Ish

People 2 People uslubidagi biznes

Bu insonning miyasiga go‘yo hisoblagich o‘rnatilgan. Kuchli matematik qobiliyati tijoratdagi iste’dodi va mahoratining qirralaridan biridir. Bundan tashqari, o‘ta xushmuomala, diqqat-e’tiborli, samimiy kishidir. Asl inson. Zafar Hoshimovni tinglash imkoniyati paydo bo‘ldi deguncha, tajribaga asoslangan qimmatli bilimidan bahramand bo‘lishga, undan ilhomlanishga va voqea-hodisalarga yangicha nuqtai-nazardan nazar solishga harakat qilaman. Bugun ham shunday bo‘ldi.

“Korzinka” magazinlari asoschisi, ijtimoiy tarmoqlarda hozirjavob bo‘lgan Zafar Hoshimov INXA universitetida o‘tkaziladigan Start-ap Miksning 20 yillik to‘yida hozir bo‘ldi. Taqdimot darakchisi “Ijtimoiy tarmoqlar biznes tarkibiy qismi” deb nomlandi. So‘zga chiqqanlar ko‘p, ammo Zafar akani hamma tingladi desak xato bo‘lmaydi. Ko‘p gapirmasdan u kishi nutqida to‘xtalgan eng ilhombaxsh, kutilmagan g‘oyalari bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

  • Ilgari qabiladoshlar muloqot qilish uchun gulxan atrofida to‘planishgan bo‘lsa, hozirda ijtimoiy tarmoq gulxan vazifasini o‘tamoqda. Ijtimoiy tarmoqlar istalgan vaqtda fikr almashish uchun qulay platformadir.
  • Ijtimoiy tarmoqlar butun sayyorani qoplagan “sarafan radiodir”
  • “Oltita qo‘l siqish” nazariyasi o‘zgardi. Bugunga kelib sayyoradagi istalgan ikki inson Feysbukda 3,5 qo‘l siqish orqali bog‘langandir.
  • Agar siz kun bo‘yi ijtimoiy tarmoqda vaqtichog‘lik qilib o‘tiradigan SMMchi yollasangiz buning nafi yo‘q. So‘zlashish qobiliyatini ishga solish kerak. Ishonish, anglash, tinglash, javob berish, suhbat qurish, o‘z mushtariylari jamoasini tuzish zarur.
  • B2B, B2C munosabatlar dolzarbligini yo‘qotdi. P2P - “people to people” – yangi fenomeni paydo bo‘ldi. Buni tushungan kompaniyalar yakkama-yakka tarzda munosabat o‘rnatishyapti. Bu ijtimoiy tarmoqlarga ham tegishli bo‘lib, strategik manfaatli nuqtaga erishuvda qo‘l keladi.
  • Ilgari biznes mijoz bilan shaxsan, yuzma-yuz aloqa o‘rnatish, o‘zaro qo‘l siqish hisobiga mavjud edi. Yuzma-yuz tanishish, ismini bilish rol o‘ynardi. Ijtimoiy tarmoqlar bu munosabatlarni qayta jonlantirdi.
  • Gap ijtimoiy tarmoqlar xususida ketganida “Bo‘ladimi, bo‘lmaydimi?”ga o‘rin yo‘q. “Qayerda va qanday bo‘ladi”, degan savol bor xolos.
  • Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan biznesning tuzilish dasturi o‘z-o‘zidan yuzaga keladigan hodisa emas, bu nozik yumushdir. Har bir so‘z muhim, kim, qanday, qachon va nimani so‘zlaganligi.
  • Layk va repostlarni ko‘paytirish maqsad bo‘la olmaydi. Kompaniya maqsadini ijtimoiy tarmoqlardagi strategiyaviy maqsadlarga bog‘lash muhim.
  • SMMchini reputatsiyani boshqarishga o‘rgatgandan CRMchiga feysbukni o‘rgatish osonroqdir.
  • Ijtimoiy tarmoq orqasidangina biznes yo‘lga qo‘yish yaramaydi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarni amaldagi haqqoniy biznesning bir unsuri deb hisoblash mumkin.
  • Qachonki, mijozlar o‘zlarini marketing rejalaringizning statistik birligi sifatida his etmay qolganlarida chinakam biznes amalga oshadi. Mijoz o‘zini shaxs sifatida qadrlashlarini his etishi muhim. Unga “xaridorlarning biri” deb emas, inson sifatida hurmatlashlari muhim.

Dinora Do‘ltayeva blogidan olib o‘zbekchalashtirildi