Oyoqning terlashi ko‘pgina noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Nohush hid chiqarishi faqatgina o‘zingizni emas, atrofdagilarning ham asabiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu kabi muammolardan qutulish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qilib ko‘ring.
Oyog‘ingizni antibakterial sovun bilan kuniga ikki mahal — ertalab va kechqurun albatta yuving. So‘ngra ularni sochiq yordamida yaxshilab arting. Gigiyena qoidalariga rioya etish oyoq terlashini yo‘qotishda eng asosiy omildir.
Oyoqlarni margansovka bilan yuvish ham mumkin. Ushbu vosita ham oyoqdagi nohush hidni yo‘qotisha yordam beradi.
Maxsus bakteriya va zamburug‘larga qarshi dezodarantdan foydalaning. Shuningdek, antiperspirant, talk yoki bolalar badaniga sepiladigan maxsus kukundan ham foydalanishingiz mumkin.
Oyoq terlashiga qarshi maxsus krem yoki mentol va kamforali geldan foydalanish ham yordam beradi.
Har kuni paypoqlarni almashtiring. Ular albatta toza bo‘lishi lozim. Sun’iy (sintetik) maxsulotlar mumkin emas, faqatgina tabiiy xom ashyolardan tayyorlangan paypoqlar va oyoq kiyimlaridan foydalaning.
Tufli (krossovka)dagi nohush hidni ketkazish uchun uni poliyetilin paketga joylab, zich qilib yoping va muzlatkichning muzxonasiga solib qo‘ying. Ertalabgacha undagi hid yo‘qolib, o‘rnini muz musaffoligi egallaydi. ☺
Oyoq kiyim tanlashda havo o‘tkazuvchan ekanligiga amin bo‘ling. Shuningdek, oyoq kiyimlarini tashqi tomondan ham, ichki tomondan ham tozalab yurishni kanda qilmang. Patagini har oyda bir marta almashtirib turing.
Oyoq kiyimni yechgandan so‘ng uning ichiga seolit qadog‘i yoki kedr, archa payraxasi solingan xaltachani solib qo‘ying.
Oyoq terlashidan xalos bo‘lishga yordamlashuvchi maxsus vanna qabul qiling. Bunin uchun maxsus dorivor o‘simliklarning ikki osh qoshig‘ini 3 litr suvga soling va unga oyog‘ingizni 15-20 daqiqa botirib turing. Quyida ana shunday dorivor giyohlardan iborat bir qancha damlamalarni keltirib o‘tamiz:
- ikki stakan qaynoq suvga uch osh qoshiq quruq marvak (shalfey) soling va sovugunga qadar qoldiring.
- maxsus idishga 3 osh qoshiq miqdoridagi quritilgan eman (dub) daraxti po‘stlog‘ini soling va ustidan uch stakan qaynoq suv quying. Aralashmani 2-3 daqiqa tindiring.
- 4 osh qoshiq tuyilgan qirqbo‘g‘in bargi ustiga 4 stakan qaynoq suv quying va 5 daqiqa davomida tindirib qo‘ying.
- Oyoq uchun vanna tayyorlashda zig‘ir urug‘i, qora choy damlamasi, limon po‘stlog‘i, dengiz tuzi, asal, namatak barglari, qizilpoycha (zveroboy), yalpiz, qichitqi (gazanda) o‘ti va boshqa dorivor giyohlardan ham foydalanish mumkin.
Yana bir usuldan tunda foydalanish mumkin. Buning uchun yanchilgan eman (dub) daraxti po‘stlog‘i yoki boshqa biror dorivor giyohni paypoq uchiga solib, uni kiyib uxlash kerak.
Shuningdek, oyoqlarga lavanda (havorang yoki binafsharang gulli, xushbo‘y, doim yashil o‘simlik) moyini surtib, toza paxtali paypoq kiyib uxlash yordam beradi.
Oyoqning kuchli terlashi biror infeksiya asorati bo‘lishi mumkinligini hisobga olib, shifokor ko‘rigidan o‘tish maqsadga muvofiq.