Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasining joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 21 avgust, seshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi murojaatini inobatga olib, 2018 yil 21—23 avgust kunlari mamlakatda bayram sifatida keng nishonlanishi belgilandi.
Hujjatda Prezidentning 2017 yil 28 dekabrdagi farmonida nazarda tutilgan 2018 yil 24 avgust kundagi dam olish kuni 22 avgust chorshanba kuniga ko‘chirilishi belgilangan.
Qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirishga oid mazkur farmonda, shuningdek, 25 avgust shanbadagi dam olish kunini 23 avgust payshanba kuniga ko‘chirilishi belgilangan edi.
Shunga ko‘ra, 2018 yil 21–23 avgust kunlari 5 kun ishlaydiganlar uchun, 21—22 avgust kunlari 6 kun ishlaydiganlar uchun dam olish kuni hisoblanadi.