Bilasizmi?

OTB O‘zbekistonda bog‘dorchilik va sabzavotchilikni qo‘llab-quvvatlash uchun 198 mln dollar kredit ajratdi

Osiyo taraqqiyot banki  O‘zbekistonda bog‘dorchilik va sabzavotchilik sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun 198 million AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha kredit berish rejasini ma’qulladi.

OTB saytida ma’lum qilinishicha, bu qaror 15 iyun kuni qabul qilingan va qo‘shimcha kreditni O‘zbekistonning 12 viloyatidagi meva-sabzavot ishlab chiqarish tarmoqlariga taqsimlash ko‘zda tutilmoqda.

"Endioikda bog‘dorchilik va sabzavotchilik bilan shug‘ullanayotgan dehqonlar hamda ishlab chiqarish va mahsulotlarni sotish zanjiriga birikkan korxonalarning ko‘pchiligi uzoq muddatli kreditlarni olishi mumkin", deya bayonot berdi bankining Markaziy va G‘arbiy Osiyo mamlakatlari bilan ishlovchi departamenti rasmiysi Bui Minx Jiap.

Qo‘shimcha kredit OTB bilan hamkorlikda ishlayotgan 7 bank Asaka, Davr-bank, Ipak yo‘li, Ipoteka bank, Milliy bank, Turonbank va O‘zsanoatqurilishbank orqali dehqonlarga berilishi aytilgan.

Kreditni meva va sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportga hozirlashga yo‘nalgan fermerlik hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar olishi mumkin.

Osiyo taraqqiyot banki 2016 yilda ayni soha uchun 154 million dollarlik kredit ajratgan edi.