarining monopoliyasiga olib kelishi mumkin, ya’ni bir guruh odamlar jamiyatimizning bir necha tabaqalaridan tashkil topgan ekspertlar kengashi bilan maslahat qilmay dastur tuzishlari mumkin. Shu sababdan bizda universitetlar va sanoat orasida katta bo‘shliq, jar mavjud va universitetlarda olgan bilimlari bilan oliy o‘quv yurtini yangi bitirganlar mehnat bozoriga moslasha olmaydilar. O‘quv dasturi bir joyda qotib qolgan jarayon emas, balki dinamik mashg‘ulot bo‘lib, unga jamiyatimizning yangi talablariga ko‘ra o‘zgarishlar kiritilishi mumkin deb aytsak bo‘ladi. O‘zbekistonda o‘quv dasturini ishlab chiqish statik jarayondir. Risoladagiday o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda samarasiz bo‘lishining sabablari ko‘p. Ulardan ba’zilarini ko‘rib chiqishimiz mumkin:
O‘quv dasturlari zamondan orqada qolgan
Birinchidan, o‘quv dasturi zamondan orqada qolgan va u zamonaviy O‘zbekiston jamiyatining mahalliy ehtiyojlariga javob bera olmaydi. O‘quv dasturining muammolari asosan bugungi avlod, men 1990 yillar oxirida va undan oldingi ikki/yoki balki 3 avlod o‘rgangan bilimlarni o‘rganishda davom etmoqda. Dunyoning ko‘p mamlakatlarida talabalar qiyin matematik va ilmiy bilimlarni faoliyatga asoslangan ta’lim orqali o‘zlashtirishadi, bizning talabalar esa ilmiy tushunchalarni yodlash usuli bilan bilisha majbur qilinishadi. Hali-hanuz talabalarning asosiy ixtisosiga umuman aloqasi bo‘lmagan majburiy darslar mavjud. Bir misol, jahonning nufuzli universitetlarida sport sohasida ta’lim olayotgan bo‘lmasalar, talabalar jismoniy tarbiya kabi dars o‘tishi kuzatilmaydi.
Mutaxassis bo‘lmagan shaxslarning ishlashi
Ikkinchidan, o‘quv dasturlari tuzishda mutaxassis bo‘lmagan shaxslarning qatnashuvi ta’lim tizimiga zarar keltirishini aniq bilamiz. Joriy o‘quv dasturlari tuzish jarayoni muayyan maqsad va vazifalarga mo‘ljallangan butun mamlakat uchun yagona siyosatga asoslangan degan fikr ilgari surilishi mumkin. Biroq, mamlakatning turli mintaqalariga yagona ta’lim siyosatni barobar joriy qilish mumkin emas, deb hisoblayman. Shuning uchun, ekspertlar tomonidan talabalarning hozirgi kundagi maqsadlari va dunyodagi yangi yo‘nalishlarga asoslanib ta’lim sohasidagi muammolar yechimini hisobga olgan holda yangi ta’lim siyosati ishlab chiqish lozim. Nazariya va amaliyot orasidagi bo‘shliqni imkoni boricha qisqartirish maqsadida amaliyotchi mutaxassislarni ham jalb qilishimiz lozim.
Akademik tadqiqotlarning yo‘qligi
Uchinchidan, darsliklar tuzish uchun o‘tkaziladigan akademik tadqiqotlarning maqsadga muvofiq emasligi o‘quv dasturlari tuzishdagi muammodir. O‘quv dasturlari idoralarida o‘tirgan ekspertlar maktablarda dars o‘tish uchun materiallarni o‘zlari xohlagancha tanlashini ta’kidlab o‘tishimiz mumkin. Aksar hollarda tanlangan mazmun talab darajasiga javob bermasligini aytib o‘tishim lozim. Mamlakatda o‘quv dasturlari idorasi tizimi tomonidan tasdiqlangan darslik kitoblari o‘rganib chiqilganda, o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqadigan tegishli tadqiqot/baholash tizimi yaratilmaganligi aniq bo‘ladi.
Maktab o‘qituvchilarining o‘quv dasturlari tuzishga jalb qilinmasligi
To‘rtinchidan, maktab o‘quv dasturlarini tuzish va qayta ko‘rib chiqishda turli maktab/universitetlar o‘qituvchilarining akademik tajribasi ham hisobga olinmasligi ham kuzatiladi. O‘zlarining “O‘quv dasturi: nazariya va amaliyot” kitoblarida Daniyel Tanner va Lorel N. Tannerlar maktab o‘qituvchilarining ongli qatnashuvisiz ma’noli o‘quv dasturi tuzishning iloji yo‘q deb aytishadi. Ta’limda o‘zgarishlar joriy qiladigan o‘qituvchilar o‘zgarishlarni joriy qilmaydigan o‘qituvchilarga qaraganda yangi g‘oyalarni tezroq qabul va tadbiq qilishadi. Foydali kuzatuvlar natijalariga ko‘ra, o‘quv dasturlari tuzish jarayonida bilimli o‘qituvchilar qatnashmagan mamlakatlarda maktab darsliklarida o‘zgarishlarni qabul qilishmagan.
Tadqiqotchilarning past akademik ko‘nikmalarining oqibatlari
Maktab/universitetlar uchun o‘quv dasturlari ishlab chiquvchi tadqiqotchilarda akademik ko‘nikmalar sust bo‘lsa, o‘quv dasturining eng muhim jihati – mazmun jiddiy talafot ko‘radi. Talabalar to‘g‘ri yodlab olish jarayonida ta’lim oladilar, chunki darslik kitoblari ularning ta’lim ko‘nikmalariga mos kelmaydi. Talabalarni muammolarni yechuvchi mutaxassis qilib tayyorlash uchun men kitoblarda kundalik hayotimizda duch keladigan muammolar bilan bog‘liq savollar bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman. Bunday savollarga javob berish yo‘li bilan talabalar qiyin holatlardagi vaziyatlarni yechishni o‘rganadilar. Masalan, fanda tezlik tushunchasini o‘rganayotganda, talabalarga avtomashina tezligi va hokazo kabi voqe hayotda mavjud misollarga oid savollar berilishi lozimki, ular tushunchaning qo‘llanilish o‘rnini ham bilishsin.
Mamlakatimizda o‘quv dasturi muammolarini yechish ishida mas’uliyatni his qiluvchi shaxslar va bo‘limlar jalb qilinishi va ular talabalarga faoliyatga asoslangan o‘rganishni ta’minlovchi va ularga muammolarni yecha bilish ko‘nikmalarini rivojlantirishni ta’minlovchi o‘quv dasturlari tuzish lozim
Mahalliy davlat rahbarlari o‘z milliy manfaatlarimizni anglab yetsalargina O‘zbekistonda taraqqiyot va ta’lim ravnaqi imkoniyatdan tashqari tushunchalar bo‘lmaydi!
Azamat Akbarov,
Qozoq Milliy Universiteti professori, Olmaota
(rasmda maqola muallifi)