Bilasizmi?

Paxta va don yetishtirish qanday moliyalashtiriladi?

Vazirlar Mahkamasining 12.07.2018 yildagi 533-son qarori bilan qayta tuzilgan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, shuningdek uning ishchi organlari – Jamg‘arma kengashi va Departamentning faoliyat yuritish tartibi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi mazkur Jamg‘armaga aylantirildi hamda u barcha huquqlar, majburiyatlar va shartnomalar bo‘yicha huquqiy voris bo‘lgan holda Moliya vazirligi tasarrufiga berildi.

Norma’ning yozishicha, jamg‘arma respublikada paxta va g‘alla yetishtirish, qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berilishini moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘armaning mablag‘lari manbalari o‘zgarmadi.

Jamg‘arma paxta, g‘alla yetishtirish, xarid qilish va qishloq xo‘jaligi texnikasi imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berilishini moliyalashtirish bo‘yicha faoliyatini moliya va tijorat agentlari: «Agrobank» ATB, «O‘zpaxtasanoat» AJ, «O‘zdonmahsulot» AJ, «O‘zagrolizing» AJ, «O‘zmashlizing» MChJ bilan hamkorlikda amalga oshiradi.

Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari tomonidan yetishtiriladigan paxta xomashyosini yetishtirishni moliyalashtirish bo‘yicha Hukumat qarorlarida belgilangan tijorat banklari moliya agenti hisoblanadi.

Jamg‘arma mablag‘laridan qay tarzda maqsadli foydalaniladi

Jamg‘arma mablag‘lari maxsus ochiladigan maqsadli hisobvaraq orqali, Jamg‘arma va moliya, tijorat agentlari o‘rtasida tuzilgan Bosh kelishuv asosida agentlarga ajratiladi.

O‘z navbatida, ushbu hisobvaraqdan foydalanib:

• moliya agentlari Jamg‘armaning maqsadli mablag‘larini paxta va g‘alla hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiradilar; • xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilariga paxta hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun mablag‘larni yo‘naltiradilar; • tijorat agentlari moliya agenti orqali olingan mablag‘larni xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari orqali tayyorlov tashkilotlariga yo‘naltiradilar; • tayyorlov tashkilotlari kelib tushgan mablag‘lardan qishloq xo‘jaligi tashkilotlaridan xarid qilinadigan mahsulot uchun hisob-kitob qilish maqsadida foydalanadilar; • «O‘zagrolizing» AJ va «O‘zmashlizing» MChJ kelib tushgan mablag‘lardan zamonaviy, yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berilishini rag‘batlantirishda foydalanadi.

Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli sarflanishi, to‘lovlar va hisoblar to‘liq hamda o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan nazorat qiladi.

Departament xodimlarini rag‘batlantirish tartibi aniqlashtirildi

Ilgarigidek, Jamg‘arma kengashi uning yuqori organi hisoblanadi, uning tarkibiga Bosh vazir o‘rinbosarlari, iqtisodiyot, moliya, qishloq xo‘jaligi vazirlari va boshqalar kiradi.

Jamg‘armani boshqarish direktor rahbarlik qiladigan Departament zimmasiga yuklatilgan.

Departament xodimlariga ko‘p yillik xizmatlari uchun lavozim maoshiga yillik ustama koeffitsiyentlari miqdorlari aniqlashtirildi:

• 3 yildan 5 yilgacha – 0,6; • 5 yildan 10 yilgacha – 0,8; • 10 yildan 15 yilgacha – 1,0; • 15 yildan ortiq – 2,5.

Shuningdek Departament xodimlariga mukofotlar hamda yo‘l transporti, ovqatlanish va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib olish xarajatlariga qo‘shimcha to‘lovlarning eng yuqori miqdori belgilandi. Ushbu to‘lovlar lavozim maoshining 4 baravaridan oshmasligi kerak.

Choraklik va yil yakuni bo‘yicha to‘lovlar miqdori xodimlarning ish ko‘rsatkichlari samaradorligiga qarab belgilanadi.

Xodimlarning ish ko‘rsatkichlari samaradorligi:

• Jamg‘arma mablag‘lari o‘z vaqtida tushishini ta’minlashga; • maqsadli ajratilgan mablag‘larga hisoblangan foizlar belgilangan muddatlarda va to‘liq miqdorda undirishga; • moliya va tijorat agentlarining Jamg‘arma oldidagi muddati o‘tgan qarzdorliklarini qisqartirishga qo‘shgan hissasiga qarab baholanadi.

Departament xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va sog‘lig‘ini tiklash maqsadida sanatoriy-kurort davolanishiga, to‘y va ma’raka tadbirlari uchun moddiy yordam puli ham to‘lanadi.

Hujjat 16.07.2018 yildan kuchga kirdi.