Bilasizmi?

Poytaxtdagi daryo va anhorlar qirg‘oqlari obodonlashtiriladi

Toshkent hokimiyati, prokuratura,FVV, IIBB, Yoshlar ittifoqi vakillari, kommunal va yo‘l xizmatlar xodimlari shanba kuni poytaxtning Mirobod tumanidagi Salar kanali qirg‘oqlari holatini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi, deb yozadi Gazeta.uz.

IIBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, kanal qirg‘og‘ini tekshirish jarayonida mas’ul shaxslar tonnalab chiqindilar nafaqat qirg‘oqlar, balki Salar suvini ham ifloslantirayotganiga guvoh bo‘ldi.

«Bu yerlar odamlar ko‘zidan pana bo‘lgani uchungina kimlardir qurilish va maishiy chiqindilarni to‘kib ketmagan. Bularning kattagina qismini uylari kanal bo‘ylab joylashgan mahalliy aholining o‘zi qilgan. Ko‘pchilik qirg‘oqning o‘ziga xo‘jalik inshootlari, hojatxona, tovuq kataklari va boshqalarni qurib olgan. Vaholanki ular suv yuvib ketishi mumkinligini juda yaxshi bilishadi», — deyiladi xabarda.

Mahalliy aholi suvga qurilish chiqindilarini tashlagan, qirg‘oq temir listlar, shifer va boshqa materiallar bilan mustahkamlangan. «Yillar davomida ekologiyaga qanday ziyon yetkazilganini tasavvur qilish qiyin emas», — deya qayd etadi IIBB.

Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari Toshkentning boshqa daryo va kanallar qirg‘oqlarida ham olib borilmoqda.