Bilasizmi?

O‘zbekistondagi xonadonlar qo‘riqlash uskunalari bilan tekinga jihozlanadi

O‘zbekiston IIV qarori bilan respublikadagi barcha ob’yektlar qo‘riqlash tizimimiz qo‘riqloviga olinadi, dedi chorshanba kuni o‘tkazilgan brifing davomida O‘zbekiston IIV rahbari o‘rinbosari polkovnik Akramxon Boboxonov. 

"Kuni kecha prezidentimiz qarori bilan "Xavfsiz xonadon" konsepsiyasi qabul qilindi. Bu konsepsiyaning asosiy g‘oyasi respublikadagi yakka tartibdagi uy-joylar, savdo ob’yektlari va boshqa ob’yektlarni maksimal darajada qo‘riqlov tizimiga qamrovga olish", - dedi Sputnik muxbiriga Boboxonov.

IIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda turli mulkiy jinoyatlarning oldini olish maqsadida 229 mingdan ziyod videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha 25 mingdan ziyod xonadonlar va 13 mingdan ortiq tadbirkorlik ob’yektlari qo‘riqlash tizimiga ulanib, qo‘riqlanmoqda.

2022 yilgacha esa "Xavfsiz xonadon" konsepsiyasi asosida Toshkent shahrida o‘rnatilgan innovatsion qo‘riqlash tizimi respublika bo‘yicha joriy etiladi.

Qo‘riqlash xizmati xonadonlarga qo‘riqlash uchun o‘rnatiladigan vositalarni tekinga ajratish va tekinga o‘rnatish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida joylashgan Xalqaro Press Klub tashabbusi bilan ilk marotaba O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari rahbarlari bir vaqtda, bitta safda qo‘shma matbuot-anjumanida ishtirok etishdi.