Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq endilikda 3 yilda bir marta istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha "Taraqqiyot" respublika tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.
Tanlovda tayanch oliy ma’lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yil ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin.
Davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida ularning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
Tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa – eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Bunda tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi.
Tanlov g‘oliblari "Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi"ga muvofiq uch oylik kurslarda o‘qishi hamda mazkur kurslarni o‘tagandan keyin tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi belgilandi.