Muqaddas Islom dini an’analariga ko‘ra, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Yaratganning habibi, sevgilisi, yaratilgan butun insoniyatning va boshqa maxluqotning har taraflama eng yuksagidir.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning odatlari, aytgan so‘zlari va yetkazgan xabarlariga asrlar osha musulmon xalqlari tomonidan turmush tarzining muhim qoidalari, namunasi sifatida amal qilib kelinmoqda.
Bu amallar insonlarga nafaqat ma’naviy-axloqiy, shuningdek jismoniy naf keltirmoqdaki, ularning sog‘lik va salomatligimizdagi o‘rni xalqaro ilm ahli, zamonamizning yetuk olimlari tomonidan hayrat bilan e’tirof etilmoqda. Quyida e’tiboringizga Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning ilm-fan e’tirof etgan 10 ta fazilat va odatlarini bayon qilamiz.
- Erta turmoqlik:
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) erta yotib, azonda, Bomdod namozi vaqtida uyg‘onishni odat qilganlar. Bugungi ilm ham erta turish kun va hayotning samarali o‘tishini, bu insonni ruhiy va jismoniy salomatligiga foydali ekanini e’tirof etdi.
Har kuni 15 daqiqa oldin uyg‘onish ham bir oyda ancha-muncha foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lish uchun zamin yaratadi. Bugun jahoninng eng badavlat insonlari ham muvaffaqiyatlari sirini erta turish bilan izohlashmoqda.
- Kamroq yemoqlik:
"Odam farzandlari uchun o‘z oshqozonini to‘ldirishdan ham yomonroq odat yo‘q. Odam bolalarining tirik qolishlari uchun bir necha bo‘lak ozuqa kifoya qiladi. O‘z taomining uchdan biri, ichimligining uchdan biri va olayotgan nafasining uchdan biriga ham qanoat qilsa bo‘ladi." (Imom Termiziy rivoyati)
Kam taom iste’mol qilish kasallik va betoblikdan xalos bo‘lishning eng yaxshi yo‘l ekanligi Payg‘ambarimiz (alayhissalom) tomonidan ko‘p aytilgan va bunga amal qilingan. Bu qarash esa yaqinda ham ilm tomonidan isbotlangan. Xususan yaponiyalik olimlar uzoq yashash uchun juda to‘yib ovqatlanmaslik, to‘yganlik darajasi 80 foizdan oshmasligini aytishadi.
- Sekin ovqatlanmoqlik:
Bugungi ilm inson miyasiga to‘yganligi haqida xabar ovqatlangach 20 daqiqadan so‘ng kelishini aytadi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ham shoshmasdan ovqatlanishni odat qilganlar. Bu esa tanaga ovqatni yaxshi hazm qilish, kamroq taom iste’mol qilib, ortiqcha badhazmliklarning oldini olishga xizmat qilgan. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bu odatni boshqalarga ham ko‘p marotaba tavsiya qilganlar.
- Taomni boshqalarga ham ilinmoqlik
Bu odat fazilatlarning eng go‘zali ekani, shubhasizdir. "Yakka-yolg‘iz emas, jam bo‘lib, birgalikda ovqatlanishni odat qiling." (Imom Termiziy)
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) barchani taomni boshqalarga ham ilinishga chaqirganlar. Bugungi ilmning e’tirof etishicha, qo‘ni-qo‘shni va atrofdagilarga taom ulashmoqlik insonni tushkunlik holatidan forig‘ qilar, oilaviy hamda o‘zaro munosabatlarni mustahkamlar ekan. Ayniqsa, ota-onalarning farzandlari bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib ovqatlanishi juda foydali tarbiya vositasi ekan.
- Suvni kam-kam ichmoqlik:
"Tuya misoli suvning borini bir ho‘plashda ichmang. Suvni shoshmasdan, 2-3 qultumda iching. Suvni ichishdan avval bismilloh deb, ichayotgan chog‘ingizda Allohga shukur qiling. Suvni ichib bo‘lgach, Alhamdulillah deyishga odatlaning." (Imom Termiziy rivoyati)
Bugungi ilmning aytishicha, bir vaqtning yoki qisqa vaqt ichida ko‘p suv ichish tanada bosh og‘rig‘i, qon bosimi muvozanatining buzilishi, bosh aylanishini keltirib chiqaradi. Shu sababli, suvni shoshmasdan va kam-kam ichishga odatlaning.
- Anor iste’mol qilmoqlik:
"Anor va uning po‘stlog‘i ovqat hazm qilishni yaxshilaydi." (Abu Nuaym rivoyati)
Anorning foydali xususiyatlari Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning tavsiyalaridan so‘ng bir necha asrlar o‘tib ilmda ham isbotini topdi. Bir muddat avval zamona olimlari anorni sayyoramizdagi eng foydali meva deya e’tirof etishdi. Ayniqsa, yurak faoliyatida uning nafi juda ko‘p.
Anor tarkibida 15 turdagi aminokislota uchraydi va shundan 5 tasi boshqa joyda uchramaydigan aminokislotalar hisoblanadi. Shuningdek ushbu meva K, C, B9 va B6 vitaminlariga hamda kaliy, asal, marganets va fosfor minerallariga juda boy.
Anor tarkibidagi K vitamini esa suyak to‘qimalarini birlashtirishda asosiy rol o‘ynaydigan modda hisoblanadi. Bu vitamin asosan kalsiy elementidan tarkib topgan. Bundan tashqari anor suvi tashqi yallig‘lanishlarning bitishiga ham yordam berishi mumkin.
Anor sharbati tishdagi muammolarni bartaraf qilishda ham qo‘l keladi. Uning og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriya va viruslarga qarshi kurashish xususiyati mavjud.
Anor tarkibidagi moddalar inson tanasida rakni keltirib chiquvchi estragon va ellagotaninlar rivojlanishining oldini oladi.
- Ro‘za tutmoqlik:
"Allohning elchisi (Unga Allohning rahmati bo‘lsin) haftaning dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutmoqlikni odat qilgan edi." (Al-Nasafiy rivoyati)
"Agar oyning biror kunida ro‘za tutmoqlikni ixtiyor qilsangiz, oyning 13-, 14-, hamda 15-kunlari eng yaxshisidir." (Al-Nasafiy rivoyati)
So‘nggi ilmiy izlanishlar ovqatni iste’mol qilish vaqtlari ham salomatlikka daxldor ekanini ko‘rsatmoqda. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) muntazam ro‘za tutganlar.
Ilmda ma’lum qilinishicha, ro‘za tanadagi gormonlarni me’yorida saqlash, tushkunlikka tushish, tana a’zolaridagi yallig‘lanishning oldini olar ekan. Tanaga ovqatning me’yorida va ayni kerak mahalda tushishi unga hazm uchun kamroq vaqt sarflashi va asosiy e’tiborni tanani salomat ushlashga qaratishiga xizmat qilar ekan.
- Xurmo iste’mol qilmoqlik:
"Allohning elchisi (Unga Allohning rahmati bo‘lsin) ro‘zasini namozdan avval xurmo mevasi bilan ochishni odat qilgan edi." (Sunon Abu Dovud rivoyati)
Xurmoning qondagi qand miqdorini me’yorida ushlashi, qon tarkibini boyitishi, oshqozonni ovqatni hazm qilishga tayyorlashi haqidagi ilmiy isbotlarning e’lon qilingani u qadar ham ko‘p bo‘lgani yo‘q.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) homilador ayollarga ham xurmo iste’mol qilishni tavsiya qilganlar. Xurmoning tanadagi zaharli moddalarga qarshi kurashishi ham ilmiy isbotlangan.
- Qorin bilan yotmaslik:
"Allohning elchisi (Unga Allohning rahmati bo‘lsin) mehmonlaridan xabar olish maqsadida oldimizga keldilar va menga qornim ustiga yotmaslikni, bu usulda yotadiganlardan Alloh nafratlanishini aytdilar." (Imom Termiziy rivoyati)
Bugun shifokorlar ham kattalarga va bolalarga qoricha yotishning zararli ekanligini ta’kidlashmoqda. Buning ichki a’zolar va umurtqaga zararli ekani isbotlangan.
- Jismoniy faol bo‘lishlik:
Islomda ovoz va tananing salomatligiga muhim e’tibor qaratilgan. Buning esa bevosita harakat bilan bog‘liqligi ham aytiladi. 5 vaqt namozning o‘qilishi tanadagi muskul va bo‘g‘inlarning kundalik faoliyat ehtiyojiga xizmat qilar ekan.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ota-onalarga ham farzandlarini ish bilan chiniqtirib, jismoniy faol qilib voyaga yetkazishni maslahat berganlar.
"Bolalaringizga suzishni, kamonbozlik va otda chopishni o‘rgating." (Imom Buxoriy)
Yuqoridagi barcha fazilatlar hayotni yanada samarali yashashimizga yordam beradi. Doimo sog‘lik-salomatlik hamrohingiz bo‘lsin!