Poytaxt hokimiyati tomonidan tashqi yoritish elektr tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash dasturi ishlab chiqildi. Hujjat loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda, deyiladi Norma.uz xabarida.
Biror-bir tashkilotning balansida hisobda turmagan ko‘chalarni yoritish ob’yektlari ro‘yxati tuzildi. Shahar bo‘yicha 7 147 ta yoritish uskunasi va 289,5 km tarmoq* shundaylar sirasidan ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Egasiz ob’yektlar 2018−2019 yillar mobaynida tiklanishi hamda ulardan lozim darajada foydalanilishini va saqlanishini ta’minlaydigan «Toshshaharnur» DUK balansiga o‘tkazilishi taklif etilmoqda. Ishlarning belgilangan qiymati — 16 766,3 mln so‘m (mo‘ljaldagi buyurtmachi — «Toshkent shahar hokimiyatining Yagona buyurtmachi xizmati», u yaqin vaqtda «Toshkentqurilishinvest» injiniring kompaniyasi tarkibiga kirishi kerak).
Bundan tashqari, 2018−2022 yillar mobaynida 1 693,1 km.lik tashqi yoritish havo elektr liniyalarini o‘zini tutib turuvchi izolyasiyalangan simlarga almashtirish taklif etilmoqda. Mazkur loyiha qiymati 44 650,1 mln so‘mni tashkil qiladi (mo‘ljaldagi buyurtmachi — «Toshshaharnur» DUK).
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.