Salomatlik

Oyoq ostidagi noxushlik

Oyoq inson tanasining eng muhim a’zolaridan biri hisoblanadi. Shu boisdan ham uning sog‘lom va bardam bo‘lishiga g‘oyatda e’tiborli bo‘lish zarur. Tibbiyotda oyoq bilan bog‘liq muammolar anchagina bo‘lib, shulardan biri oyoqlarning tez-tez terlashidir. Asosan erkaklarda, va yoz oylarida ko‘p uchraydigan ushbu holat nainki kishining o‘ziga, balki atrofidagilarga ham noxushlik tug‘diradi.
Oyoq nega terlaydi? Tibbiyot mutaxassislari oyoq terlashiga quyidagi holatlarni sabab qilib ko‘rsatishadi:
  1. Yopiq poyabzal, mavsumga mos bo‘lmagan, sun’iy toladan to‘qilgan paypoqlar. Oyoqlarni noto‘g‘ri parvarish qilish, bee’tiborlik.
  2. Ortiqcha hayajonlanish, ruxiy zo‘riqish.
  3. Og‘ir jismoniy mehnat, mushaklarning zo‘riqishi.
  4. Tovonlardagi terizamburug‘ kasalliklari (bunda barmoqlar orasidagi teri qavati qurib, yoriqlar paydo bo‘ladi, natijada bu joylar qattiq achishib qichiydi, noxush hid va terlashni keltirib chiqaradi).
Oyoqlarning parvarishi. Oyoqlar bilan bog‘liq muammo yuzaga kelmasligi uchun har kuni ertalab va kechqurun sovuq suvda sovunlab yuvish, keyin sochiq bilan artib quritish kerak. Ertalab oyoqlarni yuvgandan keyin barmoqlar orasiga talk, dezodorant yoki antiperspirant bilan ishlov berish lozim. Shuningdek, dorixonalarda bakteriyalar va zamburug‘ kasalliklariga qarshi maxsus vositalar ham sotiladi. Ulardan aks ta’sirlari bilan tanishgan xolda, foydalanish tavsiya etiladi. Shuni unutmaslik kerakki, bunday vositalar faqat toza, quruq oyoqlarga surtilishi lozim. Aks holda, oyoqlar yanada kuchliroq terlaydi va noxush hid taratadi. Agar bu usullar samara bermasa, demak, oyoq terlashi tanadagi boshqa kasalliklar bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Bunday holatda dermatologga murojaat qilish kerak. Xech qachon oyoqlaringizning haddan tashqari terlashidan shikoyat qilishdan tortinmang. Bu dermatolog uchun oddiy hol va u sizning ushbu noxushlikdan xalos bo‘lishingizga yordam beradi.
Xalq tabobatidan:
  1. 50-100 gramm eman po‘stlog‘ini bir litr suvga solib, 20-30 daqiqa mobaynida past olovda qaynatish lozim. Bir hafta davomida oyoqni ana shu qaynatmaning bug‘iga tutish talab etiladi.
  2. Bir choy qoshiq osh tuzi 1 stakan qaynoq suvga aralashtiriladi, biroz sovigach, unda oyoqlar chayiladi. Keyin oyoqlarni sovuq suvda yuvib tashlash lozim.
  3. 20 dona lavr yaprog‘i 3 litr qaynab turgan suvga tashlanadi. Damlama biroz sovigach, uyqudan 15 daqiqa avval oyoqlarni bug‘lab o‘tirish foyda beradi.
Shuni unutmaslik kerakki, oyoq terisini parvarishlashga faqat yoz oylarida emas, yil davomida ham diqqatni jalb etmoq zarur.
Manba: Beka.Uz