Bilasizmi?

Poyga mana bunday bo‘libdi: traktorlar, avtopoyezdlar, avtobuslar, tirkamalar

Poygachilarning ishtiyoqi chek-chegara bilmaydi. Istalgan transportda poyga uyushtirishga tayyor: traktor deysizmi, tirkamali avtomobil yoki avtopoyezd deysizmi, boringki, maysa o‘rgich mashina deysizmi — minib uchsam deydi.

Avtosport degani mashinalarning bir-biridan o‘zish uchun mingga qo‘yib haydashidangina iborat emas. Sayyoramizning turli burchaklaridagi turfa insonlar o‘z qiziqishlari doirasidagi transportlardan vositasida antiqa shoular tashkil etishadi.

Sakkizlikdagi poyga

Boshidayoq aytib qo‘yaqolaylik, eng g‘aroyib poygalar AQShda o‘tkaziladi. Sakkiz raqami shaklidagi poyga yo‘lagida aylanish kimning xayoliga kelibdi deysiz? Dastlabki poygalar Amerikaning Indianapolisida boshlangan. Bu bejiz emas, chunki Indianapolisda AQSh avtomobilsozligiga tamal toshi qo‘yilgan. Poyga o‘tkaziladigan maydoncha nomi Indianapolis Speedrome.

Sakkizlikda aylanma poyga Ikkinchi jahon urushidan so‘ng boshlandi va tezda qizib ketdi. Tez ommalashuviga sabab nafaqat qiziqarliligi, balki texnik talablarning soddaligi ham edi. Poygada istalgan mashina qatnashsa bo‘ladi, faqat oynasi olib qo‘yilishi, xavfsizlik karkasi o‘rnatilishi, himoyaviy anjomlardan foydalanish talab etiladi. Ammo ko‘rib turganingizdek poygada shlemsiz qatnashishni birortasi xayoliga keltirmasa kerak.

Tirkama sudrab kimo‘zarga

Tentakona poygalarning yana biri tirkama sudragan mashinalar musobaqasidir. Musobaqaning talabi yanada oddiy: mashinaga xavfsizlik karkasi o‘rnatishning ham keragi yo‘q. Poygada raqibining tirkamasiga tegish mumkin, aniqrog‘i uzib tashlash olqishlanadi.

https://www.youtube.com/watch?v=Q-2KINLKL5E

Tomoshani qizdiradigan bu g‘ildirakli qayiqlardir. Ularni tirkama o‘rnida mashinaga ulashadi. Ashaddiy ishqibozlarning qiyqiriqlari sadosi ostida maydonda uzilib, ag‘anab yotgan bir qancha qayiq-tirkamalarni ko‘rish mumkin. Mashinalar maydonchada oval va sakkizlik yo‘nalishida bir-birini quvadi. Musobaqa oxirigacha tirkamasi uzilmay qolgan mashina g‘olib deb topiladi va 100 dollardan 500 dollargacha pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

https://www.youtube.com/watch?v=p_IlQuGYlI0

Tirkama bir navi, avtopoyezdga poygada nima bor? Nimadir bor ekan, avtomobilning orqasiga yana ikkita mashina ulab poygada qatnashishyapti. “Parovoz” oldinda, orqadagi ikki avtomobildagilar rulni boshqaradi xolos.

Maktab avtobuslarida poyga

Musobaqalar, odatda, yirik miqyosli “buzg‘unchilik festivali” doirasida o‘tkaziladi va Night of Destruction, Crash-O-Rama, Race of Destruction kabi nomlar bilan tashkil etiladi. Yuqorida aytilgan qoida va talablar amal qiladi, ya’ni mashina oynalari olib tashlanadi, haydovchilar shlem kiyib oladi.

https://www.youtube.com/watch?v=MUuWWqRBpwc

So‘loqmondek mashinalar bir-biriga tegib-tegmay o‘tib ketishini tomosha qilish zavqlidir.

Maysa o‘rgich mashinalar poygasi

Bu musobaqa kecha paydo bo‘lgan deb o‘ylamang. 40 yil ilgari Britaniyada, hattoki, maysa o‘rgich mashina poygachilari uyushmasi ham tuzilgan. Ularning tashabbusi AQSh va Avstraliyadagi bekorchi fermerlarga yoqib, darrov o‘zlarida musobaqa tashkil qilgan. Hozir dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida maysa o‘rgichlarning poyga musobaqalari tashkil etiladi. Hattoki, Finlyandiyada qishki Gran-Pri mavjud. Qiziq, bundan ko‘ra maysa o‘rish bo‘yicha musobaqalashsa bo‘lmaydimi?

https://www.youtube.com/watch?v=yqcNY-ZwYhU

Maysa o‘rgich mashinani Britaniya uyushmasi to‘rt guruhga bo‘ladi. Birinchisi kichik tomorqadagi maysani o‘rishga mo‘ljallangan, itarib yuriladigan mashina, qolganlari esa o‘tirib boshqariladigan texnika. Ularning tezligi 100 km/soatgacha chiqadi. Buyuk Britaniyada poyga 14 bosqichda o‘tkaziladi, ularning biri 12 soatli marafondir. 2016 yilda unda 43 jamoa ishtirok etdi, yetakchilar yo‘l yursa ham mo‘l yurib, naq 600 kmga yaqin yo‘l bosdi.

“LeMonda 24 soat”

Ushbu musobaqa “Le-Manda 24 soat” poygasining o‘xshatma variantidir. Uning talablaridan biri shuki, avtomobil xaridi va ishlov berishga 500 dollardan ortiq mablag‘ sarflash mumkin emas. Albatta, bunga karkas, o‘rindiq, kamar, o‘t o‘chirgich kabi xavfsizlik anjomlari hamda shina, yonilg‘i, tormoz tizimi kirmaydi. Qimmatroq mashinani xarid qilib va ortiqcha qismlarini sotib yuborib, chiqim bo‘yicha o‘rnatilgan cheklovga rioya qilgan holda poygada qatnashish mumkin.

https://www.youtube.com/watch?v=WaJW7d4ZRgw

Poygada turli sinfga mansub yuzdan ortiq avtomobillar qatnashadi. Tashkilotchilarning maxsus nominatsiyalaridan umidvor ishtirokchilar mashinasini olaquroq aksessuarlar bilan bezaydi. Hozir bu musobaqa shunchalik ommalashganki, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham o‘tkazilmoqda. Yashil qit’ada sarflanadigan pul miqdori 999 Avstraliya dollaridan oshmasligi belgilangan.

“Traktorchilar! Qani, o‘rtaga”

Qishloq xo‘jaligi texnikasi poygasi “Bizon-Trek-Shou” ataladi. Bunday poyga Rostov viloyatida o‘tkazilgan va unda 29 qatnashchi 14 kmli trassada bellashgan. Ularni 40 ming tomoshabin kuzatgan.

https://www.youtube.com/watch?v=qWH5_id_XsU

Traktorlar oddiy emas, poygaga maxsus tayyorlangan bo‘lib, soatiga 75 km/soat tezlikka osongina chiqadi, suvni kechib, tepaliklardan oshib marraga intiladi.

Loy va balchiqqa botib, shinasidan ajralmasdan marraga yetib kelishning gashti o‘zgacha bo‘lsa kerak. Darvoqe, bunday tomoshani o‘zimizda ham tashkil etishga sharoit bor. Nima dedingiz?

Yo‘lsizlikda yo‘l topib

Ehtimol, siz baggi yoki maxsus tayyorlangan yo‘ltanlamaslarning qumtepaliklar va tosh yo‘llar uzra poygasini ko‘rgansiz. Islandlar esa yanada keskin va xatarli tadbir uyushtirdi. U Formula Offroad deb nomlanib, dastavval, qutqaruv brigadalarining qudratini namoyish etishga mo‘ljallangandi. Tomoshabinlar aridek yopirilgani bois, keyinchalik, shouga aylangan.

https://www.youtube.com/watch?v=rrXVdkycF80

Videolavhani ko‘rdingizmi? 1600 ot kuchigacha ega bo‘lgan bu “yalang‘och” avtomobilni to‘xtatadigan to‘siqning o‘zi yo‘q. Suv deysizmi, tik tepalikmi, ko‘rdim demaydi. Osmasi o‘ta chidamli.

Tuproqda dreg-reysing

Dreg-reysing bu avtomobillarning qisqa masofaga (sprint singari) haydashga musobaqalashuvidir. Yashil chiroq yonishi bilanoq chang-to‘zonli iz qoldirib marra sari uchadi. Asli bu musobaqa tezlanish sinovidir. Qatnashuvchi mashinalar bejizga nayzasimon shaklda ishlanmagan.

https://www.youtube.com/watch?v=A6XEMrLSCII

Poyga to‘ppa-to‘g‘ri yo‘lda o‘tkaziladi. Unda dvigatelining quvvati o‘n ming ot kuchigacha yetadigan avtomobillar qatnashadi. Nayzasimon mashinalar bir daqiqaga yetmasdanoq 100 km/soat tezlikka chiqadi. Marra 402 metrda bo‘lib, uni 4 soniyaga qolmasdan bosib o‘tadi.

Orqaga yuring

Antiqa poyga turlarining deyarli bari sanaldi. Orqaga yurish mahorati chetda qolib ketishi mumkin emas. Qaysi haydovchi orqaga tez va abjirlik bilan yurishga urinib ko‘rmagan deysiz. Odatda, bunday musobaqaga eski-tuski mashinangiz bilan xavfsizlik karkasini o‘rnatmasdan qatnashsangiz ham bo‘laveradi. Chunki baribir ancha sekin haydaysiz.

Darvoqe, zich qatorda ishtirokchilar bir-birini taraqlatib urib olishi ham uchrab turadi. Murakkab tomoni orqa g‘ildirakni burish. Haydovchining bo‘ynilari og‘rib ketsa kerak.

https://www.youtube.com/watch?v=UYYqi4RTL7Y

Bu poyga ham “buzg‘unchilik festivali” doirasiga kiritilgan.