Bilasizmi?

Pensiya yoshini oshirish taklif etilmoqda

QHTBT portalida prezidentning «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini yanada isloh qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, kelajakda pensiya tizimining muvozanatiga quyidagi bir qator omillar salbiy ta’sir etishi mumkin:

birinchidan,badallarni to‘lovchilarning pensiya oluvchilarga nisbatan ancha kamligi pensiya tizimining barqarorligi mezonini ta’minlashga ta’sir ko‘rsatadi, buning oqibatida mehnatga layoqatli aholining 60 foizdan ko‘prog‘i ijtimoiy sug‘uta tizimi bilan qamrab olinmay qoladi;

ikkinchidan, pensiya ta’minotining rag‘batlatlantiruvchi va shaffof mexanizmlari yo‘qligi pensiya miqdori va to‘lanayotgan ijtimoiy ajratmalar summasi o‘rtasidagi bog‘liqlikning zaiflashuviga olib keldi;

uchinchidan, pensiya yoshidagi shaxslar ulushi ortib borayotganligi kuzatilmoqda, oxirgi davrlarda yoshga doir tayinlangan pensiyalar soni bir yilda 200 mingtadan ortdi;

to‘rtinchidan, sovet davrida belgilangan pensiyaga chiqish huquqini beruvchi yosh, jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlik va uzoq umr ko‘rish yoshining ortishi natijasida boshqa davlatlarga nisbatan eng past bo‘lib qolmoqda.

Shu munosabat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh etish konsepsiyasini ma’qullash taklif etilmoqda:

birinchidan, quyidagi yo‘llar bilan fuqarolarning ijtimoiy sug‘urta tizimida ishtirok etishini rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish:

pensiyani hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining cheklangan miqdorini EKIHning 8 barobaridan 10 barobarigacha oshirish, bu tartibni avval tayinlangan pensiyalarga ham tatbiq etishni ko‘zda tutish;

erkaklar uchun 35 yil, ayollar uchun 30 yildan ortiq ish stajining har bir to‘liq yili uchun EKIHning 10 foizi miqdorida pensiyalarga ustamalar to‘lash orqali pensiya miqdorlarini oshirish;

54 yoshidan pensiyaga chiqish huquqi bo‘lgan ayollar umumiy belgilangan yoshda pensiya rasmiylashtirgan taqdirda ularning pensiyalariga EKIHning 10 foizi miqdorida ustama belgilashni joriy etish;

ikkinchidan, quyidagi tarzda ijtimoiy adolatni ta’minlash chora-tadbirlarini:

barcha ishlovchi pensionerlarga mehnat faoliyati davrida pensiya to‘lovlarini to‘liq olish huquqini berish;

zarur mehnat stajiga ega bo‘lmagan keksalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga to‘lanayotgan nafaqa miqdorida III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa tayinlash mexanizimini joriy etish;

qariyalar uyi (pansionat)da yashovchi yolg‘iz pensionerlar va nogironlarga tayinlangan pensiya miqdorining 50 foizi to‘lash huquqini belgilash;

uchinchidan, quyidagilar vositasida, shu jumladan jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti tizimida fuqarolarning ixtiyoriy ishtirok etishini rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlarni qo‘llash:

pensiya yoshiga yetgan, biroq zarur mehnat stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga pensiya hisoblashda har bir yetishmayotgan oy (davr) uchun eng kam oylik ish haqi miqdorida sug‘urta badallarini to‘lash huquqini berish;

ishlovchi shaxslarga mehnatga haq to‘lash ko‘rinishidagi daromadlari hisobidan ishlamayotgan oila a’zolari uchun ixtiyoriy ravishda har bir oy uchun eng kam oylik ish haqi miqdorida qo‘shimcha sug‘urta badallari to‘lash huquqini berish;

jismoniy shaxsning jamg‘arib boriladigan hisobraqamiga o‘tkazib boriladigan mablag‘lar hisobidan jozibador oraliq bonusli pullik to‘lovlar sxemalarini qo‘llash;

to‘rtinchidan, quyidagilarni nazarda tutadigan pensiya ta’minoti tizimini shakllantirish:

pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal stajni 2020 yildan boshlab bosqichma-bosqich bir yildan oshirib, uni 10 yilga yetkazish;

xalqaro amaliyotni chuqur o‘rgangan hamda MDH mamlakatlari tajribasini tahlil qilgan holda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish.

Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini yanada isloh etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va o‘rganish bo‘yicha ishchi komissiya tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Ishchi komissiya:

alohida toifadagi fuqarolarning pensiyalariga qo‘shimcha haqlar va asossiz ustamalar, samarasiz imtiyozlar bo‘yicha takliflar kiritishi;

pensiya va ijtimoiy nafaqlarni hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy qilish bo‘yicha takliflar kiritishi;

yangi tahrirdagi «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonun loyihasi ishlab chiqilishini ta’minlashi;

pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lashda ilg‘or axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi zarur.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi:

AT Xalq banki bilan birgalikda 2018 yilning oxiriga qadar pensiya va ijtimoiy nafaqalarni yetkazib berishda innovatsion interaktiv xizmatlarni joriy qilishi, shu jumladan pensiya va nafaqa oluvchilarning autentifikatsiyasini ta’minlovchi mobil va kontaktsiz texnologiyalarni joriy etishi;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 iyuliga qadar server uskunalarini xarid qilish hamda pensiya va ijtimoiy nafaqalarning avtomatlashtirilgan hisobini yuritish, ularni tayinlash va to‘lash bo‘yicha dasturiy kompleksning yangi versiyasini joriy etish choralarini ko‘rishi nazarda tutilgan.

Loyiha rad etilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.